Jahon | 08:59 / 31.08.2023
3972
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 20 mlrd yevrolik harbiy yordam fondini tuzadi

Ispaniyaning Toledo shahrida Yevropa Ittifoqi mudofaa vazirlari Ukrainaga harbiy yordamni tizimlashtirish masalalarini muhokama qildi. Yangi fonddan Kiyevga har yili qurollanish va kadrlar tayyorlash dasturlari uchun 5 milliard yevro ajratiladi. 

Foto: Denis Doyle/Getty Images

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 20 milliard yevrolik harbiy yordam fondi tuzadi, undan 2024 yildan 2027 yilgacha har yili 5 milliard yevro Kiyevga qurollanish va kadrlar tayyorlash dasturlari uchun ajratiladi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Ispaniyaning Toledo shahridagi sobiq qurol-yarog‘ zavodida Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari norasmiy uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi

Ko‘proq tizimlashtirilgan harbiy yordam 

«Urushdan keyin nima bo‘lishidan qat’i nazar, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash davom etishi kerak», dedi Borrel. Uning so‘zlariga ko‘ra, maqsad Yevroittifoqning Ukrainaga harbiy yordamini yanada tizimli qilish va Yevropa tinchlik jamg‘armasidan (YeTJ) alohida to‘lovlardan voz kechishdir. Bu qo‘llab-quvvatlash «mamlakatni qayta qurish, shuningdek, Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish uchun davom etishi kerak», dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari. 

Hozirgacha Ukraina Yevropa Ittifoqi budjetiga kirmaydigan mexanizmdan 5,6 milliard yevro harbiy yordam olgan. U Ukrainaga qurol yetkazib berilgani uchun Yevropa Ittifoqi davlatlariga tovon to‘laydi. Yevropa Ittifoqi qonunchiligi uchinchi davlatlarga harbiy yordam uchun budjet mablag‘laridan foydalanishni taqiqlaydi. 

Yevropa Ittifoqi Ukraina harbiylarini tayyorlash dasturini kengaytirishi mumkin 

Bundan tashqari, mudofaa vazirlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashning kengroq jihatlarini, jumladan, joriy yil oxirigacha 1 million artilleriya snaryadlarini yetkazib berish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi dasturini muhokama qildi. 

Boshqa narsalar qatorida, Borrel ukrainalik askar va zobitlarni o‘qitish ko‘lamini kengaytirish va yil oxirigacha 40 ming harbiyni tayyorlashni taklif qildi. Oldin qo‘yilgan maqsad – 2023 yilda Ukraina Qurolli kuchlarining 30 ming harbiy xizmatchisini tayyorlash – noyabr oyi oxirida amalga oshiriladi, dedi u. 

Jumladan, Bundesver ukrainalik harbiy xizmatchilarni tayyorlash bilan shug‘ullanyapti. Germaniyada ukrainaliklar Patriot zenit tizimlari, 2000 ta o‘ziyurar gaubitsalar, Marder piyoda askarlar jangovar mashinalari, shuningdek, Leopard 1 va Leopard 2 asosiy jangovar tanklari bo‘yicha o‘qitilmoqda. Bundan tashqari, ukrainaliklar qo‘shinlarni boshqarish va tibbiy yordam bo‘yicha tayyorlanmoqda. Bundesver ma’lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarga 1500 ga yaqin nemis instruktorlari jalb etilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid