O‘zbekiston | 07:57 / 03.10.2023
1304
3 daqiqa o‘qiladi

100 ta «Barkamol avlod» maktablarida «STEAM - ta’lim» laboratoriyasi tashkil etiladi 

O‘quvchilar orasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishga sharoit yaratish maqsadida 1500 ta xorijiy til to‘garaklari tashkil etiladi.

“2024 – 2027 yillarda maktabdan tashqari ta’limni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar maktabdan tashqari ta’lim tizimini 2023-2027 yillarda yanada rivojlantirishning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

“Barkamol avlod” bolalar maktablari va uning tarmoq to‘garaklariga umumta’lim maktablari o‘quvchilarining 50 foizini qamrab olish chorasini ko‘rish;

o‘quvchilar orasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishga sharoit yaratish maqsadida 1500 ta xorijiy til to‘garaklarini tashkil etish;

“STEAM - ta’lim” dasturi asosida o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarga xususiy sektorni jalb qilish orqali to‘garak a’zolari sonini 2 baravarga oshirish;

100 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablarida bosqichma-bosqich “STEAM - ta’lim” laboratoriyasini tashkil etish;

maktablar faoliyatini raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish;

o‘quvchilarga turizm salohiyati yuqori bo‘lgan hududlardagi turizm obektlari bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan onlayn turizm-virtual maydonlarini tashkil etish.

Belgilanishicha:

a) 2024 yil 1 yanvardan tuman (shahar) “Barkamol avlod” bolalar maktablaridagi 1 shtat birlik uslubchi lavozimini qisqartirish hisobiga 1 shtat birlikda buxgalter shtati joriy etiladi.

Bunda, 2024 yil 1 yanvardan boshlab tuman (shahar) “Barkamol avlod” bolalar maktablariga markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati tomonidan xizmat ko‘rsatish to‘xtatiladi.

2024 yil 1 fevraldan boshlab:

“Barkamol avlod” bolalar maktablari to‘garak a’zolarining IT-ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda eksportga yo‘naltirish bo‘yicha startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari doirasida har yili 200 mln so‘mgacha bo‘lgan grantlar ajratiladi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab har bir yo‘nalish bo‘yicha xalqaro tadbirlarda g‘olib bo‘lgan “Barkamol avlod” bolalar maktablari to‘garak a’zolari mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining quyidagi miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlash tavsiya etiladi:

1-o‘rin uchun – 20 baravarida;
2-o‘rin uchun – 15 baravarida;
3-o‘rin uchun – 10 baravarida;
laureat uchun – 8 baravarida.

Mavzuga oid