O‘zbekiston | 13:43 / 28.08.2023
13662
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning gaz zaxirasi qancha, kuz-qish mavsumiga tayyormizmi? – “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi shu savollarga javob berdi

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga press-tur tashkil qildi. Tadbir davomida jurnalist va blogerlar zamonaviy texnologiya asosida burg‘ilash va raqamlashtirish, shuningdek, “E-KON” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Ommaviy axborot vositalari xodimlari “Sho‘rtan” konidagi 392-quduqni burg‘ilash jarayoni bilan tanishdi. Mazkur quduq “Gazpromneft” kompaniyasi mutaxassislari ko‘magida burg‘ilanmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hamkorlik quduqning qurilish muddatini qirq foizga qisqartiradi.

Mas’ullarga ko‘ra, dastlabki bosqichda “Gazpromneft” aksiyadorlik jamiyati dasturiy ta’minotidan foydalangan holda quduqdagi burg‘ilash ishlari onlayn tarzda nazorat qilinadi. Keyinchalik, bosqichma-bosqich “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli barcha burg‘ilash obektlari “Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi” tomonidan to‘liq nazorat qilinishi ta’minlanadi.

Press-tur ishtirokchilari “E-kon” loyihasi doirasida “Sho‘rtan” konidagi 20, 24-gaz yig‘uv punktlariga tegishli quduqlar ko‘rsatkichlarini onlayn dastur orqali kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

“Ye-kon” loyihasi asosiy to‘rt yo‘nalishda amalga oshiriladi:

– Quduqlarda bosim va harorat o‘lchov vositalarini o‘rnatish;

– Tabiiy gaz sarfini o‘lchash imkonini yaratish maqsadida gaz yig‘uv joylarida Gazni dastlabki tayyorlash qurilmalarini (GDTQ) qurish;

– Dasturiy ta’minot ishlab chiqish va joriy etish;

– “E-kon” tizimini joriy etish doirasida “muhandis-operator” lavozimini yaratish.

Bu jarayonlar qazib chiqarishda inson omili aralashuvini kamaytirib, raqamlashtirish darajasini oshiradi.

Tadbir doirasida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Bahodirjon Siddiqov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qildi.

“Bir vaqtlar gaz zaxiramiz yoki umuman jamiyat faoliyati, juda ko‘plab ma’lumotlar sir saqlangan. Zamon talabi bilan ochiqlikka o‘tildi. O‘z navbatida biz ham xalqimizning, jurnalist va blogerlarning barcha savollariga javob berishga tayyormiz”, – dedi Bahodirjon Siddiqov.

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining istiqbolli rejalari, gaz zaxirasi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari taqdimot qilindi.

Shuningdek, press-tur doirasida jurnalistlar Muborak gazni qayta ishlash zavodida gazdan oltingugurt ajratib olish qurilmasining ham foydalanishga topshirish marosimida ishtirok etdilar.

Ushbu qurilmani ishga tushirish bilan 1-5 tarmoq qurilmalarida birin-ketin ta’mirlash ishlari olib boriladi va kuz-qish mavsumida barqaror va uzluksiz ishlashi ta’minlanadi. Shu bilan birga, yiliga 128 mln metr kub nordon gaz qabul qilish orqali, 72,5 ming tonna gaz tarkibidan oltingugurt ajratib olinadi va yuqori oltingugurtli tabiiy gaz hajmlari qisqarishining oldi olinadi.

Qurilmani foydalanishga topshirish marosimida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Bahodirjon Siddiqov ishtirok etdi va loyihani amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatganlarga minnatdorchilik bildirdi.

Tadbir davomida bir guruh soha fidoyilarining mehnati e’tirof etildi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid