O‘zbekiston | 20:44 / 19.09.2023
9163
2 daqiqa o‘qiladi

Hukumat hokimiyatlarga kommunal xizmatlar tariflarini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi 

Shu bilan birga, kuz-qish mavsumida aholi uchun issiqlik ta’minoti xizmatlari narxini oshirib yubormaslikni ta’kidladi. 

O‘zbekiston hukumati hokimiyatlarga kommunal xizmatlar tariflarini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi. Bu Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida nazarda tutilgan. Qaror 1 oktyabrdan kuchga kiradi. 

Qarorda Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahri hokimiyatlariga issiqlik ta’minoti, suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari, shahar yo‘lovchi transportida (taksilardan tashqari) yo‘lovchilarni tashish xizmatlari uchun yangi tariflarni belgilashni tavsiya qilgan. Shu bilan birga, kuz-qish mavsumida aholi uchun issiqlik ta’minoti xizmatlari narxi oshib ketmasligi qayd etilgan. 

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tariflarni qayta ko‘rib chiqishda narxlarning asossiz oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik topshirig‘i berilgan. 

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab quyidagilarni qayta ko‘rib chiqish topshirilgan:

- tabiiy gaz va elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, sotish tariflarini hamda issiqlik energiyasini ishlab chiqarish tariflarini;

- elektr va issiqlik energiyasi, shuningdek, tabiiy gaz iste’molchilaridan va ulgurji qayta sotuvchilardan tushadigan mablag‘larni taqsimlash tartibini;

- temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchilarni tashish xizmatlari va boshqa tariflarni. 

Eslatib o‘tamiz, 1 oktyabrdan boshlab yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxi oshadi. Aholi uchun esa tariflar o‘zgarishsiz qolgan. 

Mavzuga oid