Jahon | 13:21 / 21.09.2023
7100
3 daqiqa o‘qiladi

BMTda «okeanlar uchun konstitutsiya» imzolandi

Dengiz biologik xilma-xilligi bo‘yicha global pakt 2030 yilgacha dunyo quruqlik va suvlarining 30 foizini himoya qilish bo‘yicha kelishilgan maqsadga erishish uchun muhim vosita sifatida ko‘rilmoqda.

Foto: SWR

21 sentabr, chorshanba kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh assambleyasida 67 davlat BMTning Jahon okeanlarini himoya qilish bo‘yicha yangi konvensiyasini imzoladi. «Konvensiyani imzolash orqali biz okeanlarni inson bosimidan himoya qila olamiz va 2030 yilgacha sayyoramizning kamida 30 foizini himoya qilish maqsadimizga bir qadam yaqinlasha olamiz», dedi Yevropa Ittifoqining atrof-muhit bo‘yicha komissari Virginiyus Sinkevichus. U hujjatni «okeanlar uchun konstitutsiya» deb atadi. Shartnoma kuchga kirishi uchun davlatlar tomonidan milliy darajada ratifikatsiya qilinishi kerak.

Deyarli 15 yil davomida muhokama qilingan Dengiz bioxilma-xilligini himoya qilish bo‘yicha global pakt 2023 yil mart oyida kelishilgan va iyun oyida BMT tomonidan rasman qabul qilingan. U o‘tgan yili kelishilgan 2030 yilgacha dunyo yer va suvlarining 30 foizini («30 gacha 30») himoya qilish maqsadiga erishish uchun muhim vosita sifatida qaralmoqda. So‘nggi yillarda havo haroratining ko‘tarilishi va cheklanmagan baliq ovlash tufayli dunyo okeaniga tahdidlar kuchaygan. Okeanlarning karbonat angidridni singdirish qobiliyatini oshiradigan dengiz tubida qazib olish va geoinjyeneriya texnologiyalaridan yangi xatarlar paydo bo‘lishi mumkin.

«30 gacha 30» maqsadiga erishish uchun atrof-muhitni muhofaza qilish guruhlari kelishuv 2025 yilgacha to‘liq amalga oshirilishi kerakligini bildirdi. «Okean kuta olmaydi va kelishuv deyarli 20 yil davomida tuzilganini hisobga olsak, vaqtni behuda sarflashga hojat yo‘q», dedi Butunjahon tabiatni muhofaza qilish jamg‘armasining dengiz ishlari bo‘yicha eksperti Jyessika Bettl. O‘z navbatida, Butunjahon tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) hisob-kitoblariga ko‘ra, kelishuvni amalga oshirishni boshlash uchun 500 million dollar, amalga oshirish va salohiyatini rivojlantirish uchun maxsus fond yaratishga esa yiliga yana 100 million dollar kerak bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid