Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Paydo bo‘ladigan raqobat mahalliy amaldorlarga yoqmayapti” – tahlilchilar qishloq xo‘jaligida kooperativlarning zarurati haqida
Kun.uz muxbiri O‘zbekistonda paxtachilik va unda bozor mexanizmlarini joriy qilish zarurati masalasida tahlilchi va amaliyotchilar ishtirokida suhbat tashkil qildi.
Suhbatda ishtirok etganlar sog‘lom bozor mexanizmlari uchun klasterlarga raqobatchi tizim kerakligi va bu tizim faqat kooperativlar bo‘la olishi haqida gapirishdi.
Kamoliddin Ikromov, fermer
— O‘zbekistonda klasterlar uchun raqobatli tizim yo‘q, raqobat bo‘lishi uchun boshqa alternativ tizim bo‘lishi kerak, bu — kooperativlar. Kim klaster bilan ishlagisi kelmasa, kooperativlarga birlashadi. O‘zi bunday kooperativlar tuzish bizda ham boshlangan. Klasterlar o‘zini o‘nglab ketishi uchun ham raqobatchi kerak. Kooperativlar butun dunyoda ishlaydi va o‘zini oqlab kelmoqda. 1993 yilda qabul qilingan, 1998 yilda qayta ishlangan qonunimizga ko‘ra, kooperativlar tuzish mumkin. Yaqinda yana yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Lekin kooperativlarning rivojlanib, ommalashib ketishi, raqobat muhiti ayrim mahalliy mutasaddilarga yoqmaydi. Va jiddiy qarshilik ko‘rsatishyapti. Chunki ba’zi mahalliy hokimliklar klasterlarni jilovlab olgan, xohlagancha ishiga aralashadi. Mahalliy hokimliklar klasterlar ishiga aralashishi mumkin emas, deb klasterlar to‘g‘risidagi qarorda ham belgilab qo‘yilgan. Ammo bu davom etmoqda.
Bunday mutasaddilar kooperativlar rivojlanib ketsa, klasterlar tizimi bankrot bo‘ladi, hamma fermerlar kooperativlarga o‘tib ketadi deyishyapti. Klasterlar olgan kreditlarini to‘lolmay qoladi bunday holatda, deb yuqoriga signal berishyapti. Aslida bunday emas. Chunki kooperativlarda hamma fermer ham ishlolmaydi, klaster bilan ishlaydiganlari ham ko‘p. Raqobat muhiti paydo bo‘ladi. Masalan, o‘zim bilganim, Andijonda yoki Ellikqal’a tumanida yaxshi ishlayapti kooperativlar va o‘sha yerda klasterlar ham ishlamoqda.
Prezidentning shu masaladagi 4633-sonli qarori ikkinchi bo‘limi “b” kichik bandida klasterlar yo‘q hududda fermerlar kooperativ tuzib, o‘sha yerdagi zavodlarni yuritishi kerak, deyilgan. Lekin mahalliy mutasaddilar mana shu bandni o‘ziga mos qilib o‘girgan holda, boshqa tashkilot orqali kooperativlarni sudga beryapti, ya’ni klaster bor joyda kooperativ tuzish mumkinmas, deyishyapti. Hattoki ba’zi mahalliy instansiya sudlarida yutishdi ham. Umuman, mana shunday kooperativlarga qarshilik ayrim mansabdorlarning shaxsiy prinsipidan kelib chiqib bo‘lyapti. Chunki klasterga kooperativlar raqobatchi bo‘lib kirsa, o‘sha mansabdorlar klasterga ta’sirini yo‘qotib qo‘yadi, aralasholmay qoladi. Chunki sog‘lom bozor muhitida ortiqcha byurokratiya bo‘lmaydi.
Yana bir narsa bor. O‘sha ayrim mansabdorlar kooperativlarni yo‘qotish yoki tuzilishiga qarshilik qilish yuqori hokimiyatning xohishi degan signal ham berishyapti. Juda yomon holat bu. Ammo o‘zim bilamanki, yuqori hokimiyatda bunday istak yo‘q, ular kooperativlar rivojlanishi tarafdori.
Klasterlar davlat kredit yo subsidiya bermasa, shantaj yo‘liga ham o‘tishyapti. Subsidiya bermasangiz, o‘zimizni bankrot deb e’lon qilamiz, degan murojaatlar bilan chiqishyapti.

Shokir Sharipov, jurnalist
— Bozor iqtisodiyoti ajoyib narsa. Ya’ni davlatning harakatlarisiz rivojlanadi, faqat erkinlik va huquqiy muhit yaratib berish kerak. Shuncha to‘siq bo‘lsa ham, kooperativ tuzganlar bilan gaplashaman. Ularning shijoati boshqacha, chunki hosil o‘ziniki, o‘zi sotadi, daromadi yaxshi. Erkinlik — bozor iqtisodiyoti motori. Shu erkinlikka qo‘yib berilsa, juda ko‘p resurslari tejaladi davlatning ham.

Otabek Bakirov, iqtisodiy tahlilchi
— Biz JSTga kirish arafasida turibmiz, harholda men shunga umid qilaman. 30 yillik urinishlarimiz bor. Bu degani bizning qishloq xo‘jaligi sohamiz haddan tashqari katta raqobat maydoniga kirishga majbur bo‘ladi. Lekin biz qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni to‘xtatib qo‘ysak, davlat resurslari evaziga tashkil etilgan klasterlar bu yangi sharoitga ko‘nikolmaydi. Hozirning o‘zida ham klasterlarning ko‘rsatkichlari tushib boryapti, zararlar to‘planib qolyapti. Bizning monopol kompaniyalarimiz singari imtiyozlar-u yaxshi sharoitga ko‘nikib bo‘lishdi ular.
Bizda falon odam ishlaydi, soliqlar muddatini, qarzlar muddatini cho‘zib bermasanglar, odamlar ishsiz qoladi, bankrot bo‘lamiz, degan rasmiy-norasmiy bosimlarga ham o‘tilyapti. 30 yillik samarasiz iqtisodiyotimiz shunaqa ishlab kelgandi. 2016 yildan boshlab bozor tomonga katta qadam tashladik, lekin hali bozorga yetib borganimiz yo‘q. Shu yerda to‘xtab qolsak, klasterlar samarasiz imtiyozxo‘rlar bo‘lib qoladi. Buning eng og‘ir oqibatlarini esa JSTga kirganimizda ko‘ramiz. Ularning talabiga javob bermay, yutqaza boshlaymiz.
-
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
09:06 / 03.06.2026
O‘zbekiston Afg‘onistonga qishloq xo‘jaligi urug‘liklarini beg‘araz yetkazib berdi
20:28 / 14.05.2026
Intensiv bog‘dorchilikka o‘tish: prezident eski bog‘larni yangilashni buyurdi
20:32 / 12.05.2026
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida yagona markazlashgan tizim yaratiladi
19:05 / 12.05.2026