Jahon | 19:49 / 28.09.2023
39530
10 daqiqa o‘qiladi

Qodirov atrofida yangi mojaro: uning o‘g‘li Qur’onni yoqqan rossiyalikni tergov qamoqxonasida kaltaklagan

Checheniston rahbari o‘g‘li bilan faxrlanishini aytdi, rossiyaliklar esa undan norozi.

Foto: Adam Qodirovning Instagram sahifasi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 25 sentabr kuni telegram-kanalida o‘z o‘g‘li Adam Qodirov Qur’oni karim nusxasini yoqishda ayblanayotgan Nikita Juravelni kaltaklagani tasvirlangan video joyladi. Qodirov videodagi o‘z o‘g‘li ekanini tasdiqlab, uning bu harakatlaridan faxrlanishini aytgan. Bu video ortidan Qodirov atrofida yangi mojaro avj oldi.

«O‘g‘lim bilan faxrlanaman»

Qodirov o‘g‘li Juravelni tergov qamoqxonasida urayotgani aks etgan videoni kanaliga joylar ekan, postga quyidagi matnni ham ilova qilgan: «Tarmoqda o‘g‘lim Adam Qodirov muqaddas Qur’on kitobini yoqqan Nikita Juravelni urgani haqida mavzu muhokama qilinib, videodagi chindan Adam Qodirovmi, degan savol o‘rtaga chiqmoqda. Noaniqlikni yomon ko‘raman va shu sabab aniqlik kiritmoqchiman.

Ha, u chindan o‘g‘lim Adam Qodirov. Urgan va to‘g‘ri qilgan. Men har qanday muqaddas yozuvlarga hurmatsizlik qiladigan, ularni yoqadiganlar jazolanishi kerak deb hisoblayman. Yurtimizda muqaddas yozuvlarni himoya qiluvchi prezident Vladimir Putin tomonidan imzolangan qonun amalda. Diniy qadriyatlar yuqori darajada himoya qilinadi. Va buni provokatorlar tortib ololmaydi.

Hech qanday mubolag‘asiz aytmoqchimanki, Adamning qilgan ishidan faxrlanaman. U doim kattalar orasida o‘sishga harakat qilardi. Shu sabab g‘ururi, fikrlari va dinini himoya qilish istagi ham kattalarnikidek. Uning tanlovini hurmat qilaman».

Bu post Qodirovning telegram-kanalida 1,5 million marta ko‘rilgan. U e’lon qilinishi bilan boshqa pabliklarda ham tezda tarqaldi. Rossiyada jamoatchilik Adam Qodirovning harakatlari va Checheniston yetakchisining gaplarini faol muhokama qilmoqda. Rus nashrlarida Qodirovning o‘g‘li tergov hibsxonasidagi Juravelni urgan bo‘lishi mumkinligi haqida avvalroq ham xabarlar tarqalgandi. Ammo holat videosi Ramzan Qodirovning salomatligi yomonlashgani haqidagi xabarlar fonida uning kanalida birinchi marta paydo bo‘ldi.

Kreml munosabat bildira olmadi

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 25 sentabr kuni jurnalistlar bilan navbatdagi konferens-koll (telefon muloqoti shaklidagi matbuot anjumani) o‘tkazgan. So‘zi avvalida Peskov oldindan Qodirovning o‘g‘li bilan bog‘liq videoni muhokama qilmasligini aytgan. Jurnalistlar buning sababini so‘raganda esa shunchaki, “xohlamayman”, deb javob qaytargan.

Rus nashrlari Qodirov e’lon qilgan bu videoga mamlakat yuqori martabali siyosatchilaridan hech biri munosabat bildirmaganiga e’tibor qaratgan. Chindan ham bu holat bo‘yicha Rossiya huquq-tartibot organlari ham hech qanday ish ochmagan. Rossiyada yuqori martabali siyosatchilar orasida faqat bir kishi aynan Adam Qodirovning ismini aytib, uning qilgan ishi qonunga zid bo‘lsa, jazosini olishi lozimligini aytdi. Bu – Ramzan Qodirovning o‘zi. Bu haqda Qodirov rossiyalik jurnalist Kseniya Sobchak bilan intervyuda aytgan.

«Nega mening oilamga yopishib olding?»

Qodirov o‘g‘li Qur’onni yoqqan provokator Nikita Juravelni urgani aks etgan videoni e’lon qilganidan keyin rossiyalik jurnalist Kseniya Sobchak ayniqsa faol tarzda bu ishni qoralab chiqdi. U o‘ziga tegishli «Krovavaya barynya» telegram-kanalida deyarli onlayn tarzda rossiyalik siyosatchilar Qodirovga qarshi gapira olmayotgani haqida postlar joylab bordi.

25 sentabr tungi soat 02:00 ga yaqin Sobchak o‘z kanalida unga Ramzan Qodirov videoaloqa orqali qo‘ng‘iroq qilganini yozib, buni isbotlovchi skrinshot ham e’lon qildi. Yarim soat o‘tib Sobchak suhbat tafsilotlarini bayon etdi.

«Demak, Qodirov bilan 40 daqiqa telefonda gaplashdim va bu juda qiziq tajriba bo‘ldi. Nimalarni gaplashganimizni qisqacha aytib beraman:

– Nega meni o‘ldi deb yuribsan?

– Bunaqa deganim yo‘q, manbalarga tayandim xolos.

– Nega oilamga burningni tiqyapsan?

– Bunday qilganim yo‘q.

– Nega o‘g‘limni muhokama qilyapsan?

– Axir o‘zingiz videoni kanalingizga joylab u bilan faxrlanishingizni aytdingiz. Nega joyladingiz bo‘lmasa?

– Buni yashirishni istamayman, u yerda yashiradigan hech narsa yo‘q.»

– Qilgan ishi uchun uni jazoladingizmi?

– Yo‘q, u ajoyib yigit, o‘zini haqiqiy erkak kabi tutgan.

Davomi yanada qiziq, diqqat qiling:

1. Biz tergov hibsxonasiga bordik. Juravel men bilan shaxsan gaplashmoqchiligi, islomni qabul qilmoqchi ekanini aytibdi. Men esa unga shayton ekani, shunchaki jonini saqlashga harakat qilayotgani, bunaqa musulmonlar bizga kerak emasligini aytdim.

2. Men unga hech nima qilganim yo‘q, qonunlarga amal qiladigan odamman axir. Kabinetdan chiqib ketganimdan keyin Adam u yerda qolibdi, buni payqamay qoldim. Keyin baqirgan ovoz eshitdim, ko‘riqchimni ularni ajratishga yubordim. Adam mustaqil, qiziqqon yigit.

3. Adam 15 yoshda ekanini o‘ylaganim yo‘q, bu esimda ham yo‘q. Katta o‘g‘illarim uch nafar, doim ularning yoshini adashtiraman (qo‘shimcha qilaman: Adam Qodirov 15 yoshda, Ali 16 yoshda, Axmat 17 yoshda).

4. Agar bu to‘lqinni boshlagan bo‘lsang, ertalab turib ariza yoz, piketga chiq, so‘z beraman, senga hech narsa bo‘lmaydi.

5. Agar sud Adamni aybdor deb topsa, u qonunda ko‘rsatilgan jazoni oladi.

Ha, darvoqe, yana ba’zi gaplar bo‘ldi.

Qodirov menga intervyu bermasligini aytdi. U meni jurnalist emas, bloger deb hisoblarkan. Chechenistonga esa istalgan vaqtda bemalol bora olishim mumkin, menga hech nima bo‘lmas ekan. U haqida istalgan gapni yozish mumkin, lekin oilasiga til tekkizmasligim kerak ekan. Bu ogohlantirish ekanini aytdi. Qodirov shuncha hudud rahbarlari turganda nega aynan u haqida yozishimni ham tushunmasligini aytib e’tiroz bildirdi.

Suhbatimizni e’lon qilishimga ruxsat berdi, men bu haqda bir necha marta so‘rab oldim. Skrinshotni e’lon qilishga ham ruxsat berdi, buni ham bir necha marta so‘rab oldim. Tirik, dadil, [suhbat davomida] yong‘oq yeb o‘tirdi.

Tahririyatni hozircha Rossiyadan olib chiqib ketmayman, lekin hamma xorijga chiqish pasportlarini tayyorlab qo‘ydi. Yo‘l-yo‘lakay ariza yozaman. OAVda e’lon qilingan ma’lumot bo‘yicha ish ochishsa, ochishdi, bo‘lmasa o‘zim boraman. Nima bo‘lsa bo‘lar», deb yozdi Sobchak.

Keyinchalik jurnalist o‘z kanali storisida Qodirov bilan suhbat haqida video qoldirdi: «Kecha kunning birinchi qismida tahririyatda jahl va adrenalin bilan ishladik. Kunning ikkinchi qismida ham bizni adrenalin tark etmadi, ammo jahl o‘rnini qo‘rquv egalladi. Umuman olganda, kun yakunida telefoni ekranida Ramzan Qodirovni ko‘rishni bu hammasi uyushtirilgan, hech qanday suhbat bo‘lmagan, deydiganlargagina tilashim mumkin. To‘g‘risi, ularga ham buni tilash qiyin, chunki chindan qo‘rqinchli bo‘ldi.

Hozir esa bu borada huquq-tartibot organlari tekshiruv boshlagani haqida ommaviy chiqish kutyapman. Chunki IIV bu faktni rad qila olmaydi. Vaziyatni diqqat bilan kuzatib boramiz», dedi Sobchak storisdagi videoda.

Kimlar Qodirovga qarshi gapirdi?

Rossiyalik yuqori martabali siyosatchilar bu holatga munosabat bildirgani yo‘q. Deputatlar, faollar orasida esa Qodirovning o‘g‘li jazolanishi kerak degan rossiyaliklar bo‘ldi.

Masalan, Rossiyaning Ukrainaga bosqinini faol qo‘llovchi «Komsomolskaya pravda» harbiy muxbiri Aleksandr Kots o‘z kanalida «Qonun amalda bo‘lgan davlatlarda Juravel qilgan jinoyati uchun qamoq ko‘rinishida jazolanadi, tergov hibsxonasidagi kabinetda kaltaklanib emas», deb yozdi. Kots Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Bastrikin va Rossiya adliya vaziri Konstantin Chuychenkoni vaziyatga munosabat bildirishga chaqirdi.

Rossiya prezidenti qoshidagi inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi bo‘lgan Marina Ahmedova urushdagi ishtiroki uchun Qodirovdan minnatdor ekanini unutmagan holda himoyasiz odamni urishga qarshi ekanini aytdi: «Biz o‘rta asr feodali emasmiz», dedi u.

«Rossiya 1» telekalidagi «60 daqiqa» ko‘rsatuvi boshlovchisi, «Yedinaya Rossiya» partiyasi deputati, yanada aniqrog‘i Olga Skabeyevaning eri Yevgeniy Popov o‘z kanalida qisqa qilib «Bu qonunbuzarlik. Jinoyatchilar uchun jazoni sud belgilaydi, faqat sud», deb yozdi.

Siyosatchi Abbas Gallyamovning fikricha, Qodirov bu video orqali Putin uchun jiddiy muammo tug‘dirdi: «Qodirov o‘z yaxshi ko‘radigan kontekstni yana o‘rtaga tashlamoqda. Ya’ni, u istagan ishini qiladi, hammaning jahli chiqadi, lekin hech kim hech nima qila olmaydi. Ammo bu ishi orqali u Putinga jiddiy muammo tug‘dirmoqda. Axir volgogradlik o‘sha bola qanchalik ahmoq bo‘lmasin millati rus. Bundan «Putin etnik ruslarni chechenlarga yeyish uchun berishga tayyor» degan xulosa kelib chiqadi. Bu esa urushni qo‘llovchilarning aksar qismini tashkil qiladigan «rossiyalik patriotlar»ga yoqadigan narsa emas», degan u.

Mavzuga oid