Jahon | 12:08 / 09.09.2023
6609
3 daqiqa o‘qiladi

Madrid: YeI Rossiyadan STG importini to‘xtatishni rejalashtirmayapti

Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga STG importi 40 foizga oshdi, biroq Yevropa Ittifoqi yetkazib berish hajmini kamaytirishni rejalashtirmayapti, dedi Ispaniya energetika vaziri.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqida Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz (STG) importi keskin oshganiga qaramay, uni bosqichma-bosqich to‘xtatish bo‘yicha qisqa muddatli reja yo‘q. Bu haqda 8 sentabr, juma kuni Ispaniya energetika vaziri Tereza Ribera Reuters agentligiga ma’lum qildi.

«O‘ylaymanki, ertami-kechmi, agar Rossiya va Ukrainada biror narsa o‘zgarmasa, bu taqiq (Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga STG importi) amalga oshiriladi. Qo‘shimcha harakatlarning oldini olish uchun, tinch yo‘l bilan», - deya taxmin qildi Ribera. 

«Menga bu yoqmayapti. Bilaman, bizda mavjud bo‘lgan infratuzilma tufayli STG bozorida yangi o‘yinchilar istalgan vaqtda reeksport qilish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun Rossiya STGni obektlarimizda saqlayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz», - deya davom etdi vazir. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ispaniya hukumati ushbu importni to‘xtatish yo‘llarini qidirmoqda, ammo tashqi savdo bilan bog‘liq bo‘lgan Yevropa Ittifoqining kelishilgan pozitsiyasisiz taqiq uchun hech qanday qonuniy asos topa olmayapti. 

«Shuning uchun biz kompaniyalardan Rossiyaning yangi majburiyatlarini o‘z zimmasiga olmasligini va bu STGni qayerdan olishi bo‘yicha shaffofroq bo‘lishini so‘radik», dedi Ribera. 

Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga STG importi 40 foizga oshdi 

Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiya gazi va boshqa energiya manbalarini import qilishga taqiq qo‘yilgan bir paytda, joriy yilning yanvar-iyul oylari orasida Rossiyadan STGning Yevropaga importi 2021 yilning shu davriga nisbatan 40 foizga oshdi va hech qanday pasayish belgilari ko‘rinmayapti, deb yozadi Reuters. 

Belgiyaning Bruegel konsalting kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi davlatlari 2022 yilda Ukraina urushi boshlanganidan shu yilning fevraligacha STG uchun Rossiyaga 12 milliard yevro to‘lagan. Iyun oyi o‘rtalarida TotalEnergies rahbari Patrik Puyanne Yevropa davlatlari AQSh bosimiga qaramay, Rossiyadan STG sotib olishni davom ettirishga rozi ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, 2022 yilda Yevropa Ittifoqi Rossiyadan 15 million tonna STG import qilgan - bu YeI mamlakatlari 100 million tonnalik umumiy ehtiyojlarining deyarli oltidan bir qismi. 

Shunga qaramay, 2023 yilning dastlabki sakkiz oyida Rossiyaning neft va gazdan jami daromadlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 38 foizga qisqardi, deb yozadi Reuters Rossiya Moliya vazirligi ma’lumotlariga tayanib. Yevropa Ittifoqi 2027 yilgacha Rossiyadan energiya resurslari importidan butunlay voz kechmoqchi, deya eslatadi agentlik. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid