Jahon | 13:11 / 05.09.2023
10257
4 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda kassetali bombalardan 1172 kishi jabrlandi

Jyenevadagi ICBL-CMC hisobotiga ko‘ra, 2022 yildagi yuqori ko‘rsatkich asosan Ukraina urushi bilan bog‘liq. Bunday o‘q-dorilardan halok bo‘lgan va yaralanganlarning 95 foizi - tinch aholi.

Foto: VPK.name

Humanitar tashkilotlar dunyoda kassetali o‘q-dorilardan jabrlanganlar soni ortib borayotganini qayd etmoqda. Piyodalarga qarshi minalar va kassetali o‘q-dorilarni taqiqlash bo‘yicha xalqaro kampaniya (ICBL-CMC) 5 sentabr, seshanba kuni Jyenevada ma’lum qilishicha, 2022 yilda ushbu taqiqlangan qurollardan 1172 kishi yaralangan yoki halok bo‘lgan, bu 2010 yilda yillik hisobotlar chop etilishi boshlangandan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Tegishli hisobotga ko‘ra, 2022 yildagi yuqori ko‘rsatkich, asosan, Ukrainada kassetali o‘q-dorilardan foydalanish bilan bog‘liq. Bundan tashqari, o‘tgan yili Ozarboyjon, Iroq, Yaman, Laos, Livan, Myanma va Suriyada bunday snaryadlardan jarohat olish yoki o‘lim holatlari qayd etilgan. Tashkilotning ta’kidlashicha, barcha holatlarning 95 foizi tinch aholiga to‘g‘ri keladi. 

Kassetali o‘q-dorilardan qurbon bo‘lganlarning aksariyati Ukrainada ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 890 kishi jabrlangan. Bu, birinchi navbatda, taqiqlangan raketalarning keng qo‘llanishidan dalolat beradi, deya ishonch bildirgan ICBL-CMC ekspertlari. Kassetali o‘q-dorilar Rossiyaga qarshi harbiy amaliyotlarda Ukraina qurolli kuchlari tomonidan ham qo‘llangan, deya eslatiladi. AQSh ma’muriyatining Kiyevga 2023 yil iyul oyida qabul qilingan bunday bombalarni yetkazib berish to‘g‘risidagi qarori «xavfli pretsedent» bo‘lib, kassetali o‘q-dorilar to‘g‘risidagi konvensiyaning barcha ishtirokchilari, shu jumladan Germaniya tomonidan qoralanishi kerak, deya hisoblaydi ICBL-CMC. 

«Ushbu vahshiy qurollardan foydalanishni tizimli ravishda qoralash kerak»
 
Tashkilot jahon hamjamiyatini «bu vahshiy qurollardan foydalanishni tizimli ravishda qoralab, ulardan foydalanishda aybdorlarni javobgarlikka tortishga» chaqirdi. «Kassetali o‘q-dorilar taqiqlanganidan 15 yil o‘tgach, tinch aholining bunday qurollardan halok bo‘lishi vijdonsizlikdir», dedi ushbu hisobotni tuzgan xalqaro inson huquqlari tashkiloti Human Righs Watch vakili Meri Uerxem. Huquq himoyachilari ogohlantirishicha, bu o‘q-dorilar fuqarolik va harbiy nishonlarni ajratmaydi va hatto harbiy mojaro tugaganidan keyin ham ko‘p vaqt o‘tib qurbonlar keltirishi mumkin.

Portlab, kassetali snaryadlar ko‘p sonli o‘q-dorilarni sochadi. Kassetali bombalardan omon qolganlar ko‘pincha oyoq-qo‘llarini yo‘qotadi yoki hayotiy organlarida og‘ir, ba’zan bir nechta jarohatlarga duch keladi. Tashkilotga ko‘ra, 2022 yilda jangovar harakatlar tugaganidan keyin qolgan kassetali snaryadlardan 185 kishi yaralangan yoki halok bo‘lgan. 

Bunday qurollardan foydalanish, topshirish va saqlashni taqiqlovchi kassetali o‘q-dorilar to‘g‘risidagi konvensiya 2010 yil avgust oyida kuchga kirgan. Bugungi kunga qadar uni 124 davlat imzolagan va 112 davlat ratifikatsiya qilgan. Konvensiyaga a’zo davlatlarning navbatdagi konferensiyasi 11-14 sentabr kunlari Jyenevada bo‘lib o‘tadi. AQSh va Ukraina konvensiya ishtirokchilari emas. Handicap International dunyoning 30 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritadi, uning jamoalari jabrlanganlar va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Mavzuga oid