O‘zbekiston | 11:25 / 08.09.2023
5447
3 daqiqa o‘qiladi

Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiyada Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi

Samarqand shahrida o‘tayotgan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Xalqaro konferensiya davomida sessiyalarda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.

«Pandemiya va global chaqiriqlar bizni eski yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga ruhlantirmoqda, fermerlar va agrobiznesni rag‘batlantirish, shuningdek qishloq xo‘jaligini yuritishning yangi uslublari naqadar muhim va dolzarbligini ko‘rsatib turibdi», – dedi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov.

Vazirga ko‘ra, O‘zbekistonda agrooziq-ovqat tarmog‘ini qayta tashkil etish jarayoni kechmoqda. Yuqori sifatli oziq-ovqat bilan yanada ko‘proq insonlarni qamrab olishni ta’minlash uchun yangi yechimlar va innovatsiyalar talab qilinmoqda.

«Biz qishloq xo‘jaligi salohiyatini kuchaytirish va aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash uchun jahonning yetakchi olimlarini jalb etishni rejalashtirmoqdamiz. Yanada yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ko‘proq insonlar qamrab olinishini ta’minlanish uchun yangi yechimlar va innovatsiyalar talab qilinmoqda. Mana shular konferensiya muhokamasida asosiy o‘rinni egallamoqda va Samarqand deklaratsiyasining asosini tashkil qiladi», — dedi Aziz Voitov.

Samarqand deklaratsiyasida ishtirokchi mamlakatlarning qishloq xo‘jaligini ekologik jihatdan eng xavfsiz, bioxilma-xillikni qo‘llab-quvvatlaydigan usulda, suv resurslaridan oqilona foydalangan holda rivojlantirish, aholi, ayniqsa bolalar va o‘smirlarning sog‘lom ovqatlanishiga ko‘maklashish, maktabda ovqatlanish kompleks dasturlarini joriy qilish, ayollarning agrooziq-ovqat tizimlari transformatsiyasidagi ulushini oshirish uchun qishloq joylaridagi ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish, davlat miqyosida kichik va oilaviy xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ishlab chiqarish, tabiiy va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi maqsadlari qayd etildi.

Anjuman davomida bir qator xalqaro tashkilotlar rahbari va xorijiy davlatlar vazirlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.

Konferensiya bugun ham o‘z ishini davom ettirmoqda. Samarqand «Ipak yo‘li» turizm markazida «Markaziy Osiyo va Kavkazda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va innovatsiyalar» mavzusida ilmiy forum ham o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid

E`lonlar