17:17 / 10.10.2023
17389

“Bolalarga nisbatan zo‘ravonliklarga ko‘z yumishni bas qilishimiz kerak” - Shahnoza Mirziyoyeva

O‘zbekistonda yil boshidan beri kamida 1240 nafar bola zo‘ravonlikka, shundan 417 nafari jinsiy zo‘ravonlikka uchragan. Ijtimoiy himoya agentligi, Adliya vazirligi va UNICEF bolalarni zo‘ravonlikdan himoyalashga doir qonun loyihasini ishlab chiqdi. “Biz bu dolzarb masala bo‘yicha sukunatni buzmoqchimiz va jamiyatdagi munosabatni o‘zgartirmoqchimiz”, – dedi Shahnoza Mirziyoyeva loyiha taqdimotida.

Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi

Bugun, 10 oktyabr kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi va UNICEF hamkorligida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi taqdim etildi. Bu haqda Gazeta.uz xabar bermoqda.

Tadbir ishtirokchilari zo‘ravonlikning oldini olish va ularga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘p tarmoqli xizmatlarni ishlab chiqish va joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qilish uchun “tezkor va qat’iy choralar ko‘rish”ga chaqirdi.

Hujjatning qabul qilinishi bolalarning huquqiy himoyasini kuchaytirishi va oilaga maslahat berish, psixologik-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, hayotiy ko‘nikmalarni o‘rgatish hamda xavfsiz uy-joy kabi qo‘llab-quvvatlash tizimlarini takomillashtirishi kutilmoqda.

UNICEF tomonidan yaqinda o‘tkazilgan ko‘p ko‘rsatkichli so‘rov shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning uchdan ikki qismi (62%) zo‘ravonlik bilan tarbiyalash usullariga (jismoniy jazo, psixologik tajovuz) uchragan, 15−19 yoshdagi qizlarning 33 foizi er o‘z xotinini urishga haqli deb hisoblaydi.

Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi

O‘zbekistonda 2023 yilning 9 oyida voyaga yetmaganlarga nisbatan 1240 ta zo‘ravonlik holati qayd etilgan bo‘lsa, shundan 417 tasi jinsiy zo‘ravonlikdir, dedi prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.

“Oilaviy zo‘ravonlik holatlari ko‘payib borayotgani dahshatli. Tasavvur qiling, joriy yilning 9 oyida qarindoshlar, jumladan, yaqinlar tomonidan bolalarga nisbatan 166 ta zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan. Afsuski, hatto rasmiy statistika ham ko‘lamni obektiv baholashga imkon bermaydi. Haqiqiy holat bundan ham battar”, -deya Mirziyoyevaning so‘zlarini keltirmoqda Gazeta.uz.

“Zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bolalar odatda zo‘ravonlikka duchor bo‘lganliklari haqida xabar bermaydilar. Ko‘pincha ular qo‘rquv, uyat hissi yoki oilaga sadoqat hissi sabab sodir bo‘lgan holat haqida indamaydi. Ayniqsa, zo‘ravon bolaga eng yaqin odamlardan biri bo‘lsa”, – dedi Shahnoza Mirziyoyeva.

Uning ta’kidlashicha, maktab, oilada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilingani ma’lum bo‘lsa ham, odamlar haligacha bola taqdiriga befarqlik bilan qaraydi, bu haqda vasiylik, homiylik va huquq-tartibot organlariga xabar berishmaydi.

Ijtimoiy himoya agentligi rasmiysining qo‘shimcha qilishicha, internetga kirish imkoniyati ortib borayotgani sababli, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning kiberbulling va onlayn jinsiy ekspluatatsiya kabi yangi shakllari vujudga kelmoqda. Zo‘ravonlik holatlari “qo‘rqinchli va ko‘pincha bolaning hayotini o‘zgartirib yuboradigan” oqibatlarga olib keladi.

“Shuningdek, huquq-tartibot idoralari e’tiborini zo‘ravonlik profilaktikasini kuchaytirish, javob choralarini yaxshilash va zo‘ravon bilan ishlash zarurligiga qaratmoqchiman. Biz bu muammoga ko‘z yumishni bas qilishimiz kerak”, – dedi Shahnoza Mirziyoyeva.

Shahnoza Mirziyoyeva / Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi

“Biz ushbu dolzarb masala bo‘yicha sukunatni buzmoqchimiz va jamiyatdagi munosabatni o‘zgartirmoqchimiz”, – deya qo‘shimcha qildi u.

Ijtimoiy himoya organi direktorining birinchi o‘rinbosari bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasida nimalar aks etishi kerakligi bo‘yicha o‘z takliflarini aytib o‘tdi.

1. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan choralarni tubdan kuchaytirish. “Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha yanada qat’iy choralarni joriy etish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish vaqti keldi. Masalan, bir qator mamlakatlarda ixtiyoriy va majburiy kimyoviy kastratsiya, shuningdek, jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni umrbod kuzatib borish uchun bilaguzuklar joriy qilingan, xavfli shaxslarning reyestri ommaga e’lon qilingan. Men ushbu masalani o‘rganib, barcha fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda tegishli takliflar ishlab chiqishni taklif qilaman”, – dedi Shahnoza Mirziyoyeva.

2. Zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha faktlarni yashirish yoki murojaatlarga javob bermaslik holatlarida mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish. “Biz bilamizki, afsuski, bu tez-tez sodir bo‘lmoqda”, – dedi u.

3. Zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalar, shu jumladan ota-onasi uzoq vaqt yo‘q bo‘lgan bolalar, mehnat migrantlarining farzandlari ro‘yxatini kengaytirish.

4. Yangi ijtimoiy xizmatning vazifalarini hamda uning huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlar bilan bolalar huquqlarini ta’minlash nuqtayi nazaridan o‘zaro munosabatlarini aniq belgilash.

5. Himoya orderi berish vaqtini qisqartirish va zo‘ravonlik holatlariga munosabatni yaxshilash.

6. Barcha bosqichlarda zo‘ravonlik qurbonlari haqidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash.

7. Dolzarb mavzu – bullingga e’tibor berish kerak.

Shahnoza Mirziyoyeva joriy yilning 9 oyida zo‘ravonlik oqibatida 22 nafar bola halok bo‘lganini ta’kidladi.

“Ularni endi qaytarib bo‘lmaydi. Najot topishi mumkin bo‘lgan bolalarga yordam berish uchun bugun muhokama qilinayotgan qonunni qabul qilishni tezlashtirish juda muhim, deb hisoblayman”, – dedi u.

UNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominikis va tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade / Foto: UNICEF

Davra suhbatida ilk bor Toshkentga tashrif buyurgan UNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominikis ham so‘zga chiqdi.

“Bu qonun qabul qilinsa, O‘zbekiston farzandlarining hayotini o‘zgartirishi, ularni himoya qilishi, o‘qitish va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini berishi mumkin. Qonun loyihasining maqsadi bolalarni himoya qilishning eng yuqori standartlarini aks ettiradi, bu shunchaki qog‘ozdagi so‘zlar emas, balki O‘zbekistondagi barcha bolalar hayotini o‘zgartiruvchi kuchdir”, dedi u.

Oliy sud axborot xizmati Kun.uz'ga 2023 yilning o‘tgan 6 oyi davomidagi sud hukmlari asosida yig‘ilgan statistikani taqdim etdi. Unga ko‘ra, ushbu davrda:

  • 15 nafar shaxs 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tekkan;
  • 44 nafar shaxs 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy usulda qondirgan;
  • 163 nafar shaxs 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilgan;
  • 35 nafar shaxs 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan.
Top