Jahon | 22:42 / 27.09.2023
13207
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada Janubi-Sharqiy Osiyodan migrantlar oqimini oshirish taklif etildi 

Mehnat resurslariga bo‘lgan ehtiyojni MDH fuqarolari hisobidan qondirish imkonsiz ekani aytilmoqda. 

Foto: iarex.ru

Biznes-ombudsman Boris Titov prezident Vladimir Putinga murojaat qilib, viza talab qilinadigan davlat fuqarolari uchun mehnat migratsiyasi mexanizmini soddalashtirishni taklif qildi. Bu haqda RBK yozdi. 

Ombudsman so‘zlariga ko‘ra, gap Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, jumladan: Viyetnam, Kamboja, Laos, Myanma, Tailand, Bruney, Sharqiy Timor, Filippin, Malayziya, Indoneziya va Singapur haqida ketmoqda. Ushbu mintaqada 655 million kishi yoki dunyo aholisining qariyb 8 foizi istiqomat qiladi. 

«O‘sib borayotgan iqtisod misli ko‘rilmagan darajada ishchi kuchi yetishmovchiligiga duch kelmoqda. Endi MDH fuqarolari hisobidan mehnat resurslariga bo‘lgan ehtiyojni qondirishning iloji bo‘lmagani uchun, viza rejimiga ega mamlakatlardan xorijiy ishchi kuchini keng jalb etish orqali bozorini to‘ldirish mumkin», deyiladi Titov maktubida. 

Shuningdek, Titovning takliflari orasida quyidagilar ham bor:

- Rossiyaga viza rejimiga ega davlatlardan bir yildan kam muddatga kelgan ishchilar uchun mehnat ruxsatnomasini patent berish bilan almashtirish;

- Ular uchun Rossiyaga kelganidan keyin 30 kun ichida tibbiy ko‘rikdan o‘tish va barmoq izini ro‘yxatdan o‘tkazish talabini belgilash, ammo rus tili, tarixi va huquq asoslari bo‘yicha imtihon topshirish talabini bekor qilish;

- ish beruvchining iltimosiga binoan mehnat migrantlari guruhlari uchun viza berishni onlayn tarzda o‘tkazish. 

«Kadrlar sohasida bizga samarali choralar kerak. Bugun milliy o‘zlikni himoya qilish haqida ko‘p gapirilmoqda, buning fonida, aksincha, eng yaqin qo‘shnilarimiz uchun kirish tartibini kuchaytirish va boshqa takliflar mavjud. Ammo bunday qadamlarning madaniy ma’nodagi barcha afzalliklariga qaramay, agar iqtisodchining hushyor nigohi bilan qaralsa,  ular mutlaqo noreal bo‘lib qoladi. Ishchi kuchi taqchilligi allaqachon pul-kredit siyosatida qaror qabul qilish yo‘lidagi asosiy to‘siq sifatida tan olingan va bu muammoni hal qilmasak, iqtisodiyot to‘xtab qoladi», dedi Titov. 

Biznes-ombudsman ma’lumotlariga ko‘ra, Iqtisodiy o‘sish instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada 54 foiz tadbirkor ishchi kuchi yetishmasligini aytgan. 

Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi muammosi COVID-19 pandemiyasi davrida avjiga chiqdi. Ukrainada urush boshlangach va ommaviy safarbarlik e’lon qilingach esa o‘ta jiddiy tus oldi. Bundan tashqari, rublning hozirgi zaiflashishi ham Rossiya bozorining mehnat migrantlari uchun jozibadorligini yanada kamaytirdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid