O‘zbekiston | 20:59 / 06.10.2023
8417
3 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev va Putin o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshganini qayd etdi

Tovar ayirboshlash hajmi yil oxirigacha 12 milliard dollarga yetadi. Ikki-uch yilda 20 milliardga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi.

Davlat rahbarlari mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘sayotgani, Rossiya va O‘zbekiston strategik sherik va ittifoqchi ekani va bu hamkorlik faollashib borayotganini qayd etdilar.

«O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 26 foizga o‘sgan bo‘lsa, joriy yilning yetti oyida bu ko‘rsatkich 14,4 foizni tashkil etdi. Rossiya O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash bo‘yicha ishonchli tarzda birinchi o‘rinni egallab turibdi. O‘zbekistonda Rossiya ishtirokida 3 mingta kompaniya, 700 ta o‘zbek kompaniyasi Rossiyada faoliyat yuritmoqda», dedi Vladimir Putin.

«Oldin bizda bunday o‘sish kuzatilmagan edi. Yil oxirigacha (tovar ayirboshlash hajmi) 12 milliard dollarga yetadi. Har yili o‘rtacha 20 foizga o‘syapti. Ikki-uch yil shu tezlikda 20 milliardga yetamiz, bu haqda kelishib olganmiz», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar tor va kengaytirilgan tarkibda o‘tkaziladi. Qayd etilishicha, ikki davlat prezidentlari nafaqat ikkitomonlama hamkorlik masalalarini, balki xalqaro kun tartibini ham muhokama qiladi.

«Shavkat Mirziyoyev samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilikni rivojlantirishda misli ko‘rilmagan natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik izchil kengayib borayotgani va salmoqli darajada yuksalayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalaridagi aniq yo‘naltirilgan birgalikdagi faoliyat natijalari yuqori baholandi, ular sifat jihatidan o‘zgargani yuqori baholandi.

Sanoat kooperatsiyasini, eng avvalo, mashinasozlik, metallurgiya, energetika, qayta ishlash, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda kengaytirish bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi qo‘shma guruh tuzilgan.

Muzokaralarda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bir qator boshqa kelishuvlarga erishildi», deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Muzokaralar yakunida Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev qo‘shma bayonot bilan chiqishlari kutilmoqda.

Mavzuga oid