So‘nggi yillarda kiberjinoyatchilik 25 barobar oshdi – Bosh prokuror
O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev aholiga murojaat qilib, tizimda olib borilayotgan ishlar, rejadagi muhim tadbirlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Bosh prokurorning qayd qilishicha, 2023 yilda jinoyatchilikka qarshi kurash holatini o‘rganish bo‘yicha 4,5 mingga yaqin tekshirish o‘tkazilib, prokuror nazorati bilan bog‘liq 6,5 mingdan ortiq hujjat qo‘llangan. Profilaktik tadbirlar natijasida 4 mingdan ziyod mahallada jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Shu bilan birga, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning 45 foizdan ortig‘i bevosita mahallalarda sodir etilgan. Bosh prokuror so‘zlariga ko‘ra, 1,7 mingga yaqin mahallada kriminogen vaziyatni yaxshilash – kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa.
Nig‘matilla Yo‘ldoshev ta’lim sohasiga ham to‘xtalib, o‘quvchilarning darsga to‘liq qatnashi ta’minlanishi, sababsiz dars qoldiruvchilar va ularning ota-onalari bilan manzilli profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi qat’iy nazoratga olinishini ma’lum qildi.
Bosh prokurorning ta’kidlashicha, jinoyatchilikning yangi turlari, jumladan, kiberjinoyatchilik ko‘paymoqda. So‘nggi uch yilda bunday jinoyatlar qariyb 25 barobar oshgan, fuqarolarning katta miqdordagi pullari onlayn tarzda o‘g‘irlangan.
Bunday jinoyatlarning oldini olish uchun Huquqni muhofaza qilish akademiyasida maxsus kafedra, ilmiy-uslubiy markaz va o‘quv laboratoriyasi tashkil etilgan. Kelgusida fuqarolarni kibertahdidlardan himoya qilish, mazkur sohaga zamonaviy dasturiy-texnik yechimlarni va yangicha ish usullarini joriy etish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rilishi aytildi.
Nig‘matilla Yo‘ldoshev nazorati bevosita prokuratura organlariga yuklatilgan yer hamda energiya resurslarini talon-toroj etish, mansabni suiiste’mol qilish va korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda fosh qilishga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettirilishini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, iqtisodiy jinoyatlarga, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlariga qarshi kurashish, «xufiyona iqtisodiyot»ni shakllantirishning turli sxema va kanallarini aniqlash borasidagi ishlar jadallashtirilib, mamlakatimizning iqtisodiy rivojiga to‘sqinlik qiluvchi holatlarni bartaraf etish ta’minlanishiga va’da berdi.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov faoliyati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish yo‘li bilan inson huquq va erkinliklari daxlsizligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilishini ta’kidladi. Bu jarayonda inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya qiladigan, yuksak ma’naviy, psixologik sifatlarga, tahliliy fikrlash qobiliyati hamda yuqori kasb ko‘nikmalariga ega bo‘lgan tergovchilar korpusini shakllantirish diqqat markazida bo‘lishini aytdi.
Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga doir faoliyati muvofiqlashtirib borilishini, aholi xavfsizligini ta’minlash borasidagi faoliyatda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan prokuror nazorati kuchaytirilib, ular bartaraf etilishini ma’lum qildi.
Bosh prokuror so‘zining oxirida mamlakatda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda prokuratura sohasi xodimlari avvalo xalq bilan hamkorlikda ish olib borishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, qonunlarda belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, mol-mulkiga daxl qilmaslik ham qonuniy, ham insoniy burch ekanini doimo yodda tutishga chaqirdi.
Mavzuga oid
13:05 / 11.09.2024
764 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari hisobotlarga qo‘shib yozilgan - Bosh prokuratura
18:41 / 16.08.2024
Nig‘matilla Yo‘ldoshev Kurash federatsiyasi raisligiga qayta saylandi
18:42 / 19.07.2024
Qirg‘iziston va O‘zbekiston mahkumlarni topshirish bo‘yicha shartnoma imzoladi
11:13 / 09.07.2024