Jahon | 09:35 / 29.09.2023
5574
2 daqiqa o‘qiladi

Boku Qorabog‘ armanlarini ko‘p millatli Ozarboyjonning bir qismi bo‘lishga chaqirdi

Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi Armaniston bosh vazirining Qorabog‘dagi «etnik tozalash» haqidagi bayonotini rad etdi.

Foto: AP

Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi armanlarni yashash joyini tark etmaslikka va ko‘p millatli respublika tarkibiga kirishga chaqiradi.

Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning respublikaning Qorabog‘ mintaqasida go‘yoki «etnik tozalash» o‘tkazayotgani haqidagi bayonotini qat’iyan rad etdi va qoraladi.

Mahkamaning ta’kidlashicha, Pashinyanning bayonoti 21 sentabr kuni Ozarboyjondan arman aholisiga tahdid yo‘qligi haqidagi nutqiga zid keladi, shuningdek, Ozarboyjonning insonparvarlik yordami va reintegratsiya borasidagi sa’y-harakatlariga hamda Boku va Yerevan o‘rtasida tinchlik o‘rnatish istiqbollariga putur yetkazadi.

«Armaniston rahbariyati rasmiy Boku Ozarboyjonning Qorabog‘ mintaqasidagi arman aholisi zarur va shoshilinch ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni tezda amalga oshira boshlaganini payqamayapti», — deya ta’kidladi TIV.

Mahkama ta’kidlashicha, Armaniston hukumati rahbari «Armaniston aholisining Ozarboyjonning Qorabog‘ mintaqasidan chiqib ketishi ularning shaxsiy qarori ekanini va buning majburiy ko‘chirishga aloqasi yo‘qligini yaxshi biladi».

«Agar Armaniston aholisining ayrim qatlamlari Ozarboyjon qonunchiligiga muvofiq yashashni istamasa, biz ularni bunga majburlay olmaymiz. Aksincha, armanlarni yashash joylarini tark etmaslikka va ko‘p millatli Ozarboyjon tarkibiga kirishga chaqiramiz», — deyiladi bayonotda.

TIV mintaqada tinchlik va xavfsizlikni o‘rnatish uchun Armaniston mahalliy armanlarning qayta integratsiyalashuviga to‘sqinlik qilishni to‘xtatib, Ozarboyjon bilan hududiy yaxlitlik va suverenitet asosida tinchlik shartnomasini tuzish bo‘yicha muzokaralar jarayonini muvaffaqiyatli yakunlashga e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidladi. 

Mavzuga oid