11:30 / 09.10.2023
5546

Qirg‘izistonda KXShT harbiy mashg‘ulotlari boshlandi

Mashg‘ulotlarda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston harbiy xizmatchilari, Birlashgan shtab va KXShT kotibiyatining tezkor guruhlari ishtirok etmoqda.

Foto: Anadolu Agency

Qirg‘izistonning «Edelveys» poligonida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) tinchlikparvar kuchlari bilan «Buzilmas birodarlik-2023» qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarining faol bosqichini ochishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Qirg‘iziston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati. 

Mashg‘ulotlarning asosiy maqsadlari KXShT tinchlikparvar bo‘linmalari boshqaruvi mansabdor shaxslari va shaxsiy tarkibining amaliy ko‘nikmalarini oshirish, Markaziy Osiyo kollektiv xavfsizlik mintaqasida tinchlikparvarlik operatsiyasi vaqtida topshiriqlarni bajarishda harbiy qismlar va bo‘linmalarning uyg‘unligini shakllantirishdan iborat.

Baland tog‘li sharoitda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar davomida inqiroz zonasida mojarodan keyingi vaziyatni hal etish vazifalari – KXShT kollektiv xavfsizlik tizimi kuchlari va vositalaridan foydalangan holda tinchlikparvar operatsiyani o‘tkazish, humanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

Tadbirlarda Kollektiv tinchlikparvar qo‘shinlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bo‘linmalari bilan birgalikda KXShTga a’zo davlatlar nazorat-o‘tkazish punktlarida jangovar tayyorgarlik vazifalarini bajarish, yuk va kolonnalarni kuzatib borishda ishtirok etish, aholi punktini ozod qilish, «garovga olinganlarni» qutqarish va humanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha mashqlar ko‘zda tutilgan.

Mashg‘ulotlarda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston tinchlikparvar kuchlarining milliy kontingentlari, Birlashgan shtab va KXShT kotibiyatining tezkor guruhlari ishtirok etmoqda. 

Mashg‘ulotlarga jami 1500 ga yaqin harbiy xizmatchi, 200 dan ortiq maxsus, tank-zirhli va avtomobil texnikasi, harbiy transport, qiruvchi va armiya samolyotlari, uchuvchisiz uchoqlar hamda jangovar katerlar jalb etilgan. 

Top