Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Ukraina muammosini hal etadigan joy emas” - G20 sammiti qanday o‘tdi?
G20 deklaratsiyasida o‘tgan yilgidan farqli ravishda Rossiyaning bosqinchiligi bevosita qoralanmagani – Moskvani muzokaraga chaqirish yo‘limi? Afrikaning tashkilotga qo‘shilishi G‘arb bu qit’ani BRIKSdan “qizg‘anayotgani”ni anglatadimi? “Geosiyosat”ning navbatdagi sonida shu kabi savollar ko‘tarildi.
9-10 sentabr kunlari katta yigirmatalik – G20 davlatlari rahbarlari Hindiston poytaxti Dehlida yig‘ildi. Kollektiv g‘arb bilan Saudiyaning ulkan loyihalari, Ukraina inqirozi, g‘alla kelishuvi va tashkilotga yangi a’zo qabul qilingani kabilar uchrashuvning siyosiy rangini boyitdi.
“Geosiyosat” dasturi mavzuni siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Sayfiddin Jo‘rayev bilan muhokama qildi.
— G20 Afrika ittifoqini ham tashkilotga qo‘shib iqtisodiy emas, yanada siyosiy shaklga aylanib boryaptimi? G20'ga qo‘shilish Janubiy Afrika uchun nima beradi?
Farhod Tolipov: G20'ning tarixi va evolyutsiyasini kuzatadigan bo‘lsak, birinchi tuzilgan paytidagi maqsadlardan biroz chetlashganga o‘xshaydi hozir. Eng rivojlangan 20 ta davlat jahon iqtisodiyotiga, muhtoj davlatlarga yordam berish maqsadi qo‘yilgan, o‘zi bu maqsadlarga qanchalar yaqinlashyapti? G20'ning tarkibini juda mukammal deb bo‘lmaydi, chunki unchalik rivojlanmagan davlatlar ham bor. Ayni shu tarkibga Afrika ittifoqini qo‘shish ham g‘alati va bir qancha savollarni o‘rtaga chiqaradi.
BRIKSdan Afrikani qo‘shtirnoq ichida “qizg‘anib” tortib olishdir, degan emotsional sabablar ham unchalik asos bo‘lolmaydi. Chunki hech kimni hech kim tortib ololmaydi. Ko‘p tomonlama tashkilotlar ko‘payib ketyapti bugungi kunda. Ko‘pida BMTning maqsad-vazifalari takrorlanadi. G20 Afrikaga qay darajada yordam berolishi ochiq savol bo‘lib qolyapti.
1950 yillarda bir qator Afrika va Osiyo davlatlari Bandung konferensiyasida “77lar guruhi”ni tuzadi. Unda sobiq mustamlaka mamlakatlar bo‘ladi. Ular yangi iqtisodiy dastur tuzishadi, BMTga kuzatuvchi bo‘lib ro‘yxatdan ham o‘tishadi. Ular o‘z talabnomalari bilan chiqadi. Unda o‘z davrida mustamlakachi bo‘lgan davlatlarga bir qancha talablar qo‘yiladi. Ammo faqat eng rivojlangan bir nechta davlat bu talablarni bajargan, qolganlari tan olmagan ham.
Sayfiddin Jo‘rayev: G20'ga Afrika ittifoqining qo‘shilishini adolatli deb bilaman, chunki bu qit’adan faqat JAR bor edi oldin. Dunyoda kuchlar markazi o‘zgaryapti. Deylik, Afrika butunlay Xitoy ta’siriga tushib qolmasligi uchun ham bu ish qilingandir. Rivojlanish bo‘lib, Afrikaning ham kuchayayotgani sababli balki bu tashkilot salmog‘i oshar.
Afrika ittifoqida 54 ta davlat bo‘lgani bilan ularning manfaatlari bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Bundan tashqari, ittifoqda faqat 5 ta davlat faolroq. Lekin shunda ham G20ʼga qo‘shilish orqali Afrika o‘z muammolarini kun tartibiga chiqarishiga imkon bo‘ladi. Moliyaviy va humanitar yordamlarning miqdori oshishi mumkin. Qit’adan tashqarida ham manfaatlari to‘g‘ri keladigan sheriklar topishar.
— Xitoy rahbari Si Jinping sammitda ishtirok etmaganiga sabab – Xitoy liderlik qilayotgan BRIKSdan G20'ning obro‘sini pasaytirishmi? Yoki bu Xitoy va Hindiston munosabatlari bilan bog‘liqmi?
Farhod Tolipov: Bu vaziyatga juda bir keskin qaramaslik kerak. Bunday jarayonlar tarixan mavjud, Xitoy va Hindiston ko‘pgina tashkilotlarda bir tarkibda a’zo. Xitoy raisi bo‘lmasa-da, shu davlatning bir vakili keldi-ku. Balki boshqa jiddiy sabablar bor kelmaganiga. Ayrim manbalarda Xitoyning o‘zida iqtisodiy va siyosiy inqiroz boshlanayotgan bo‘lishi mumkin, noroziliklar bor, deyilmoqda. Shu ham bir sababdir ehtimol.
Bundan tashqari, Hindiston Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” loyihasiga alternativ o‘z loyihasini taqdim etdi va sammitda qabul qilindi. Bilamizki, sammitlardagi hujjat oldindan rasmiylashtiriladi. Xitoy ham bu narsadan xabardor bo‘lgan. Shuning uchun o‘z noroziligini bildirgandir bu bilan. Faqat taxminlar qilish mumkin. Lekin menimcha, Hindistonning loyihasi bilan Xitoyning loyihasi zarar ko‘rmaydi.
Sayfiddin Jo‘rayev: Xitoy va Hindistonning kelishmaydigan jihatlari bor. Bu yerda ramziy tomondan AQSh bilan signalli munosabat bordir. Bayden ham Xitoy rahbari bilan uchrashish niyati bo‘lganini aytdi. Demak, XXR va AQSh o‘rtasida muammoli masalalar yig‘ilib qolyapti.
Yuqorida aytilgan Xitoy va Hindistonning loyihalari bir-birini to‘ldiruvchi deb o‘ylayman, Farhod aka aytganidek, zarar ko‘rmaydi Xitoy. Saudiya Arabistonining Hindiston loyihasida bo‘lishi Yaqin Sharqning ham ovozi o‘sayotganidan, ya’ni Saudiya barcha kuchli davlatlar bilan bir xil munosabatda bo‘lmoqchi. Hindiston loyihasi hali-beri amalga oshib, kuchayib ketishi qiyin, chunki Xitoyning loyihasi allaqachon ishlayapti.
- To‘liq intervyuni video tarzida tomosha qiling.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.