Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qimmatchilik urushi | MAYDON
Eng qudratli dunyo armiyasidan ham qo‘rqmayotgan Eron. Unga urush ochish – dunyoda qimmatchilikni boshlash degani. Deyarli yarim asrlik sanksiya va cheklovlarga qaramasdan bu davlatni nima kuchli qilib turibdi? Nega dunyo iqtisodiyoti Eronga bu qadar bog‘liq? SUBYEKTIV jamoasidan yangi formatdagi yana bir loyiha – MAYDON. Katta mavzularni qisqa daqiqalarda, oddiy tilda tahlil qilamiz.
Sanksiyadagi Eron
Yengilmas Eron. Deyarli yarim asrlik sanksiyalar sabab u yerda odamlar zamonaviy mashinalar minolmasligi, eskirgan samolyotlarda uchishi, mashhur dunyo brendlaridan bexabar bo‘lishlari yoki sayyohlar juda ko‘p boravermaydigan manzil bo‘lishi mumkin. Lekin bu davlat neft zaxiralari bo‘yicha dunyoda uchinchi, gaz zaxiralari bilan ikkinchi o‘rinda turadi. Geografik joylashuvi ham yog‘likkina joyda. Harbiy salohiyati bilan esa eng kuchli 15 talikda. U bilan kerak bo‘lsa Yerning boshqa qutbidagi eng qudratli davlat AQSh ham hisoblashadi.
Dunyo Rossiya va Ukraina urushi oqibatlariga ma’lum darajada moslashib ulgurdi. Ammo AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi yangi qarama-qarshilik — dunyo iqtisodiyoti uchun Rossiya bosqinidan ham og‘irroq oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu urush badalini faqat bir mintaqa emas, balki butun dunyo his qiladi. Shuning uchun ham Eron haqida bilishimiz kerak bo‘lgan gaplar ko‘p.
Nega u diqqat markazda?
Dunyo xaritasida Yaqin Sharq doimiy ravishda xalqaro siyosat markazida turadi. Bu yerda urushlar, diplomatik siyosatlar, katta davlatlar raqobati birlashgan. Chunki bu yerlarda neft bor. Neft va gaz hali ham dunyo iqtisodiyotining asosiy resurslaridan biri. Bundan tashqari Yaqin Sharq uch qit’a — Yevropa, Osiyo, Afrika o‘rtasidagi tabiiy ko‘prik hisoblanadi. Shu sabab bu hudud tarix davomida katta davlatlarning raqobat maydoni bo‘lgan. Neft bor joyda AQSh bor, neft bor joyda urush bor.
O‘zbekistonning dengizlardan ikki marta yopiq davlatligi nega ko‘p eslanadi? Chunki dunyo savdosining taxminan 80–90 foizi dengiz va okean suv yo‘llari orqali amalga oshadi. Shuning uchun geografiyada “chokepoint” deb ataladigan joylar, ya’ni bo‘g‘ozlar, kanallar va strategik transport yo‘llari — juda katta ahamiyatga ega. Bunday nuqtalarni nazorat qilgan davlatlar nafaqat global savdoga, hatto uyingizdagi gaz, svet, mashinangizdagi benzin va hatto yeyayotgan noningizning narxigacha ta’sir qiladi.
Eronga kelsak, u nafaqat zaxiralari bilan yetakchi. Shu bilan birga u dunyo energetikasi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘oziga yaqin joylashgan. Bu bo‘g‘oz orqali dunyo neft savdosining taxminan beshdan bir qismi o‘tadi.
Shu kunlarda davom etayotgan AQSh, Isroil va Eron mojarosi fonida Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopib qo‘yilishi Yevropada allaqachon oqibatlar keltirib chiqardi. 10 kun ichida Yevropada gaz narxi yarim baravarga, neft esa 27 foizga qimmatlagani aytilmoqda. Yaqin Sharq neftiga juda katta qaramligi bo‘lgan Osiyo davlatlaridagi ahvolni endi o‘zingiz tasavvur qilavering. Mana iqtisodiy jihatdan Eron bilan nega hisoblashish kerak?
Bu ham hali hammasi emas
Eron Sharqiy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan quruqlikdagi transport yo‘lining ham markazi. Tasavvur qilishingiz uchun bu koridor transport vaqtini 30–40 foizgacha, xarajatni esa 20–30 foizgacha qisqartiradi.
Endi savol tug‘ilishi mumkin: Eron eng katta sanksiyadagi davlat bo‘lsa, u qanday qilib neftini sota olyapti? Sanksiyalar – bu shunchaki siyosat. Mavzu manfaatlarga borib taqalarkan, foyda bor joyda hujjatlar, muhrlar, imzolarni aylanib o‘tish mumkin. Axir iqtisod siyosatdan ustun.
Eron resurslari cheklovlarga qaramasdan yashirin savdo, uchinchi davlatlar orqali eksport, barter kelishuvlari bilan sotiladi. Masalan, Eron neftining asosiy xaridorlaridan biri — Xitoy. Neft ba’zan boshqa davlat nomi bilan, qayta ishlangan mahsulot yoki aralash yuk sifatida bozorga chiqariladi. Eron to‘liq izolyatsiyada emas. U bilan Xitoy, Rossiya, Hindiston, ba’zi Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlari iqtisodiy aloqada. Bu hamkorliklar sanksiya ta’sirini kamaytirib, Eron iqtisodining to‘liq qulashiga yo‘l qo‘ymagan.
Sanksiyalar yo‘q bo‘lsa...
Umuman aytganda, sanksiyalar olib tashlansa, Yevrosiyoda gaz, neft, yuk tashish arzonlashadi. Eron esa Yaqin Sharqdagi eng yirik iqtisodlardan biri, Yevrosiyo logistika markazi, yirik energetika eksportyori bo‘lishi mumkin. Neft narxining tushishi qora oltin sotuvchi ba’zi davlatlar uchun ham yaxshimas. Chunki ularning budjeti neft narxiga bog‘liq. Eron aholisi taxminan 85–90 million. Cheklovlar yo‘q bo‘lsa, avtomobil, elektronika, infratuzilma, turizm sohalariga milliardlab investitsiya kirishi mumkin.
Nega AQSh Eronga bu qadar yopishib olgan?
Aslida bu masala geosiyosiy hisob-kitoblar bilan bog‘liq. Qora oltin va zo‘r geografik joylashuvni ham bir chetga suraylik. Agar Eron yadro quroliga ega bo‘lsa, Yaqin Sharqda kuchlar muvozanati keskin o‘zgarishi mumkin. Eronning kuchayishi AQShning mintaqadagi strategiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi. AQSh Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchilaridan biri sifatida Isroil xavfsizligini muhim deb hisoblaydi. Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinlik esa bu masalani yanada murakkablashtiradi.
Nega Eron bilan urushish oson emas?
Eronning harbiy qudrati dunyo 15 taligiga kirishini yuqorida aytgandik. Boshqa tarafdan esa uning maydoni juda katta va tog‘li hududlardan iborat. Bu esa quruqlikdagi harbiy operatsiyalarni qiyinlashtiradi. Dushman tog‘lardan oshib, mamlakatga kirishga qiynaladi. Aholisi 85 milliondan ortiq. Tarixan ildiz otgan bu yerliklarni yengish oson emas. Eron uzoq yillar davomida katta davlatlar siyosiy bosimi va ta’siri ostida yashagan bo‘lishi mumkin, lekin u rasman mustamlaka bo‘lmagan kam sonli davlatlardan biri.
Eron bilan katta urush butun mintaqada katta beqarorlikka olib kelishi mumkin. Bu neft bozori, global savdo, mintaqaviy xavfsizlik uchun katta xavf. Shu sabab ko‘p holatlarda davlatlar harbiy yo‘l emas, diplomatik muzokaralar yoki sanksiyalar bilangina cheklanishga, aniqrog‘i Eron bilan hisoblashishga majbur. Eron masalasi faqat harbiy kuch bilan hal bo‘ladigan muammo emas. Bu geografiya, siyosat, iqtisod va xavfsizlik omillari birlashgan murakkab geosiyosiy masala.
Yana “Maydon”da ko‘rishguncha!
Mavzuga oid
21:50
Pentagon Eronga «hal qiluvchi zarbani» tayyorlamoqda – OAV
21:36
«Kontent emas, dizayn aybdor» - AQShda bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga qaramligi bo‘yicha tarixiy sud yakunlandi
20:45
Bloomberg: Tramp jamoasi neft narxi 200 dollarga chiqishiga tayyorlanmoqda
18:19