Jahon | 13:59 / 03.10.2023
4980
2 daqiqa o‘qiladi

Dushanbe va Bishkek davlat chegarasi masalasini muhokama qildi

Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Anadolu agency

Qirg‘izistonning Botken shahrida ikki davlat o‘rtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha Tojikiston va Qirg‘iziston hukumat delegatsiyalarining navbatdagi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tojikiston delegatsiyasiga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Saymo‘min Yatimov, Qirg‘iziston delegatsiyasiga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev boshchilik qildi.

Uchrashuvda tojik-qirg‘iz davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalasi yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Delegatsiyalar rahbarlari qolgan uchastkalarda Tojikiston-Qirg‘iziston davlat chegarasi loyiha chizig‘ining o‘tishini yanada faollashtirish zarurligi to‘g‘risida to‘liq o‘zaro pozitsiyani bildirdi.

Ishchi guruhlarga tegishli topshiriqlar berildi.

Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha Tojikiston va Qirg‘iziston hukumat delegatsiyalarining huquqiy masalalari bo‘yicha topografik ishchi guruhlari qolgan uchastkalarda tojik-qirg‘iz chegarasining loyiha chizig‘ini tavsiflash ishlarini davom ettiradi.

Uchrashuvda chegaradosh viloyatlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro tushunish va ishonchni mustahkamlash, ikki davlatning chegaradosh viloyatlari o‘rtasida faol hamkorlikni davom ettirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Qo‘shma majlis yakunlari bo‘yicha bayonnoma imzolandi.

Mavzuga oid