Jahon | 08:56 / 11.09.2023
9542
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya hududlarida saylovlar yakunlandi

Rossiya mintaqalari rahbarlari saylovida ko‘p hollarda amaldagi gubernatorlar 70-80 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi, Ukrainaning egallab olingan hududlarida o‘tkazilgan «saylovlarda» «Yagona Rossiya» 74 foizdan 83 foizgacha ovoz oldi.

Foto: TASS

Rossiyada mintaqaviy saylovlarda ovoz berish yakunlandi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, aksariyat hollarda amaldagi gubernatorlar yoki gubernator vazifasini bajaruvchi shaxslar 70-80 foizdan ko‘proq ovoz to‘plab, mintaqa rahbarlari uchun saylovlarda g‘alaba qozondi.

Bunday natijalar, xususan, Moskva, Samara, Nijniy Novgorod, Pskov, Orel, Voronej, Kemerovo, Omsk, Magadan viloyatlari, Primorsk va Krasnoyarsk o‘lkalari, Chukotka avtonom okrugi va Yoqutistonda qayd etilgan. 

Moskvada elektron ovoz berish natijalariga ko‘ra, Sergey Sobyanin 77,05 foizdan ko‘proq ovoz to‘plagan holda g‘alaba qozondi. Saylov uchastkalarida byulletenlarni sanash davom etmoqda, biroq Markaziy saylov komissiyasi rahbari o‘rinbosari Nikolay Bulayev amaldagi merni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklagan. Rossiya poytaxtida saylovchilarning umumiy ishtiroki 42,5 foizni tashkil etdi. 

Rossiyada saylov qonunchiligi buzilishi 

Naxodkada Primorsk o‘lkasi gubernatori saylovida ovoz berish butunlay soxtalashtirilgan bo‘lishi mumkin, deydi «Golos» harakatining sobiq hamraisi Roman Udot. U saylovchilarning ishtiroki bo‘yicha statistik ma’lumotlarni tahlil qilib, shaharning barcha hududlari bir vaqtning o‘zida bir xil ko‘rsatkichlarga erishganini aniqladi. Mutaxassis fikricha, bu ko‘rsatkich rasmiy saylovchilarning haqiqiy soniga aloqasi yo‘qligini anglatadi. 

Gelenjikda ikki nafar mustaqil kuzatuvchiga saylov uchastkalarida harbiy komissarlikka borish to‘g‘risida chaqiruv qog‘ozi berildi. Moskvada 8 sentabr kuni Rossiya Kommunistik partiyasidan Davlat dumasi deputati Sergey Obuxov saylov uchastkasidan byulletenlar xavfsiz qoplarda almashtirilayotgani aks etgan videoni e’lon qilganidan keyin 1246-sonli uchastkada byulletenlar bekor qilingani haqida xabar berildi. Xuddi shunday ayblovlar Ivanovo viloyatining Shuya shahridagi Rossiya Kommunistik partiyasi vakillari tomonidan ham aytildi. Oltoy o‘lkasida saylov uchastkalaridan birida komissiya a’zolari ovoz berish tugashiga ikki soat qolganda seyf-paketlardagi saylov byulletenlari soni to‘g‘risida dalolatnoma tayyorlagan, deb yozadi «Golos». 

Egallab olingan hududlardagi «saylovlar»da «Yagona Rossiya» g‘alaba qozondi

Rossiya «saylovlari» Ukrainaning egallab olingan hududlarida ham bo‘lib o‘tdi. Yevropa Ittifoqi ularni «xalqaro huquq va Ukraina suverenitetining navbatdagi qo‘pol buzilishi» deb atadi. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi bu «saylov simulyatsiyasi» ekanligini bildirdi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Vashington hech qachon Rossiyaning Ukraina suveren hududiga bo‘lgan da’volarini tan olmasligini va bunday «noqonuniy ovoz berish»ni qo‘llab-quvvatlaganlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llanishini aytdi. «Kreml bu oldindan belgilangan natijalar Rossiyaning Ukraina qismlariga nisbatan noqonuniy da’volarini kuchaytiradi, deb umid qilmoqda, ammo bu tashviqot tadbiridan boshqa narsa emas», dedi u. 

Xerson viloyatining egallab olingan hududlarida mahalliy «saylov komissiyasi» «Yagona Rossiya» 74,86 foiz ovoz bilan g‘alaba qozonganini e’lon qildi. «Zaporijjya Qonunchilik yig‘iniga saylovlar»da «Yagona Rossiya» 83,01 foiz, «LXR»da - 74,42 foiz, «DXR»da - 78,03 foiz ovoz oldi. 

Mavzuga oid