O‘zbekiston | 07:30 / 26.08.2023
8600
2 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva AQSh senatori Geri Piters bilan uchrashdi

Suhbatda O‘zbekiston va AQSh parlamentlararo munosabatlari muhokama qilindi.

Foto: Senat.uz

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 25 avgust kuni AQSh Kongressi Senati a’zosi, senator-demokrat Geri Pitersni qabul qildi.

Suhbatda O‘zbekiston-AQSh hamkorligining keng doirasi xususan, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, mehnat munosabatlari, gender tengligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda parlamentlararo muloqot muhim o‘rin tutishi, O‘zbekiston Oliy Majlisi parlamentlararo guruhining AQSh Kongressi bilan hamkorlik bo‘yicha muloqoti hamda AQSh Kongressidagi «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» faoliyati siyosiy va iqtisodiy sohalarda O‘zbekiston-Amerika munosabatlarini tizimli rivojlantirishning va parlament diplomatiyasi vositasida muhim masalalarni hal etishning samarali mexanizmiga aylangani alohida e’tirof etildi.

Suhbat davomida iqtisodiy hamkorlik masalalariga ham e’tibor qaratildi. Ikki tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashga tarkibiga 38 ta yetakchi kompaniya kiradigan Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi salmoqli hissa qo‘shayotgani, 2023 yil yanvar-iyul oylarida tovar ayirboshlash hajmi 321,5 million dollarni tashkil etgani ta’kidlandi. Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, mehnat munosabatlari yo‘nalishidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, bunda munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat sohasiga xalqaro standartlarni joriy etish kabi masalalarda doimiy maslahatlashuvlarni olib borishga kelishib olindi.

«Markaziy Osiyo – AQSh» S5+1 formati doirasida 2024 yilda Amerika tomoni (USAID) bilan tadbirkor ayollarning S5+1 formatida o‘tadigan Xalqaro forum, unda tadbirkor ayollarning faol ishtiroki masalalari ham muhokama qilindi.

Shuningdek, inson huquqlarini ta’minlash, e’tiqod va so‘z erkinligi masalalari ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Muloqot so‘ngida tomonlar barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Mavzuga oid