O‘zbekiston | 23:19 / 27.09.2023
7569
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Amerikaning General Electric kompaniyasi bilan 60 mln dollarlik shartnoma imzoladi 

Kompaniya O‘zbekistondagi elektr stansiyalari energobloklarini modernizatsiya qiladi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qo‘shma Shtatlarga tashrifi doirasida tashkil etilgan AQSh-O‘zbekiston biznes forumida «O‘zbekenergota’mir» AJ va General Electric kompaniyasi 60 mln dollarlik shartnoma imzoladi. 

Qayd qilinishicha, mazkur hamkorlik O‘zbekistondagi elektr stansiyalari energobloklari modernizatsiyasini amalga oshirishga qaratilgan. Shartnoma doirasida elektr stansiyalariga texnik xizmat ko‘rsatishdan tashqari, yangi ehtiyot qismlar yetkazib beriladi va demontaj qilingan ehtiyot qismlarini tiklash ishlari amalga oshiriladi. 

«O‘zbekenergota’mir» AJ bosh direktori Ilhom Rajabov so‘zlariga ko‘ra, hamkorlik natijasida elektr energiyasining yakuniy narxi pasayishiga erishiladi. 

«Bu bilan mamlakatimiz elektr energetikasi tarmog‘iga zamonaviy, yuqori rivojlangan va energosamarador uskunalarni olib kiramiz, sohadagi eng ilg‘or texnologiyalarni o‘zimizda joriy etish, natijada yoqilg‘i sarfini kamaytirish va ishlab chiqarishni raqamlashtirish evaziga mahsulotning yakuniy narxini pasaytirishga erishamiz», dedi u. 

Shuningdek, hamkorlik doirasida «O‘zbekenergota’mir» yosh xodimlari amerikalik mutaxassislar ishtirokida bajariladigan ta’mirlash va sozlash ishlari orqali o‘z malakasini oshirishi ham aytilmoqda. 

General Electric – Amerikaning ko‘ptarmoqli korporatsiyasi bo‘lib, ko‘plab texnikalarni, jumladan, aviatsiya dvigatellari, energetika uskunalari, atom reaktorlari va gaz turbinalarini ishlab chiqaradi. 2023 yil mart oyiga kapitalizatsiyasi 98,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid