Jamiyat | 16:50 / 04.09.2023
16072
6 daqiqa o‘qiladi

Tanasiz boshning iztiroblari yoki muallifning bemorligidan yaralgan fantastik asar

“Mutolaa zavqi” ruknida bu gal Aleksandr Belyayev ilmiy-fantastik asari – “Professor Douelning boshi” romani haqida hikoya qilinadi.

Foto: Kun.uz

Insoniyat tarixidagi eng katta kashfiyotlar hali ochilmagan zamonlarda ham ular haqida ilmiy-fantastik, badiiy kitoblarda so‘z borgan. Bulgakov “Ityurak”ni yozganiga necha yil bo‘ldi? O‘tgan yili esa real hayotda yuragi ishdan chiqqan bemorga hayvon yuragi qo‘yildi, u bir-necha oy yashadi ham. Bu bilan ilm-fandagi shu va shunga o‘xshash tadqiqotlarning barchasini ham oqlamoqchi emasman, shunchaki, ko‘plab ilmiy kashfiyotlarning g‘oyaviy muallifligini adabiyot bilan bog‘liq deb o‘ylashimni izohlab o‘tmoqchiman.

Ana shunday ilmiy-fantastik asarlardan biri – “Professor Douelning boshi” romanidir. Belyayevning bu asari o‘quvchini birinchi sahifadanoq tortib oladi va oxirigacha qo‘yib yubormaydi. Bir nafasda o‘qib chiqiladigan kitob.

Aleksandr Belyayev – taniqli rus ilmiy-fantastik yozuvchisi. Mashhur asarlaridan “Odam–Amfibiya”, “Ariyel”larni keltirish mumkin. “Professor Douelning boshi” ilk romani bo‘lib, uning g‘oyasi yozuvchi og‘ir xastalikdan 6 yil to‘shakda yotganida, 3 yil butun tanasi falaj bo‘lib faqatgina boshi ishlayotgandek tuyulganida paydo bo‘lgan.

Asar qahramoni professor Douel va uning yordamchisi doktor Kern tanadan uzilgan organlarni saqlab qolish bo‘yicha izlanishlar olib boradi. Kern professor Douelni o‘ldirib, ilmiy sirlari sabab uning boshini tirik saqlab qoladi. Ammo Kernning yangi yordamchisi Mari Loran bu haqda bilib qolgach, Kern o‘z sirlarini fosh qilmasligi uchun uni soxta ruhiy xastalar shifoxonasiga qamatadi.

Douelning o‘g‘li do‘sti bilan birga Loranni ozod etadilar. Doktor Kern o‘zini ixtirochi deb e’lon qilishga oshiqardi. Ammo Loran professorning boshini kamera oldiga olib kelib, haqiqatni fosh etadi. Professor Douelning boshi hammasini aytib berib, keyin o‘ladi. Doktor Kern esa bunday sharmandalikdan keyin o‘z joniga qasd qiladi.

Asar 1925 yilda nashr etilganiga qaramay, bizning davrimizda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Loran orqali yozuvchi o‘z shaxsiyatini, qarashlarini doim himoya qilish, uni saqlab qolishga har qanday vaziyatda ham harakat qilish kerakligini ko‘rsatib beradi. Buning uchun u muallif tilidan ortiqcha tasvirlar, xulosalar bermasdan, shunday bir murakkab vaziyatlar qurboniga aylangan Loranni fikrlashga majbur etadi. Hamma-hammasini uning his-tuyg‘ulari bilan tushuntirishga urinadi.

“U xuddi olma qurtiga o‘xshaydi, miyangizga kirib olib, ilmiy faoliyatingiz mahsulini kemirish bilan mashg‘ul”.

Professor Douelning g‘oyalarini o‘g‘irlagan Kernga muallif shu jumla bilan tugal ta’rif berib qo‘ygandek go‘yo. Bilishimcha, olma qurti unga hali gullagan paytdayoq urug‘ qo‘yadi. Lichinkalar gul mevaga aylanar chog‘da uning ichiga o‘rnashadi. Olma katta bo‘lar ekan, qurt ham uni ichdan yemiradi, u ham ulg‘ayadi. Sirtdan bus-butun olma bo‘ladi-yu, g‘arch etib tishlasangiz, qurt o‘z “ijod namunasi”ni yaratayotgan yoki ishini tugatgan bo‘ladi. Bu jarayon esa asardagi Kern obrazini muvaffaqiyatli ochib bergan.

Muallif uslubi juda sodda va oson, shu bilan birga qiziqarli. Syujyetning o‘zi o‘quvchini befarq qoldirmaydi, chunki hamma narsa shu qadar sirli, rang-barang personajlar shunchalik ko‘pki, o‘quvchi o‘zini mutolaadan tiya olmaydi. Qahramonlar jonli va esda qolarli, operatsiyalar tavsifi ham real.‌‌

Asarning avtobiografik tabiati, ya’ni yozuvchi o‘z boshidan kechirgan og‘riqlar, hissiyotlar roman syujyetiga yorqinlik beradi va aynan shu jihat uni boshqa ilmiy-fantastik kitoblardan ajratib turadi.

Ilmiy fantastikadan tashqari, kitobda psixiatriya, tibbiyot va falsafiy hikoyalar qatorida taqdir va o‘lim masalasi, oilaviy munosabatlar, haqiqatni qidirish, ijtimoiy va ichki ziddiyatlar ham o‘rin olgan. Roman soddaligi bilan maftunkor.

“Bilmayin bosilgan tikanning zahri yomon, biroq bilib turib bosilganda ozori undan ortiqroq bo‘ladi”. (Asardan iqtibos)

Asarning yutumli ekanida tarjimaning muvaffaqiyati ham katta o‘rin tutadi. Tarjimon kitobni varaqlagan o‘zbek kitobxonini go‘yo maysazorda yalangoyoq, maza qilib sayr qildirgandek bo‘ladi.

Misol uchun mana bu jumlani olaylik:

“U allaqachon do‘sti Brikening atrofida poyu-patak bo‘la boshlaganini payqagan edi”.

Kitobda o‘nlab imloviy xatolar bor. Bu – yo‘l-yo‘lakay o‘qiyotib ko‘zim tushganlari. Odatda, bunday turdagi xatolarni katta ahamiyatga ega deb hisoblamayman va deyarli to‘xtalmayman. Ammo “Yangi asr avlodi” nashriyoti uchun hajman kichik bo‘lgan kitobda buncha imloviy xatolarga yo‘l qo‘yilishi yaxshi emas va bu birrov to‘xtalib o‘tishga arziydi deb o‘yladim.

Umuman olganda, kitobning saviyasi, tarjimaning darajasi, muqovaning shakl-shamoyili juda ham yaxshi. Har qanday darajadagi kitobxon uchun qiziqarli bo‘ladigan universal asar deyish mumkin. Yoqimli mutolaa.

Muhiddin Nido,
kitobxon

Mavzuga oid