Jahon | 22:21 / 15.09.2023
9681
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar Rossiyada moslashish kurslaridan o‘tadi

Dastur bir nechta asosiy mavzularni o‘z ichiga oladi: migratsiya mehnat qonunchiligi, zarur hujjatlarni olish tartiblari, shuningdek, jamoat joylarida o‘zini tutish qoidalari.

Foto: TASS

Rossiya shaharlarida Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar uchun moslashuv kurslari boshlandi. Ular Rossiyaning millatlar bo‘yicha federal agentligi (FADN) tomonidan mehnat migrantlarini Rossiya qonunchiligi asoslari va jamiyatda o‘zini tutish qoidalari bilan tanishtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Dastur bir nechta asosiy mavzularni o‘z ichiga oladi: migratsiya mehnat qonunchiligi, zarur hujjatlarni olish tartiblari, shuningdek, jamoat joylarida va umuman Rossiya jamiyatida mahalliy madaniy xususiyatlarni hisobga olgan holda muhim xatti-harakatlar normalari, deb xabar berdi Rg.ru.

FADN rahbari Igor Barinov, ayniqsa, ayrim migrantlarning xatti-harakatlari bilan bog‘liq muammolar nuqtai nazaridan, ushbu kurslarning dolzarbligini ta’kidladi.

«Asosiy vazifa – migratsiya muhitidagi keskinlikni pasaytirish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, odamlar nimaga qodir, nima qilishi mumkin emas, nima jazoga olib kelishi muqarrar ekanini bilishi lozim», dedi Barinov.

Shuningdek, u so‘nggi yillarda migratsiya muammolari eng dolzarb va eng qiyinlaridan biri bo‘lganini ta’kidladi.

«Agar davlat milliy siyosati sohasida mavjud muammolarni oladigan bo‘lsak, migratsiya masalasi alohida ajralib turadi. Aynan u odamlarda eng katta his-tuyg‘ularni uyg‘otadi. Biz dunyodagi eng ko‘p millatli mamlakatlardanmiz, deyarli har bir mintaqada madaniyatlararo muloqot tajribasi mavjud. Ammo urf-odatlarimizni, madaniyatimizni, huquqiy me’yorlarimizni qabul qilishni istamaydigan odamlarning bu og‘ir xatti-harakati g‘azabga sabab bo‘lmoqda. Bu turli mojarolarni keltirib chiqaradi», dedi u.

Shu bois, bu yil tajriba sifatida yangi markazlarni qurish emas, balki FMM negizida kurslar ochishga qaror qilindi. Barinovning ta’kidlashicha, chet elliklar uchun moslashuv kursi iyul oyidan boshlab Moskva viloyati, Kaliningrad, Perm, Krasnodar o‘lkasi va Yoqutistonda ish boshladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid