Jahon | 22:54 / 28.09.2023
7471
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaning NATO a’zosi bo‘lishi vaqt masalasidir - Zelenskiy

Ukraina prezidenti Kiyevda NATO bosh kotibi bilan uchrashdi.

Foto: szru.gov.ua

Hozir Ukraina va NATO davlatlari de-fakto allaqachon ittifoqchilardir, Ukrainaning alyansga a’zoligi vaqt masalasidir. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Bugun de-fakto ittifoqchilar o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tdi. Ukrainaning ittifoqqa a’zo bo‘lishi esa vaqt masalasidir. Biz bu vaqtni yaqinlashtirish uchun hamma narsani qilyapmiz», dedi Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Stoltenberg blokka a’zo davlatlarni shu maqsadda safarbar qilish uchun shaxsiy sa’y-harakatlarni amalga oshirishga rozi bo‘lgan.

Zelenskiyning aytishicha, muzokaralar chog‘ida Ukraina va NATO o‘rtasidagi yaqinlashuv bo‘yicha keyingi ishlar batafsil muhokama qilingan. Uning ta’kidlashicha, alyansning Vilnyus sammitida boshlangan hamkorlikning yangi formati - Ukraina-NATO kengashi Kiyevning NATO a’zosi bo‘lishi va bu yo‘nalishda amaliy hamkorlikni ta’minlashi kerak.

«NATO bilan birgalikda biz yangi hujjat – moslashtirilgan yillik milliy dasturni tayyorlash ustida ishlayapmiz, unda Ukrainaning alyans tamoyillari va standartlariga rioya etishiga erishish uchun amaliy qadamlar belgilab qo‘yiladi», dedi Zelenskiy.

Yyens Stoltenberg, o‘z navbatida, NATO a’zolari Ukrainani to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, alyans a’zolari Ukrainani eng zamonaviy mudofaa vositalari, jumladan, tanklar, zamonaviy havo mudofaa tizimlari bilan ta’minlashda davom etadi. Shuningdek, ukrainalik uchuvchilarni F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarishga o‘rgatadi.

Mavzuga oid