Jahon | 22:11 / 28.08.2023
39838
12 daqiqa o‘qiladi

Prigojin bilan birga yana 9 kishi halok bo‘lgan. Ular haqida nimalar ma’lum?

Tver oblastida qulab tushgan xususiy samolyotda Dmitriy Utkin ham bo‘lgan. «Vagner» XHK aynan uning sharafiga nomlangandi.

Anatoliy Malsev / EPA / Scanpix / LETA

23 avgust kuni Yevgeniy Prigojinning xususiy samolyoti Tver oblastida halokatga uchradi. Natijada bortda bo‘lgan 10 kishining barchasi halok bo‘lgan. Rosaviatsiya bortdagilar ro‘yxatida «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin, uning komandiri Dmitriy Utkin, yana besh nafar vagnerchi hamda ekipajning uch a’zosi keltirilganini ma’lum qilgan. RF tergov qo‘mitasi 27 avgust kuniga kelib halokat joyida topilgan 10 kishining qoldiqlari parvoz ro‘yxatida ko‘rsatilgan odamlarga to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi. BBC rus xizmati, «Meduza» va «Dose» markazi qulagan biznes-jyet bortida bo‘lgan odamlar haqida ma’lumot to‘pladi.

Dmitriy Utkin

Vagner chaqiruv belgisiga ega bo‘lgan Dmitriy Utkin yollanma jangchilarning amaliyotlarida 2013 yildan ishtirok eta boshlagan. Bunga qadar, «Novaya gazeta» nashri ma’lumotiga ko‘ra, u Rossiya mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi (GRU) maxsus vazifali bo‘linmasining (spetsnaz) Pskovdagi 2-alohida brigadasi 700-alohida vazifalar bajaruvchi otryadiga komandirlik qilgan. O‘zining «Vagner» laqabini Utkin Uchinchi reyx mafkurasiga simpatiyasi tufayli tanlagani aytiladi (chunki Hitlerning sevimli kompozitori Rixard Vagnerning «Valkiriyalar parvozi» kompozitsiyasini juda sevardi), u bu chaqiruv belgisini Bosh razvedka boshqarmasining maxsus xizmatida leytenant bo‘lib xizmat qilayotgan chog‘laridayoq olgan. Utkin bilan tanish bo‘lganlar ham jurnalistlarga undagi natsistik qarashlar haqida aytib berishgan.

Armiyadan iste’foga chiqqach, iste’fodagi podpolkovnik jahon okeanining qaroqchilar xavfi bo‘lgan hududlarida dengiz kemalarini qo‘riqlash bilan shug‘ullantiruvchi kadrlar to‘plovchi Moran Security Group’ga ishga kirdi. Bungacha Utkin ikki marta Rossiya savdo kemalarini kuzatib borish uchun Afrikaning suvli hududlariga xizmat safariga borib keladi. Keyinroq unga quruqlikda ham o‘z malakasi bo‘yicha ish topildi.

2013 yil kuzida Utkin boshqa sobiq harbiylar bilan birga Rossiyaning «Slavyan korpusi» yollanma jangchilar guruhi tarkibida prezident Bashar Asad tomonida turib janglarda ishtirok etish uchun Suriyaga yo‘l oladi. 2013 yil oktyabrida u ham tarkibida bo‘lgan kolonna Hums viloyatidagi As-Sahna shahri yaqinida pistirmaga duch keladi va bazo‘r omon qoladi, keyinroq butun korpus Moskvaga qaytariladi. «Slavyan korpusi» rahbarlari Vadim Gusev va Yevgeniy Sidorovga nisbatan RF JKning 359-moddasi («Odamlarni jang uchun yollash») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uch yilga qamaladi. Qolganlar, jumladan, Dmitriy Utkin ham profilaktik suhbatlar bilan qutulib qolishadi.

Shundan keyin Utkin Ukrainaga yo‘l oladi — bu safar o‘z yollanma jangchilari guruhi rahbari sifatida. Bu otryadga Vagner guruhi deb nom berilgandi. «Slavyan korpusi» faxriylarini 2014 yil bahorida avvaliga Qrimda, keyin Donbassda uchratishgan, bu yerlarda ular rossiyaparast ayirmachilar safida jang qilgan. «Gazeta.ru» ma’lumotiga ko‘ra, Vagnerning otryadi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «LXR» dala qo‘mondonlaridan bir nechasining o‘ldirilishiga aloqador bo‘lishi mumkin.

RBKning yozishicha, 2015 yilda Vagner o‘z otryadi bilan yana Suriyaga qaytadi, bundan oldinroq esa Krasnodar o‘lkasidagi maxsus jihozlangan bazada tayyorgarlikdan o‘tadi.

Utkin haqida birinchi bor 2016 yil 9 dekabrida jamoatchilikka ma’lum bo‘ladi — shu kuni Kremlning Georgiy zalida Rossiya qahramonlari sharafiga uyushtirilgan tantanali qabulga u ham taklif etilgan, tadbir «Pervyy kanal» tomonidan jonli efirga berilgandi. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Utkin taklif etilganlar safida bo‘lganini tasdiqlab, u «Jasorat ordeni kavaleri» ekanini qayd etgandi.

Vagnerchilarning Putin bilan birga tushgan mashhur surati. Chapdan o‘ngga: Bogatov, Troshev, Putin, Kuznetsov va Utkin. Foto: top-50.ru

2021 yilda mamlakat hududiy yaxlitligiga tajovuz qilganlik uchun Ukrainada Utkinga qarshi ish ochilgan, deyilgan Ukraina Bosh prokuraturasi xabarida. Tergov versiyasiga ko‘ra, u 2014 yil iyulidan 2015 yil martigacha bo‘lgan muddatda «RF Qurolli kuchlari rasmiylari bilan kelishilgan holda va ularning nazorati ostida» Donbassdagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. «2014 yil yanvar-fevral oylarida uning bo‘linmasi Debalsevo yo‘nalishida ATO kuchlariga (aksilterror amaliyoti) qarshi intensiv harbiy harakatlar o‘tkazgan. Janglar vaqtida „Vagner“ otryadi boshlig‘i bevosita 2-armiya korpusiga rahbarlik qilgan RF QK general-leytenantiga bo‘ysungan», — deyilgan xabarda. 

Utkin Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini davomida «Vagner» XHKga qo‘mondonlik qilgan va katta ehtimol bilan o‘zi ham Ukrainada bo‘lgan. 2023 yil iyun oyi boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Utkin hamon ushbu xususiy harbiy kompaniya komandiri edi. Bu uning Prigojinga aloqador bo‘lgan «Razgruzka Vagnera» telegram-kanalida tarqatilgan bayonotidan ma’lum bo‘ladi.

Dmitriy Utkinning iyun oyi oxiridagi muvaffaqiyatsiz isyondagi roli haqida hech qanday ishonchli ma’lumot yo‘q. Ammo, Reuters agentligining «DXR» rahbariyatiga yaqin manbasiga ko‘ra, Moskva tomon yurish qilgan vagnerchilar kolonnasiga aynan Utkin rahbarlik qilgan bo‘lishi mumkin.

Iyul oyida Utkin Prigojin bilan birgalikda Belarusdagi «Vagner» XHK jangchilari qarshisida chiqish qilgan, deb yozadi «Vajniye istorii». Bu Prigojinning muvaffaqiyatsizlikka uchragan isyon va Belarusga «ketgani» haqidagi xabardan keyin ilk bor omma oldida ko‘rinish berishi bo‘lgandi.

Vagnerchilar rahbarlarining chiqishi aks etgan video guruhga aloqador bo‘lgan telegram-kanallarda 19 iyul kuni paydo bo‘ladi. Unda Prigojin xususiy harbiy kompaniya jangchilari Belarus armiyasini «dunyoning ikkinchi armiyasi»ga aylantirishi va qurolli mojaro chiqqan holatda Lukashenko tomonda turib jang qilishini aytadi. U XHK Belarusda ko‘p vaqt qolmasligi, jangchilar Afrika mamlakatlari va Ukraina frontiga qaytishini aytadi.

«Bu yakun emas, bu tez orada amalga oshiriladigan dunyodagi eng katta ishning boshlanishi, — degandi undan keyin chiqish qilgan Utkin. — Xo‘sh, welcome to hell (do‘zaxga xush kelibsiz)».

Valeriy Chekalov

Sankt-Peterburgda Prigojin bilan aloqador kompaniyalarni boshqargan. BBC rus xizmati yozishicha, Chekalovning tanishlari uning telefon raqamini «Valeriy Yevgeniyevich Siriya», «Valeriy Chekalov Konkord Armiya», «Valeriy Yevgenevich Chekalov ot Prigojina» deb saqlab qo‘yishgan. 2011 yildan 2018 yilgacha Chekalov «Kollektiv-Servis» kompaniyasini boshqargan. 2012 yilda u Rossiya mudofaa vazirligining «Voentorg» kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma asosida armiya uchun oziq-ovqat yetkazib berish bo‘yicha pudrat olgan. Shu bilan birga, u Qora dengiz floti joylashgan Sevastopoldagi harbiy oshxonani ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Chekalov 2014 yilda tashkil etilgan «Neva» kompaniyasini boshqargan, uning shu’ba korxonasi «Yevro Polis» edi. «Fontanka»ning yozishicha, 2016 yil dekabr oyida «Yevro Polis» Suriya bilan memorandum imzolagan. Unga ko‘ra kompaniya besh yil mobaynida mamlakatdagi neft inshootlarini jang bilan qaytarib olishi va ularni himoya qilishi kerak edi. Buning evaziga qazib olinadigan neft va gazning 25 foiziga ega chiqishi ko‘zda tutilgan.

Yevgeniy Makaryan

Magnitogorsklik, sobiq uchastka noziri. «Dose»ning yozishicha, «Vagner» XHKga Makaryan 2016 yil martida kelgan. U xususiy harbiy kompaniyaning shturmchi otryadi safida Suriyada jang qilgan va yaralangan. BBC uni Prigojinning qo‘riqchisi deb atagan.

Sergey Propustin

Ukrainlarning «Mirotvorets» bazasiga kiritilgan, u yerda razvedkachi-granatomyotchi va «Vagner» XHK jangarisi deb ko‘rsatilgan. «Dose» ma’lumotiga ko‘ra, ikkinchi chechen urushida qatnashgan. «Vagner»ga 2015 martida qo‘shilgan, ikkinchi razvedkachi-shturmchi otryad safida jang qilgan, Prigojinning ko‘plab qo‘riqchilari shu otryaddan tanlab olingan. BBC uni ham «Vagner» XHK asoschisining qo‘riqchisi deb atagan.

Aleksandr Totmin

U ham «Mirotvorets» ro‘yxatiga kiritilgan. Qachondan Prigojinga ishlay boshlagani noma’lum, ammo 2022 yilda Peterburgda yashagan. Tanishlari uning raqamini «Sanya Rabota Chvk», «Totmin Sanya Kontora Piter» va «Aleksandr W» deb saqlashgan. 2012 yil avgustida Oltoy o‘lkasi sudida unga birovning mulkida joylashgan hammomdan elektr arra o‘g‘irlagani uchun 300 soatlik majburiy ish tayinlangan, 2014 yil sentabrda esa u mashina o‘g‘irlagani uchun ikki yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilingan.

Nikolay Matuseyev

«Dose» gap 2017 yil yanvaridan buyon «Vagner» safida xizmat qilgan Nikolaye Matusevich haqida borayotganini taxmin qiladi. U Suriyadagi to‘rtinchi shturm otryadida o‘qchi bo‘lgan.

Rustam Karimov

Rustam Karimov

29 yosh, ikkinchi pilot, rafiqasi bilan Permda yashagan. 2014 yilda Ryazan oblastidagi Sasovo aviatsiya maktabini tamomlagan. Karimovning otasi aytishicha, Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan so‘ng o‘g‘li ishsiz qolgan, u halokatga uchragan samolyotga egalik qiluvchi «MNT-Aero» kompaniyasiga uch oy oldin ishga kirgan, shundan so‘ng Sankt-Peterburgga ko‘chib o‘tgandi.

Aleksey Levshin

Samolyot komandiri. Uning qizi Anastasiya RBK nashriga Levshin Prigojin bilan uzoq yillardan beri ishlab kelganini aytdi, ammo qanday ish ekani haqida batafsil ma’lumot bermadi. BBC yozishicha, 2018 yilda Levshin «Vesti Novosibirsk» telekanalida berilgan syujyet qahramoni bo‘lgan, syujyetda uni Su-34 ekipaji navigatori deb atashgan.

Kristina Raspopova

Styuardessa, 39 yoshda, Qozog‘istonda tug‘ilgan. 74.ru ma’lumotiga ko‘ra, Raspopovaning ukasi Chelyabinsk oblasti Yemanjyelinsk shahri prokurori o‘rinbosari. Raspopova Moskva moliya-yuridik universitetida o‘qigan, bir muddat Yekaterinburgda yashagan, keyin Moskvaga ko‘chib o‘tgan. Baza telegram-kanali yozishicha, «MNT-Aero»ga ishga kirganidan keyin Raspopova Moskvadan Sankt-Peterburgga ko‘chib o‘tgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga qaraganda, u tez-tez sayohat qilgan, u Yamayka, Singapur, Avstriya va boshqa mamlakatlardan fotosuratlarini joylagan. Ilgari Raspopova Prigojinning samolyotiga o‘xshash, bort raqami RA-02857 bo‘lgan, Vnukovo aeroportida turgan Embraer Legacy biznes-jyetda uchgan. Baza manbasiga ko‘ra, Prigojin samolyoti uchishidan bir necha soat oldin qiz oilasi a’zolariga ularning reysi qandaydir sababga ko‘ra kechiktirilganini aytgan.

Mavzuga oid