«Ota-onam shifokor bo‘lishimni xohlashgan»
Zafarbek Nabiyev Samarqand davlat tibbiyot universiteti 5-bosqich talabasi. U Qashqadaryo viloyati Koson tumanidan kelgan. Uning abituriyentlik davri Toshkentda o‘tgan. Poytaxtda o‘qishga tayyorlangan. Ancha oldin tayyorgarlikni boshlagani uchun darslar bilan muammolar ko‘p bo‘lmagan. Faqat uydan uzoqdaligi uchun ko‘nikishga qiynalgan. Ota-onasi uning shifokor bo‘lishini xohlashgan. Shu sababdan o‘zi ham ular egallagan kasbning davomchisi, yetuk shifokor-mutaxassis bo‘lishni maqsad qilgan va Samarqand davlat tibbiyot universitetiga o‘qishga kirgan. Hozirda davolash ishi yo‘nalishida tahsil olmoqda.

— Ko‘pchilik talabalar abituriyentlikdagi bedor tunlar-u, tinimsiz kitob o‘qishlardan so‘ng talabalikni o‘yin-kulgi qiladigan, ichish-chekishni o‘rganadigan fasl deb o‘ylaydi va afsuski, vaqtini shu kabi bekorchi va zararli narsalarga sarf qiladi. Menda ham o‘qishga kirganimning dastlabki vaqtlarida ayni shu narsalarga imkon bo‘lgan. Lekin mening niyatim faqatgina talabalik emas, yuqorida aytganimdek onamning kasbi davomchisi, yetuk mutaxassis bo‘lish. Ayni damda shahardagi ko‘z davolash klinikalarining birida ishlayapman. Haftaning shanba-yakshanba kunlari, ba’zida tushdan keyin bo‘sh vaqtlarim ustozim bilan o‘sha yerda tajriba orttiraman, — deydi Zafarbek.
«Atrofimdagi talabalarning ayrimlari shifokor bo‘lishidan qo‘rqaman»
— Tibbiyot sohasi talabalari yaxshi bilim olishi juda muhim. Buning uchun universitetda deyarli hamma sharoit yaratilgan. Oliygoh talabalaridan talab qilinadigan asosiy narsa — namunali o‘qish. Lekin ba’zilar ular o‘qishi uchun berilgan erkinliklarni boshqacharoq anglaydi, nazdimda. Oramizda superkontrakt asosida talaba bo‘lganlar bor. Shu paytgacha ularning hafsala bilan o‘qiganini ko‘rmadim. Bundan tashqari, atrofimdagi talabalarning ayrimlari shifokor bo‘lishidan qo‘rqaman. Yetarli bilimga ega bo‘lmay turib, diplomning o‘zi bilan kasb egasi bo‘lish mumkin emas. Ular shu soha ichidagi boshqa ishlar bilan shug‘ullangani ma’qul. Aksincha, diplom bo‘lmasa ham kerakli bilimlarni egallagan odam mutaxassis bo‘lishi mumkin, — deydi Zafarbek Nabiyev.
«Odam tanasiga inson emas, obekt sifatida qarashga o‘rgatishadi»
— Bizga hozirda tibbiyot bilan bog‘liq yo‘nalishlar umumiy o‘rgatiladi. Masalan, sud tibbiyoti fanida odam tanasining shikast yetgan joyini sinchkovlik bilan tekshirishimizga to‘g‘ri keladi. Bunday vaziyatlarda ustozlarimiz odam tanasiga inson emas, obekt sifatida qarashga o‘rgatadi. Bu ishimizni professional bajarishga yordam beradi. Biz har qanday holatda ham professional ishlashimiz kerak, aslida. Chunki ishimiz inson hayoti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq va hech qanday xato qilishga haqqimiz yo‘q. Istalgan kichik xatomiz kechirilmasligi, yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin, — deydi tibbiyot universiteti talabasi.


















