Jahon | 09:30 / 11.09.2023
8398
5 daqiqa o‘qiladi

Makron Lavrovning G20 sammiti deklaratsiyasiga bergan bahosini rad etdi

Hindistonda bo‘lib o‘tgan G20 sammiti Rossiya uchun muvaffaqiyatli bo‘lmadi, u yakkalanib qoldi, dedi Fransiya prezidenti. Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari deklaratsiya matnini ijobiy baholab, «Ukraina bandi» «Ukraina haqida emas»ligini aytgan edi.

Foto: Prakash Singh/Bloomberg

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Hindistonda bo‘lib o‘tgan G20 sammiti yakunlari haqidagi bayonotini davom etayotgan urush pozitsiyasi nuqtayi nazaridan rad etdi. Sammitning yakuniy deklaratsiyasi Rossiyaning diplomatik g‘alabasi deb hisoblanmaydi, dedi Fransiya prezidenti 10 sentabr, yakshanba kuni sanoati rivojlangan va iqtisodiyoti rivojlanayotgan davlatlar sammiti yakunida. 

Aksincha, Rossiya sammitda yakkalanib qoldi, deya ta’kidladi Makron. Bundan tashqari, G20 formatidagi uchrashuvlar Ukrainadagi harbiy mojaroni hal qilishda diplomatik o‘zgarishni kutish mumkin bo‘lgan joy emas, chunki xalqaro iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun yaratilgan, deya qo‘shimcha qildi u. 

Shols: Aniq so‘zlar aytildi

O‘z navbatida, Germaniya kansleri Olaf Shols yakuniy deklaratsiya mazmuni haqida ijobiy fikr bildirdi. Sammitda davlatlarning, xususan, Ukrainaning hududiy yaxlitligiga qo‘shnilar tomonidan tahdidlar qabul qilinishi mumkin emasligini ko‘rsatuvchi aniq so‘zlar aytildi, dedi u. 

Hindistondagi G20 sammitining yakuniy deklaratsiyasida, 2022 yildagi shunga o‘xshash hujjatdan farqli o‘laroq, Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli harbiy harakatlarni boshlagan Rossiya harakatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri tanqid yo‘q. Aksincha, ishtirokchilar BMT nizomiga ishora qilib, mamlakatlarning hududiy yaxlitligi va mustaqilligiga tajovuz qilmaslikka chaqirdi. 

Kiyev bu hujjatni tanqid qildi. «Ukraina matnga kuchli pozitsiyani kiritishga uringan hamkorlardan minnatdor. Shu bilan birga, G20 Rossiyaning Ukrainaga tajovuziga qarshi faxrlanadigan hech qanday harakat qilmadi», deb yozdi Ukraina TIV vakili Oleg Nikolenko. Uning aytishicha, «Ukraina tomoni ishtiroki qatnashchilarga vaziyatni yaxshiroq tushunishga imkon berardi». «Ukrainasiz Ukraina haqida hech narsa bo‘lmaydi» tamoyili har doimgidek asosiy bo‘lib qolmoqda», - deya davom etdi u deklaratsiyaning Ukraina tomonidan kiritilgan tuzatishlar versiyasini e’lon qilib. 

Lavrov: G‘arb G20 sammiti kun tartibini «ukrainalashtira» olmadi 

O‘z navbatida, Rossiya TIV rahbari G20 sammiti yakuniy bayonotidagi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga baho berishga oid band mazmunini ijobiy baholadi. «Ko‘p jihatdan global janubning o‘z manfaatlarini himoya qilishdagi mustahkam pozitsiyasi tufayli G‘arbning rivojlanayotgan mamlakatlar dolzarb vazifalarini muhokama qilish evaziga butun kun tartibini yana «ukrainalashtirish»ga urinishi muvaffaqiyatsiz bo‘ldi», dedi Lavrov Dehlidagi matbuot anjumanida. Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, bu band «Ukraina haqida emas». «U yerda Ukraina inqirozi tilga olinadi, lekin faqat dunyoda mavjud bo‘lgan barcha mojarolarni BMT nizomi maqsad va tamoyillariga to‘liq va o‘zaro bog‘liq holda hal qilish zarurati kontekstida», — deya uning so‘zlarini keltiradi «Interfaks».

Shu bilan birga, rossiyalik vazir Hindistondagi voqeani «burilish nuqtasi» deb atadi. «Hindiston raisligi, ehtimol, G20 butun faoliyati davomida, global janubdagi 20 a’zoni chinakamiga birlashtirdi. Bizning BRIKS bo‘yicha hamkorlarimiz ayniqsa faol bo‘ldi», - deya tushuntirdi u. 

9 sentabr kuni imzolangan deklaratsiya matni sammit mezboni Hindiston tomonidan Janubiy Afrika, Braziliya va Indoneziya bilan birgalikda ishlab chiqilgan. Unda ishtirokchilar Ukrainada «mavqega ega bo‘lish» uchun «kuch qo‘llash»ni qoraladi. Shu bilan birga, Moskva matnda Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzkorligi to‘g‘ridan to‘g‘ri qoralanmasligini ta’minladi. G20 deklaratsiyasi, shuningdek, «g‘alla bitimi»ni amalga oshirishga chaqiradi va yadro qurolidan foydalanish, shuningdek, yadroviy tahdidlarni tanqid qiladi. Kelishuvning imzolanishi kutilmagan hol bo‘ldi, chunki G20 Ukrainadagi urush bo‘yicha ikkiga bo‘lingan, deya qayd etadi Reuters. G‘arb davlatlari avvalroq Rossiyani keskin qoralashni talab qilgan bo‘lsa, boshqalar, jumladan, Xitoy ham iqtisodiy masalalarga kengroq e’tibor qaratishga chaqirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid