19:17 / 27.09.2023
32839

Osiyo o‘yinlari kundaligi. O‘zbekistonda yana 6 ta medal

Bugungi dasturlarda O‘zbekiston vakillari jami 6 ta medal olishdi, shundan uchtasi shaxmatchilar jamoasi tomonidan qo‘lga kiritildi, erkak bokschilar jamoasida ilk yo‘qotish ro‘y berdi. O‘zbekiston delegatsiyasi jami 28 ta medal bilan umumiy reytingda 4-o‘rinda joylashgan.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

27 sentabr kuni Hangjou shahrida XIX yozgi Osiyo o‘yinlari doirasida navbatdagi bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Kun davomida O‘zbekiston delegatsiyasi 11 ta sport turida ishtirok etdi. Kun yakuniga kelib O‘zbekiston nomiga 1 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallar qo‘shib qo‘yildi.

Dzyudo

O‘zbekiston dzyudochilar jamoasi aralash jamoaviy dasturda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Chorakfinaldan bahslarga kirishgan jamoa dastlab Tailandni 4:0 hisobida mag‘lub etishdi, yarimfinalda esa Xitoy vakillaridan 4:2 hisobida ustun kelishdi.

Ammo o‘zbekistonliklar finalda ushbu sport vatani hisoblangan Yaponiya jamoasi vakillariga 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lishdi va kumush bilan cheklanishdi. 

Shu tariqa, O‘zbekiston dzyudo jamoasi jami 3 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza olgan holda, Yaponiyadan (5-3-2) keyingi ushbu sport bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi.

Taekvondo

O‘zbekiston delegatsiyasida oltin olish uchun asosiy da’vogarlardan biri sanalgan taekvondochi Ulug‘bek Rashidov bildirilgan ishonchni oqladi va O‘zbekiston jamoasiga oltinchi oltin medalni taqdim etdi.

Osiyo o‘yinlarida -68 kg vazn toifasida ishtirok etgan ushbu sportchi finalga yo‘l davomida hongkonglik Lo Vay Fung (14:1, 16:4), taybeylik Yi Jui Chiu (13:0, 17:4), janubiy koreyalik Jin Hojun (16:9, 16:7) kabi sportchilarni yengib, finalga chiqdi. Oltin uchun bahsda ham iordaniyalik Abdulkarim Zaidni osonlik bilan mag‘lub etdi - 14:6, 13:9.

Shu kuni taekvondo bo‘yicha bahslarda O‘zbekiston jamoasining yana bir vakili Feruza Sodiqova ham finalga chiqdi. -67 kg vazn toifasidagi bahslarda qatnashgan ushbu sportchi o‘z yo‘lida tailandlik Tongchan Sasikarn (5:4, 11:10), qozog‘istonlik Nuray Hussaynova (6:8, 10:1, 7:2) va eronlik Melika Mirhossaynini (2:3, 13:10, 18:6) kabi raqiblarni mag‘lub etdi. Ammo finalda xitoylik Song Jiyega yutqazib qo‘ydi (0:2, 3:9) va kumush bilan cheklandi.

 

-80 kg vazn toifasida qatnashgan Jasur Jaysunov esa dastlab kuvaytlik Bandar Alinaziyni mag‘lub etdi (10:0, 13:2), ammo chorakfinalda iordaniyalik Solih Elsharabatiyga yutqazdi (2:0, 5:8, 2:4) va medalsiz qoldi.

Shaxmat

Yakkalik bahslarda qatnashgan to‘rt shaxmatchining 3 nafari Osiyo o‘yinlari sovrindorlariga aylanishdi, ammo kutilgan oltin qo‘lga kiritilmadi.

Bugungi bahslarda (8-9 turlar) Nodirbek Abdusattorov hindistonlik Arjun Erigasini va viyetnamlik Le Tuan Minghni mag‘lub etib, o‘z hisobiga yana ikki ochko (jami 7) qo‘shib qo‘ydi, ammo bugungi bellashuvlar arafasida undan yarim ochkoga oldinda turgan xitoylik Vei Yi ham yutqazmadi va oradagi farqni saqlab qolgan holda 7,5 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi.

E’tiborli jihati, Abdusattorov oldingi turlarda ushbu xitoylik shaxmatchini mag‘lub etgandi, ammo u oldingi turlarda vatandoshi Javohir Sindarov, shuningdek, mo‘g‘ulistonlik Bilgun Sumiya bilan durang o‘ynagani, hindistonlik Vidit Gujarathiga yutqazgani qimmatga tushdi.

O‘z navbatida, o‘sha durang yakunda Javohir Sindarov medal olishini ta’minladi. U bugungi bahslarda xitoylik Bu Hiangzi hamda uchinchi o‘rin uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri raqibi bo‘lgan hindistonlik Vidit Santoshni yengib, bronza medalga ega chiqdi.

Umida Omonova 7 turdan keyin 5,5 ochko to‘plab ikkinchi o‘rinda joylashgandi, ammo bugungi bahslarda u deyarli hal bo‘lgan oltinni qo‘ldan chiqardi. U dastlab qozog‘istonlik Jansaya Abdumalikni mag‘lubiyatga uchratdi, hal qiluvchi bahslarda esa peshqadamlik qilib turgan xitoylik shaxmatchi Ju Jiner hindistonlik Harika Drovalliga yutqazib qo‘ydi, bu holatda durang ham O‘zbekiston vakilini qanoatlantirgan bo‘lardi, ammo u viyetnamlik Fam Nguyeng bilan durang bo‘lib turgan vaziyatda yutqazdi va oltindan quruq qoldi.

Oldingi turlarda 3 g‘alaba, 1 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etgan holda medallar uchun kurashni tark etgan Nilufar Yoqubboyeva esa hindistonlik va viyetnamlik raqiblariga ham yutqazdi.

Endi shaxmatchilar jamoaviy bahslarda qatnashishadi.

Boks

Bugun O‘zbekiston boks jamoasining yana uch vakili Osiyo o‘yinlaridagi bahslarga kirishdi.

Dastlab -50 kg vazn toifasida ishtirok etgan Sabina Boboqulova singapurlik Danisha Do to‘sig‘idan o‘tdi.

Keyin -92 kg vazn toifasi vakili Lazizbek Mullajonov hindistonlik Sanjitni mag‘lub etdi va chorakfinalga o‘tdi. 

Ammo 63,5 kg vazn toifasida amaldagi Osiyo va jahon chempioni Ruslan Abdullayev mo‘g‘ulistonlik Batarsuh Chinzorigga yutqazib, saralash bosqichidayoq turnirni tark etdi. Bu O‘zbekiston erkaklar boksidagi ilk yo‘qotish bo‘ldi.

Tennis

Tennis bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zosi Humoyun Sultonov yarimfinalga yo‘l oldi. Taybey vakili Chun-Xsin Sengga qarshi kortga tushgan sportchimiz 4:6, 7:6 va 6:1 hisoblarida g‘alaba qozondi.

Shu bilan birga, Humoyun Sultonov va Sergey Fomin juftligi Taybey jamoasiga 2:6, 3:6 hisoblarida yutqazdi.

Stol tennisi

Rozalina Xo‘jayeva saralash bosqichida Singapur vakiliga yutqazib, ishtirokini to‘xtatdi.

Handbol

O‘zbekistonlik erkak handbolchilar bugun o‘tkazilgan turda Bahraynga 25:47 hisobida yutqazdi, erkaklar Qozog‘istonga 33:37 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Oldingi turda erkaklar jamoasi Qozog‘istonga 27:31 hisobida imkoniyatni boy berishgan bo‘lsa, ayollar jamoasi Janubiy Koreyaga 16:42 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.

Suv polosi

Ushbu sport bo‘yicha bahslarda ishtirok etayotgan O‘zbekiston ayollar jamoasi 3-turda Tailand vakillariga 11:17 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Oldingi turlarda Xitoyga 5:33 hisobida mag‘lub bo‘lingan, Janubiy Koreya jamoasi 18:8 hisobida mag‘lubiyatga uchratilgandi. So‘nggi turda Yaponiyaga qarshi bahs kutmoqda.

Suzish

Eldor Usmonov 100 metrga batterflay usulida suzish bahslarida saralash guruhida uchinchi natija bilan finalga chiqdi. Ammo finalda eng oxirgi - 8-o‘rinda qolib ketdi.

Yegor Petryakov esa 200 metrga fristayl usulida suzish bahslarida saralash guruhida beshinchi natijani qayd etib, final bosqichiga o‘ta olmadi.

Qilichbozlik

Jamoaviy rapira bahslarida qatnashgan O‘zbekiston jamoasi dastlab Tailandni 45:26 hisobida yenggandi, ammo chorakfinalda Xitoy vakillariga 26:45 hisobida yutqazishdi. 

Jamoaviy shpaga bo‘yicha bahslarda qatnashgan O‘zbekiston ayollar jamoasi esa chorakfinalda Yaponiya vakillariga 32:45 hisobida mag‘lub bo‘lishdi.

***

Shu tariqa, bugun 1 oltin, 3 kumush va 2 bronza bilan kifoyalangan O‘zbekiston jami medallar sonini 28 taga yetkazgan holda (6-10-12) umumiy reytingda 4-o‘rinda qolmoqda. Bungacha o‘zbekistonliklar kuniga 7 tadan kam medal olmayotgandi (7-7-8).

Top