Jahon | 00:42 / 21.09.2023
10323
3 daqiqa o‘qiladi

Blinken BMT Xavfsizlik Kengashida Ukrainaga tashrifi chog‘ida ko‘rgan dahshatlari haqida gapirdi

AQSh Davlat kotibi Yagidne qishlog‘idagi yerto‘la va yaqinda Rossiyaning Ukrainaga qilgan hujumlari haqida gapirdi.

Foto: AP

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken BMT Xavfsizlik Kengashidagi nutqida Ukrainaga yaqinda qilgan safari chog‘ida Chernigiv viloyati, Yagidne qishlog‘ida ko‘rgan taassurotlari haqida gapirdi.

Uning ta’kidlashicha, u yerda rossiyaliklar 300 nafar ukrainalikni, asosan ayollar, bolalar va qariyalarni bir oydan ortiq yerto‘lada ushlab turishgan va ulardan tirik qalqon sifatida foydalangan. Bu haqda CNN xabar berdi.

Blinken so‘zlariga ko‘ra, u Yagidne qishlog‘idagi yerto‘lada «devorga qo‘lda yozilgan ismlarning ikkita ro‘yxatini» ko‘rgan.

«Birida rossiyalik jangchilar tomonidan qatl etilgan qishloq aholisining ismlari bor edi. Ikkinchisida — yerto‘lada halok bo‘lganlar. Eng keksa qurbon 93 yoshda, eng kichigi olti haftalik chaqaloq edi. Rossiyaliklar faqat kuniga bir marta jasadlarni olib chiqishga ruxsat bergan. Shuning uchun bolalar, ota-onalar, er-xotinlar o‘z yaqinlarining jasadi bilan soatlab vaqt o‘tkazishga majbur bo‘lishgan», dedi Blinken.

Uning ta’kidlashicha, bu voqealar Ukrainadagi bitta joyda, bitta binoda sodir bo‘lgan va bunday joylar ko‘p.

Shuningdek, Blinken BMT Xavfsizlik kengashida Rossiyaning yaqinda Ukrainaga qilgan hujumlarini esladi.

«Faqat o‘tgan haftaning o‘zida Rossiya Kriviy Rigdagi turar-joy binolarini bombardimon qildi, Lvivdagi gumanitar yordam omborlarini yoqib yubordi, Odessadagi g‘allani yo‘q qildi, Sumi viloyatida 8 ta aholi punktini bir kunda o‘qqa tutdi. Buni Ukraina oilalari har kuni boshdan kechirmoqda…», dedi Blinken.

Blinken o‘z nutqida Rossiyaning xalqaro tartibni buzayotgani haqida ham gapirdi.

«Birlashgan Millatlar Tashkilotiga va o‘zi yoqlayotgan narsalarga nisbatan bunchalik nafrat ko‘rsatayotgan mamlakatni tasavvur qilish qiyin. Buni Xavfsizlik Kengashida doimiy o‘ringa ega mamlakat sodir qilmoqda», dedi u.

Entoni Blinken 6 sentabr kuni e’lon qilinmagan tashrif bilan Ukrainaga bordi. Tashrif davomida u 2022 yilda bosib olingan Kiyev va Chernigiv viloyati hududlariga, xususan, rossiyaliklar yuzlab odamlarni ushlab turgan Yagidne qishlog‘ida ham bo‘lgan edi.

Mavzuga oid