O‘zbekiston | 07:49 / 26.09.2023
1513
2 daqiqa o‘qiladi

Parlament qo‘mitalariga hukumat a’zolari hisobotini eshitish tashabbusi bilan chiqish huquqi beriladi

Parlament tekshiruvini Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Qonunchilik palatasi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida Oliy Majlis palatalarining faoliyatini tartibga soluvchi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirishga qaratilgan normalar aks etdi. Mazkur qonun loyihasi bilan 13 ta qonunga va 1 ta Kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekani mustahkamlanmoqda. Ushbu qoidaning kiritilishi davlat ishlarini boshqarishda fuqarolarning ishtirokini kengaytiradi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan Qonunchilik palatasi fraksiya rahbarining vakolatlari alohida moddada aniq belgilab qo‘yilmoqda. Parlament tekshiruvini Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga hukumat a’zolarining hisobotlari va davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish tashabbusi bilan chiqish huquqi berilmoqda.

Savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Mavzuga oid