Jahon | 22:39 / 12.09.2023
14091
2 daqiqa o‘qiladi

Qazib olinadigan yoqilg‘i davrining intihosi boshlandi – XEA 

Xalqaro energetika agentligi (XEA) qazib olinadigan yoqilg‘i davrining «oxiri boshlanganini» e’lon qildi. Agentlik o‘z prognozida ko‘mir, neft va gazga global talabning eng yuqori cho‘qqisi shu o‘n yillikda sodir bo‘lishini taxmin qilgan. 

Foto: AFP

Xalqaro energetika agentligi (XEA) rahbari Fotih Birol dunyo qazib olinadigan yoqilg‘ilar davrining «intihosi» bo‘sag‘asida turganini aytdi. 

«Biz qazib olinadigan yoqilg‘i davrining oxiri boshlanganiga guvoh bo‘lyapmiz va keyingi davrga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak», dedi u. 

O‘tgan yili XEA qayta tiklanadigan energiyaning jadal rivojlanishi va elektr transport vositalarining tarqalishi tufayli uchta asosiy qazib olinadigan yoqilg‘iga (ko‘mir, neft va gaz) umumiy talab 2030 yilda eng yuqori cho‘qqiga chiqishini bashorat qilgan edi. Ammo endi bashoratini o‘zgartirib, bu yanada ertaroq yuz berishini ma’lum qildi. «Dunyo tarixiy burilish arafasida», dedi Birol. 

Birolning ta’kidlashicha, hatto dunyodagi eng yirik iste’molchi Xitoyda ham qayta tiklanadigan energiya va atom energetikasining rivojlanishi hamda iqtisodiyotning sekinlashishi ko‘mirdan foydalanishning tez sur’atda qisqarishidan dalolat beradi. XEA prognoziga ko‘ra, elektr transport vositalarining jadal rivojlanishi fonida neftga talab ham pasayishni boshlaydi. 2011 yilda e’lon qilingan «gazning oltin davri» ham nihoyasiga yetmoqda. Masalan, Yevropa Ukrainadagi urush fonida gazdan tezkor ravishda voz kechmoqda. 

Birol kelajakda neft va gaz ta’minotiga ma’lum investitsiyalar zarur bo‘lishini tan oldi, ammo yangi qazib olinadigan yoqilg‘i loyihalari «tashlab qo‘yilishidan» ogohlantirdi.  

«Yangi, keng ko‘lamli qazib olinadigan yoqilg‘i loyihalari nafaqat jiddiy iqlim xavflarini, balki jiddiy moliyaviy xavflarni ham keltirib chiqaradi», dedi u. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid