Azamat Sultonov – “Buxoro agro klaster” MChJ rahbari. 2019 yilda klaster faoliyatini boshlagan paytda uning tarkibida 4 ta zavod bo‘lgan. Korxona 10 barobar kengayib, zavodlar soni 40 taga, ishchilar adadi esa 8 mingga yetgan.
“Ham agronom, ham paxta yetishtiruvchi, ham chorvador va bu mahsulotlarni qayta ishlovchiman. Klasterimiz 2019 yilda Vazirlar Mahkamasining 500-sonli qarori bilan tashkil topgan. Klasterlik tashkil qilish prezidentimiz tashabbusi bo‘lgan.
Uch yil ichida katta loyihalarni amalga oshirdik. Birinchisi, kalava ip qilish, uni to‘qish va tayyor mahsulotga aylantirish hamda tayyor kiyim-kechak tikish. Shofirkon, Peshku, G‘ijduvon va Vobkent tumanlarida tikuv fabrikalarimiz bor. Tayyor mahsulotlarimiz ichki bozor va eksportga chiqariladi. Rossiya, Portugaliyaga eksport qilamiz. Yaqinda “Polo” brendi bilan shartnoma qildik. 1 sentabrdan keyin ishimiz boshlanadi, kompaniya bizga o‘z dizayni asosida kiyim buyurtma beradi, biz o‘zimizning matolardan tikib beramiz”.

“Eksportimiz yildan yilga oshib boryapti. Avvaliga 1-2 mln dollarlik mahsulot eksport qilgan bo‘lsak, hozir 20-30 mln dollarga yetdi. Yangi loyihalarimiz bor: Vobkent tumanida ishga tushirilishi reja qilingan 163 mln yevro qiymatidagi loyiha bo‘lib, 7000 kishilik ish o‘rni yaratiladi. Birlamchi mahsulotni qayta ishlab, 30 mln tonna mahsulotni to‘quvdan tortib oxirgi mahsulotgacha prinsipida kiyim-kechak ishlab chiqaramiz. Bu katta kompleks bo‘ladi.

G‘ijduvon tumanida 118 mln yevro qiymatiga teng yangi loyiha – sun’iy tola ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiryapmiz, 62500 tonna sun’iy tola ishlab chiqaramiz
“Inqirozdagi korxonani avtomatlashtirish orqali qutqarganmiz”
Asosan, davlat korxonalarida ishlab kelganman. Butun faoliyatim paxta sanoatida kechgan.
2007 yilda “Buxoro paxtasanoat” AJ raisi o‘rinbosari, 2010 yildan rais lavozimida ishlaganman. Bu davrda bizning korxonamiz moliyaviy jihatdan cho‘kkan, og‘ir holatda edi. Birinchi qilgan ishim avtomatlashtirish bo‘lgan. Shundan keyin Buxoro paxta sanoati tizimida inson omilidan kechildi. Qayerda moddiy javobgar shaxslar bo‘lsa, hammasini dasturga o‘tkazganmiz, ishlarni kompyuter bajargan. Shu bilan bir yil ichida eng qoloq, eng og‘ir tizim eng ilg‘or ko‘rsatkichlarga erishdi. Ikkinchi yildan respublikada moliyaviy holatiga ko‘ra bizga teng keladigan korxona qolmadi. Respublika paxta sanoati uyushmasi ichidagi eng oldi korxonaga aylandi. Bir yilda viloyatda paxta tozalash ishlari uchun 230-240 mlrd so‘m mablag‘ kerak edi, bizning erkin aylanmamiz 880 mlrd so‘mga chiqdi. Biz hech qayerdan pul olmasdan o‘zimizni o‘zimiz ta’minlaydigan holga keldik.






















