Jahon | 22:03 / 23.09.2023
13806
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya, AQSh va Xitoy yadroviy sinovlarni qayta boshlashi mumkin – OAV

Xitoydagi Shinjon yadro poligonida, AQSh Nevada cho‘lida va Shimoliy Muz okeanidagi Rossiyaga tegishli Novaya Zemlya arxipelagida yangi yadro obektlari paydo bo‘lgan.

Foto: CNN

Rossiya, AQSh va Xitoy so‘nggi bir necha yil ichida yadroviy inshootlarini modernizatsiya qilmoqda. Bu haqda CNN sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahliliga tayanib xabar berdi.

Olingan ma’lumotlarga qaraganda, Xitoydagi Shinjon yadro poligonida, AQSh Nevada cho‘lida va Shimoliy Muz okeanidagi Rossiyaga tegishli Novaya Zemlya arxipelagida yangi yadro obektlari paydo bo‘lgan.

Yadro qurollarini tarqatmaslikni o‘rganish markazi professori Jyeffri Lyuis so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi uch-besh yil ichida ushbu hududlarda yangi tunnellar, yo‘llar va omborxonalar qurilgan, shuningdek, transport vositalari harakati jadallashgan.

«Biz Rossiya, Xitoy va AQSh yadroviy sinovlarni qayta boshlashi mumkinligi haqida ko‘p ishoralarni ko‘ryapmiz», dedi Lyuis.

1996 yilda Yadro sinovlarini to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganidan beri ushbu davlatlarning hech biri yer osti yadro sinovlarini o‘tkazmagan. Xitoy va Qo‘shma Shtatlar shartnomani imzoladi, lekin uni hech qachon ratifikatsiya qilmadi. Rossiya esa uni imzoladi va ratifikatsiya qilgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid