6 oyda 335 nafar shaxsga nisbatan asossiz qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanishining oldi olingan
2022 yilda tergov organlaridan sudlarga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llash bilan bog‘liq 24 118 ta iltimosnoma kelib tushgan. Shundan 485 tasi rad etilgan. 2023 yilning birinchi yarim yilligida esa 10 714 ta iltimosnomadan, 335 tasi rad qilingan.
Hech kim sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas. Shaxs ushlab turilgan paytdan e’tiboran 48 soat o‘tguniga qadar sudga ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun olib borilishi kerak. Agar ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi sudda isbotlanmasa, u darhol ozod etilishi lozim. Mazkur norma birinchi navbatda, shaxsning asossiz va muddatsiz hibsga olinishiga yo‘l qo‘ymaslik talabini ta’minlaydi.
Qamoq ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qo‘llanishi amaliyotini misol qiladigan bo‘lsak, 2022 yilda tergov organlaridan sudlarga kelib tushgan jami 24 118 ta iltimosnomadan 485 tasi, 2023 yilning birinchi yarim yilligida esa 10 714 ta iltimosnomadan 335 tasi rad etilgan. Ya’ni sudlar tomonidan 2022 yilda 485 nafar va 2023 yilning birinchi yarim yilligida esa 335 nafar shaxsga nisbatan asossiz ravishda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanishi oldi olingan.
Aynan protsessual ushlash vaqtida inson og‘ir ruhiy holatga tushadi va bunday holatda birinchilardan bo‘lib u huquqiy yordamga muhtoj bo‘ladi. Chunki jinoyatda shaxsning aybdor yoki aybsizligini isbotlash majburiyati to‘g‘ridan to‘g‘ri tergov organlariga yuklatiladi.
Odamlar ko‘pincha tergov organlari tomonidan kimdir qo‘lga olinganida, u nima uchun ushlangani aytilmasligidan shikoyat qiladi. Oqibatda, fuqarolarning huquqlari qo‘lga olingan vaqtning o‘zidayoq xavf ostida qoladi. Ming afsuski, fuqarolar o‘z huquqlarini yaxshi bilmagani va hech kim ularga buni aniq va batafsil tushuntirmagani uchun tergov jarayonida qonunga zid holatlar kuzatiladi. Konstitutsiyada jinoiy ta’qibga olingan shaxslarni davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning o‘zboshimchaligidan himoyalashning deyarli barcha usullari aks ettirilgan.
Mamlakatda konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar doirasi kengaydi. Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi kafolatlandi.
Yana bir muhim jihati, Konstitutsiyada aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi belgilangan. Mazkur norma to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi qoida bo‘lib, tergov va sud jarayonida faqat ishonchli va qonuniy dalillardan foydalanishni ta’minlaydi hamda shaxsni asossiz ravishda javobgarlikka tortilishdan himoya qiladi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas, hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majburlanmaydi. Bu qoidalarning Konstitutsiyada belgilanishi jinoiy ta’qib ostidagi har qanday shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga ruhiy bosim va turli tahdidlar o‘tkazish, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish kabi noqonuniy usullar qo‘llanishining oldini olishga xizmat qiladi. Bu norma aybsizlik prezumpsiyasi prinsipining muhim kafolatidir.
Yana bir muhim norma – agar shaxsning o‘z aybini tan olgani unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kafolatlandi. Bu hol jinoyat bo‘yicha haqiqatni aniqlash, shuningdek, aybsiz insonlarning javobgarlikka tortilishi oldini olishga, ayni paytda, jinoyat sodir etgan haqiqiy aybdor shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi, deyiladi Oliy sud tomonidan taqdim etilgan ma’lumotda.
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024