08:32 / 31.08.2023
3293

«Toshkent-2025» yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun Olimpiya shaharchasini qurishda Xitoy tajribasi qo‘llanishi mumkin

«Toshkent-2025» yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun Olimpiya shaharchasini barpo etish loyihasini amalga oshirishda Xitoydagi sport infratuzilmasi o‘rganilyapti.

Foto: Dunyo AA

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va mamlakat tegishli vazirlik hamda idoralari mutasaddilaridan iborat delegatsiya Xitoyga tashrif buyurdi.

Mamlakat vakillarining tashrifidan maqsad «Toshkent-2025» yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun Olimpiya shaharchasini barpo etish loyihasini amalga oshirishda ushbu mamlakatdagi sport infratuzilmasi, universal sport obektlarini qurish va undan maqsadli foydalanish kabi ustuvor tajribani o‘rganishdan iborat.

Milliy olimpiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ishchi guruhning dastlabki manzili Pekinda qad rostlagan «Pekin Milliy konkida yugurish markazi» bo‘ldi. 2022 yilgi qishki Olimpiada uchun barpo etilgan ushbu inshootni o‘rganish davomida mahalliy mutaxassislar mamlakatda sport obektlarini qurish bo‘yicha so‘nggi yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Mutasaddilar «Toshkent-2025» yoshlar Osiyo o‘yinlarining qurilishi uchun mas’ul bo‘lgan China CAMC Engineering kompaniyasi ofisida ham bo‘ldi. Tashkilot bosh direktori Li Xaysin bilan o‘tgan suhbatda Toshkentda qurilayotgan Olimpiya shaharchasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, kelgusida ham hamkorlikni yanada izchil davom ettirish kabi mavzular ko‘rib chiqildi.

Pekinga tashrifi doirasida ishchi guruh CNSG (China National Spors Group) kompaniyalari ofisida ham bo‘lib, tashkilot rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ushbu kompaniya kompleks o‘yinlar o‘tkazishda administrativ va tashkiliy yo‘nalish bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif qilgan. 

Mutasaddilar endilikda yaqinda Butunjahon yozgi universiada o‘yinlarini qabul qilgan Chendu shahriga yo‘l olib, u yerdagi infratuzilmani o‘rganadi.

Top