Sport | 21:11 / 30.08.2023
26464
13 daqiqa o‘qiladi

Yevropada transferlar oynasining so‘nggi kunlari. Dedlayngacha klubini o‘zgartirishi kutilayotgan 10 yulduz futbolchi

1 sentabr kuni Yevropaning yirik ligalarida yangi transferlarni ro‘yxatga olish to‘xtatiladi.

Romelu Lukaku, 30 yosh

  • Qayerdan: «Chelsi»
  • Qayerga: «Roma»

Belgiyalik forvard hamon «Chelsi» a’zosi ekaniga ishonish qiyin, klub unga ancha vaqtdan buyon yangi klub qidirmoqda. «Inter» Chempionlar ligasi finali antiqahramonini yana ijaraga olishni istamadi, transferlar oynasi oxirida esa Italiya chempionatidan boshqa bir talabgor paydo bo‘ldi.

Belgiyalik futbolchining xarakteri murakkab, ammo Joze Mourinio uni qanday o‘ynatishni biladi, portugaliyalik murabbiy bungacha Lukaku bilan ikki bor ishlagan — «Chelsi» va «Manchester Yunayted» klublarida. Romeluning o‘zi faoliyatiga impuls kerakligini tushunib turibdi va hatto maoshi kamayishiga ham rozi. Vaziyat «Roma» uchun ham qulay, chunki Lukakuni katta pulga xarid qilmasdan, faqat bir yil muddatga ijaraga olish mumkin.

Benjamen Pavar, 27 yosh

  • Qayerdan: «Bavariya»
  • Qayerga: «Inter»

Rossiyadagi jahon chempionatining eng chiroyli goli muallifi va g‘olibi qit’aning eng kuchli himoyachilaridan biri bo‘lib qolmoqda. «Bavariya»da so‘nggi vaqtlarda Pavar o‘sishdan to‘xtab qoldi va yangi chaqiriqqa ehtiyoj sezmoqda. «Inter»ning qiziqishidan xabar topgan fransuz futbolchi myunxenliklar jamoasining bir necha mashg‘ulotlarini ham o‘tkazib yubordi.

Pavar uchun bu transfer ortga qadamdek ko‘rinishi ham mumkin, chunki «Inter» «Bavariya» kabi istalgan turnirda g‘oliblikka asosiy favoritlar qatorida ko‘riladigan jamoa emas. Neradzurrilar tarkibi ham hozirda u qadar kuchli ko‘rinmaydi. Ammo milanliklar bu transferdan rozi — Pavar allaqachon Italiyaga uchib kelgan va tibbiy ko‘rikda o‘tgan, «Bavariya» esa himoyachisi uchun 30 million yevro oladi, yana 2 million yevro miqdorida bonuslar to‘lab berilishi mumkin.

Rayan Gravenberh, 21 yosh

  • Qayerdan: «Bavariya»
  • Qayerga: «Manchester Yunayted», «Liverpul»

Gravenberh — «Ayaks» akademiyasining so‘nggi yillardagi eng iste’dodli tarbiyalanuvchilaridan biri. Niderlandiyalik futbolchining bir yil muqaddam «Bavariya»ga o‘tishi faoliyatidagi mantiqiy qadamdek ko‘ringandi, ammo mavsum davomida Rayan rotatsiya futbolchisi maqomidan chiqa olmadi.

Gravenberh APLga ko‘chib o‘tishi haqida xabarlar bahordayoq paydo bo‘la boshlagandi, ammo ushbu havbek uchun jiddiy so‘rov bo‘lmayotgandi. Hozirga kelib esa «Liverpul» va «Manchester Yunayted» faollashib qolgan: Yurgen Klopp o‘rta chiziqni tubdan qayta qurish ishlarini amalga oshirmoqda, Erik ten Hag ham hali jamoasini oxirigacha qurib bo‘lmadi. «Bavariya» muzokaralar uchun ochiq, shunday ekan, transferlar oynasining so‘nggi kunida transfer amalga oshishi ehtimoli yuqori, chunki tomonlarning barchasi bundan manfaatdor.

Skott Maktominey, 26 yosh

  • Qayerdan: «Manchester Yunayted»
  • Qayerga: «Bavariya»

«MYu»ning Gravenberh uchun kurashdagi kuzirlaridan biri — Skott Maktominey. Ten Hag boshqaruvi davrida ushbu shotlandiyalik yarimhimoyachida o‘yin amaliyoti kamayib ketdi, hatto Fred ketganidan keyin ham asosiy tarkibga kira olmayapti. Maktominey hali 26 yoshda, shunday ekan, u nega faoliyatini boshqa top-klubda qaytadan boshlashga urinib ko‘rmasligi kerak? Qolaversa, «Bavariya»ga oldinroq yetib borgan inglizzabon Harri Keyn bilan zerikib qolmaydi.

Gravenberhni Maktomineyga almashish barcha tomondan adekvat variant sifatida ko‘rinadi, chunki ikki futbolchiga ham yangi chaqiriq kerak, klublar esa yarimhimoya chizig‘ini yangilashni istaydi. Katta ehtimol bilan, kelishuv hech qanday qo‘shimcha mablag‘siz amalga oshadi, «Bavariya» ham, «Yunayted» ham o‘z futbolchilarini bir xilda yuqori baholaydi.

Mateus Nunes, 25 yosh

  • Qayerdan: «Vulverhempton»
  • Qayerga: «Manchester Siti»

Chempionlar ligasi g‘oliblari tarkibida jiddiy muammolar yo‘q. Yozda «Manchester Siti» ketgan futbolchilar o‘rnini to‘ldirish uchun muayyan chiziqlar bo‘yicha transferlar amalga oshirdi: Gundo‘g‘an o‘rnini Kovachich, Lyaport o‘rnini — Gvardiol, Mahrez o‘rnini — Doku egalladi. Ammo mavsum startida yana bir yo‘qotishga uchraldi: de Bryuyne jarohat tufayli yil oxirigacha safdan chiqdi, shuning uchun «Siti» vaqtincha muqobil variant izlashga kirishdi.

«Shaharliklar» uchun uzoq vaqtgacha «Vest Hem»dagi Lukas Paketa ustuvor variant bo‘lib turgandi, ammo braziliyalik futbolchining atrofidagilar uning ishtirokidagi o‘yinda u sariq kartochka olishiga dov tikishgani ma’lum bo‘lgach, Angliya chempionlari bu tanlovdan voz kechdi. Endi yangi nishon — Portugaliya milliy jamoasi havbeki Mateus Nunes, ushbu futbolchi uchun «Vulverhempton»ga 60 million yevro taklif qilingan. The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, bu haqda xabar topgan yarimhimoyachi «bo‘rilar»ning mashg‘ulotlarini boykot qilgan va o‘zini ushbu klubga sotishni talab qilmoqda.

Insayder Fabritsio Romanoga ko‘ra, «shaharliklar» Mateus Nunes transferi bo‘yicha «Vulverhempton» bilan kelishuvga erishgan. Kelishuv doirasida «Siti»ning 21 yoshli yarimhimoyachisi Tommi Doyl «Vulverhempton»ga o‘tishi ko‘zda tutilgan.

Mark Kukurelya, 25 yosh

  • Qayerdan: «Chelsi»
  • Qayerga: «Manchester Yunayted»

Qo‘shnilardan farqli o‘laroq, «MYu» chempionlik kurashiga tayyor emasdek ko‘rinmoqda, ammo hozirda gap hatto bunday global maqsad haqida ham emas: Lyuk Shou ham, Tayrell Malasiya ham jarohat olib safdan chiqqan, natijada «MYu» himoyasi chap qanotida ulkan teshik yuzaga kelgan.

«Yunayted» Markos Alonso va Serxio Regilon nomzodlarini ham ko‘rib chiqqandi, ammo Mark Kukurelya nomzodida to‘xtaldi: «Chelsi»ning jingalaksoch himoyachisi «Stemford Brij»da o‘tgan bir mavsum davomida hech kimda taassurot qoldira olmadi, Maurisio Pochettino esa yangi mavsumda chap qanotda Ben Chiluell va Ian Matsenni o‘ynatishni afzal ko‘rmoqda. «MYu» esa Kukurelyaga faoliyatini qayta tiklash imkonini taqdim etadi, lekin u darhol harakatga kirishishi kerak, chunki vaqt ko‘p emas: «Yunayted» Markni bir mavsum uchun ijaraga olmoqda.

Joau Feliks, 23 yosh

  • Qayerdan: «Atletiko»
  • Qayerga: «Barselona»

Portugaliyalik forvard bilan bog‘liq holat o‘ziga xos. Amaldagi top-futbolchi raqobatchi klub safiga o‘tishni istashi haqida ochiq bayonot berishi kamdan kam kuzatiladi. Ammo shunday bo‘ldi. Iyul oyida Joau Feliks  Fabritsio Romano orqali shunday degandi: «Men «Barselona»ga o‘tishni istardim. U hamisha men uchun birinchi tanlov bo‘lgan. Men bu klubda o‘ynashni bolalikdan orzu qilaman».

Albatta, «Atletiko» fanatlari va rahbariyati Feliksning bu chiqishidan g‘azab otiga minishdi, shuning uchun u jamoada qolishini istashmayapti. «Atletiko» prezidenti Enrike Sereso hujumchi Madrid klubida o‘ynamoqchi emasligini aytib chiqdi. Feliks bosh murabbiy bilan ham kelishmovchilikka borgani haqida xabarlar bor. Yangiliklarda «Aston Villa», «Nyukasl», «Benfika», «PSJ» va forvardning agenti Jorjye Mendeshning ta’siri kuchli bo‘lgan «Vulverhempton» klublarining qiziqishlari haqida gap bordi. So‘nggi vaqtlarda esa «Barselona» asosiy variantga aylandi.

Ammo hali kelishuvga erishilgani yo‘q: «Barselona» moliyaviy sabablarga ko‘ra hozircha Feliksni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi, transferlar oynasi yopilishiga esa juda oz vaqt qolmoqda. Agar ko‘k-anorranglilar klubiga o‘tish o‘xshamasa, unda portugaliyalik futbolchi hozirdanoq Saudiya Arabistonidagi klublardan biriga ketishga majbur bo‘lishi mumkin.

Kleman Langle, 28 yosh

  • Qayerdan: «Barselona»
  • Qayerga: «Aston Villa», «Sevilya», «Betis», «Lion»

«Barselona» uchun hozir nafaqat futbolchilar sotuvidan pul ishlash, balki maoshlar vedomostini bo‘shatish ham muhim. Kataloniyaliklar anchadan buyon qutulishni istayotgan futbolchilardan biri fransiyalik himoyachi Kleman Langledir.

Xavi uni o‘tgan mavsumdayoq rejalaridan chiqargan — futbolchi o‘tgan mavsumda ijara asosida «Tottenhem»da o‘ynaydi, ammo endi kataloniyaliklar Langleni butunlay sotmoqchi. «An-Nasr»dan taklif bo‘lgandi, ammo fransuz himoyachisi Yevropada qolishni istadi va Krishtianu Ronalduga jamoadosh bo‘lmaydigan bo‘ldi. Unga top-klublardan qiziqish yo‘q, ammo u ishsiz qolmasligi ham aniq. Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, uni «Aston Villa» olib ketmoqchi, faqat ijaraga.

Randal Kolo Muani, 24 yosh

  • Qayerdan: «Ayntraxt»
  • Qayerga: «PSJ»

Fransiya milliy jamoasi a’zosi, JCh-2022 finalida 123-daqiqada darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatda gol ura olmagani bilan yodda qolgan ushbu hujumchi saviyasi allaqachon «Ayntraxt» darajasidan o‘zib ketgan. Bir mavsum ichida Kolo Muani oddiy forvarddan top-klublar talabgor bo‘lgan futbolchiga aylandi, bu uning bozordagi bahosi ham (80 million yevro), unga taklif etilayotgan pul ham ko‘rsatib turibdi.

«PSJ»da qayta qurish ketmoqda: Neymar va Messi ketdi, Mbappening kelajagi ham noaniq bo‘lib turibdi, klub oldidagi vazifalar esa oldingidek — barcha sovrinlar uchun kurashish. Bunday maqsad uchun esa gol uradigan forvard darkor, Kolo Muani — ajoyib variant. «Ayntraxt» parijliklarning 80 million yevro miqdoridagi birinchi taklifini qaytargan, ammo uni 100 million yevroga sotishga rozi bo‘ladi. Futbolchi ham Fransiyaga qaytishni istamoqda. Shu kunlarda u Sky nashriga shunday dedi: «Pari Sen-Jyermen»ga o‘tish — men uchun unikal imkoniyat. Men ketishni istayman, bu haqda rahbariyatni xabardor qilganman. Umid qilamanki, «Ayntraxt» Parijning taklifini qabul qiladi va mening transferim amalga oshadi».

Ansu Fati, 20 yosh

  • Qayerdan: «Barselona»
  • Qayerga: «Tottenhem», «Brayton»

Fati kattalar futboliga quyundek kirib kelgandi, ammo jarohatlar ushbu yosh ispaniyalik futbolchining o‘sishiga to‘sqinlik qildi va u endilikda «Barselona»ning so‘zsiz asosiy tarkib futbolchisi hisoblanmaydi. Ammo Ansuning iste’dodi yo‘qolmagan va unga doimiy o‘yin amaliyoti kerak.

Ispaniyadagi istalgan o‘rtamiyona klub uning uchun ajoyib variant bo‘lardi, ammo unga Angliyadan ham jiddiy talab mavjud. To‘g‘ri, hech kim kataloniyaliklar so‘rayotgan 70 million yevroni to‘lamoqchi emas ammo muqobil variant ham bor — ijara. Fabritsio Romanoga ko‘ra, «Tottenhem» ispaniyalik futbolchini bir mavsumga ijaraga olish bo‘yicha taklif bilan chiqqan. «Barsa» ham qarshi emasdek, ammo bu davrda Fatining maoshini to‘lamoqchi emas. Katta ehtimol bilan tomonlar dedlayngacha kelishishga ulguradi.

Mavzuga oid

E`lonlar