Isroil G‘azoda quruqlik amaliyotiga tayyorlanmoqda. Ehtimoliy ssenariylar
Isroil armiyasi HAMAS harakatiga qarshi keng ko‘lamli yurish amaliyoti o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi. «G‘azo sektori endi hech qachon avvalgidek bo‘lmaydi», - dedi Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant harbiylarga murojaat qilib.
Isroil sektorga oziq-ovqat, suv, yonilg‘i va elektr yetkazib berishni to‘xtatgan, uning armiyasi esa HAMAS obektlari bo‘ylab yoppasiga artilleriya zarbalari va aviazarbalar yo‘llamoqda. Harakat vakillari esa Isroil bombardimonni davom ettiradigan bo‘lsa, garovga olingan isroilliklar va xorijliklarni qatl qilish bilan tahdid solgan.
Isroilning BMTdagi elchisi Gilad Erdanga ko‘ra, G‘azoda HAMAS a’zolarining Isroil hududiga reydi vaqtida garovga olingan 100-150 kishi tutib turilibdi. Bugungi kunga kelib hujum qurbonlari soni 1300 kishiga yetgan — ularning katta qismi chegaradagi aholi yashash manzillarida yashagan tinch aholi vakillari va musiqa festivalida ishtirok etgan xorijliklardir. Isroilning javob zarbalari oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni esa 1400 dan oshdi.
Isroil mudofaa armiyasi (TsAHAL) G‘azo sektori bilan chegaraga bir necha yuz ming kishidan iborat piyodalar va zirhli tank qismlarini joylashtirgan.
Ammo, aftidan, harbiy qo‘mondonlik voqealar rivojini jadallashtirmoqchi emas — rasmiylar bu urush uzoq davom etishi va HAMAS ustidan g‘alaba bir necha kun yoki haftada hal bo‘ladigan ish emasligidan ogohlantirgan.
G‘azoda boshlanishi kutilayotgan quruqlik amaliyoti uchun qanday ssenariylar bor va Isroil armiyasi qanday qiyinchiliklarga duch kelishi muqarrar?
G‘azo sektori — Falastinning O‘rta Yer dengizi sohilidagi anklavi bo‘lib, shimol va sharqda Isroildan, janubda Misrdan to‘siqlar tizimi bilan o‘rab olingan. Uning maydoni 363 kv. km.ni tashkil etadi, ammo aholisi soni — 2,2 million kishidan ortiq.
Osmono‘par binolar yo‘qligini hisobga olib, bu yerdagi aholi yashash uylari qanchalik tig‘iz qurilganini tasavvur qilish mumkin. Qolaversa, sektorda dalalar va yaylovlardan iborat qishloq xo‘jaligi hududlari ham bor.
Hudud o‘n minglab qurollangan jangchilarga ega va mahalliy aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan HAMAS guruhi tomonidan nazorat qilinadi.
«HAMAS kuchishlatar tuzilmalarida 40 ming jangchiga ega va bu armiya tipidagi tuzilma — intizom, mudofaaga uzoq tayyorgarlik, G‘azo ostida o‘nlab kilometrlik tunnel va bunkerlar qazilgan», — degan BBC bilan suhbatda isroillik harbiy ekspert David Sharp. Uning baholariga ko‘ra, G‘azodagi ikkinchi yirik guruh «Islom jihodi» guruhida esa yana 10 ming jangchi mavjud.
«Ularning qurollari yomon emas, o‘qotar qurollardan tashqari, ularda ko‘plab portlovchi qurilmalar, granatomyotlar, tankka qarshi raketa komplekslari, jumladan rossiyaliklarning „Kornet“ tizimlari mavjud, ular behisob miqdorda yelkada olib yuriladigan zenit-raketa komplekslariga, 120 mm kalibrli minomyotlarga ega. „Islom jihodi“ va HAMASning raketa arsenali 15 ming va undan ortiq, bu raketalar yetti kilometrdan 150 kilometrgacha harakatlanishi mumkin», – deydi u.
«Juda qiyin vazifa»
Isroil qo‘shini G‘azodan olib chiqilgan va yahudiylarning qishloqlari ko‘chirilgan 2005 yildan buyon TsAHAL kuchlari bu yerda kamida sakkiz bor harbiy amaliyot o‘tkazgan — 2006 yilda ikki bor, 2008, 2008 yil oxiri va 2009 yil boshlarida, 2012 yilda, 2014, 2021 va 2023 yil mayida.
Bularning barchasi vaqt jihatdan ham, ko‘lam jihatdan ham cheklangan va raketa zarbalari hamda Isroil hududiga hujum qilishga urinishlarga javoban tinchlikka majbur qilish maqsadiga qaratilgandi. Uzoq vaqtga bo‘lmasa ham bu amaliyotlar muammoni hal qilardi.
Hozirgi vaziyat esa mutlaqo farq qiladi. Isroil arab-isroil urushi davridan buyon bir vaqtning o‘zida buncha odamini yo‘qotmagandi, shuning uchun isroilliklar shanba kungi hujumga shunchaki falastinliklarning navbatdagi diversiyasi emas, davlatning mavjudligiga jiddiy tahdid sifatida qarashmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda misli ko‘rilmagan darajadagi javob qaytarishga ahd qilingan — Isroil HAMAS harakatini, birinchi navbatda uning nafaqat Isroilda, balki AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa ittifoqida terrorchi tashkilot deb tan olingan harbiy qanotini yo‘q qilishni rejalashtirmoqda.
«Gap uzoqni ko‘zlagan va aniq maqsad — sektorni butunlay yoki deyarli butunlay nazorat ostiga olish haqida bormoqda. Bu juda murakkab vazifa», – deydi David Sharp.
Isroilga tahdidlar boshqa yo‘nalishlardan ham bo‘lmoqda — birinchi navbatda Livan janubidan, bu yerda Eron ta’siridagi va HAMASdan qudratliroq bo‘lgan «Hizbulloh» guruhi joylashgan, shuningdek, yahudiylar davlati bilan dushmanona munosabatda bo‘lgan Suriya va Iordan daryosining g‘arbiy sohilidan ham.
Isroil armiyasi harbiy harakatlar olib borish tajribasiga ega, yaxshi qurollangan, texnologik jihatdan ilg‘or hamda bir vaqtning o‘zida bir necha frontlarda jang qila oladi. Bu armiya o‘tmishda yolg‘iz o‘zi ko‘p sonli muntazam tuzilmalarga qarshi tura olgan. Ammo hozir gap bu haqda emas. G‘azoda qanday harakatlanish kerak — masala shunda.
Birinchi ssenariy – an’anaviy
Avval ham bo‘lganidek, Isroil armiyasi quruqlikdan bostirib kirishdan oldin kuchli artilleriya tayyorgarligini o‘tkazadi. Bunda birinchi navbatda harbiy obektlar — boshqaruv va aloqa markazlari, omborxonalar, raqib jonli kuchlari to‘plangan joylar va boshqalar yo‘q qilinadi.
Olovli qo‘llab-quvvatlash davom ettirilgan holda zirhli tank qismlari va piyodalar turli yo‘nalishlardan hujumga o‘tib, mudofaa chizig‘ini kesib o‘tadi va qarshilik o‘choqlarini bostiradi, bunda artilleriya zarbalari uchun nishonlar havodan turib ham to‘g‘rilab beriladi. Kuchli radioelektron urush orqali raqibning simsiz radioaloqasi ishdan chiqariladi.
Asosiy ko‘p qavatli binolar, shuningdek yerosti tunnellariga kirish joylari yakson etiladi yoki bloklanadi. Yakuniy bosqichda Isroil maxsus topshiriqli kuchlari vayron bo‘lgan binolar orasiga va yerto‘lalarga yashiringan tarqoq otryadlarni tugatishadi va ularning qo‘mondonlarini qo‘lga olishadi.
Aytishga oson…
Isroilga hujum tashkilotchilari voqealarning bunday rivojini inobatga olishgan va unga yaxshi tayyorlanishgan.
G‘azo sektori atrofidagi hududlar ochiqlikdan iborat va eng oddiy aerorazvedka vositalari, masalan, xitoyliklarning arzon dronlari orqali ham raqib qo‘shinlari va texnikalari to‘planishini aniqlash mumkin. Shunday ekan, quruqlik amaliyoti rejalashtirishda qo‘qqisdan hujum qilish omiliga tayanib bo‘lmaydi.
Asosiy zarbalar yo‘nalishidagi minalangan maydonlar, agar yirik quruqlik amaliyoti o‘tkazishga qaror qilinsa, jiddiy xavf tug‘dirishi dargumon — Isroil armiyasida bunday to‘siqlarni yengib o‘tish uchun minalardan tozalovchi zamonaviy vositalar yetarlicha. Lekin bundan yomonrog‘i bor.
Zamonaviy hujum harakatlari klassik kartinasi quyidagicha bo‘ladi: zirhli texnika va uning ortidan boruvchi piyodalar birinchi xandaqlarga 200-300 metrgacha yaqin bormagunicha artilleriya raqibning oldingi chiziqlari bo‘ylab o‘t ochadi, shundan keyin zarbalar dushmanning ichki hududlariga yo‘naltiriladi.
Isroil armiyasi bunga o‘rgatilganmi? Shubhasiz. Dushman pozitsiyalari aholi zich yashaydigan tumanlar bo‘ylab tarqalib ketgan sharoitda u o‘ziga bunday taktikani qo‘llashni ep ko‘radimi? Bu ko‘proq ritorik savol.
Shahar ichkarisidagi janglarda yengil qurollangan mobil guruhlar bilan harakatlanish samaradorligi yuqori — hujum qilayotgan tomon uchun ham, himoyalanayotgan tomon uchun ham.
Mudofaalanayotgan tomon hududni yaxshiroq biladi, o‘q-dori omborlariga ega, mahalliy aholi yordamiga tayanishi, zarur holatlarda ularning ortiga yashirinishi mumkin. Hujum qilayotgan tomon ko‘proq jangovar texnika ko‘magiga tayanishga majbur, shaharlardagi tor ko‘chalarda esa bu texnikalar oson nishonga aylanadi.
Yerosti tunnellari ham TsAHAL uchun alohida muammo tug‘diradi. Falastinlik muhandislarning sa’y-harakatlari tufayli endi bu qurilmalar oldingi kabi oddiy emas. G‘azo sektori ostida butun bir yerosti shahri barpo etilgan — yo‘laklarning murakkab tizimi kazarmalarni o‘q-dori omborlari bilan ulaydi va yuqoriga olib chiquvchi yuzlab yo‘llarga ega. Masalan, biror yolg‘iz kampirning omborchasi orqali.
Falastinliklar garovdagilarni aynan shunday joylarda ushlab turgan bo‘lishi mumkin va bu holda ularni ozod etish o‘ta murakkab vazifa bo‘ladi.
Ikkinchi ssenariy – qamal
Aslida, qamal allaqachon boshlanib ketdi — sektor yonilg‘i va elektr ta’minotidan uzildi.
Bu mantiqiy, ammo u ham oldindan kutilgan harakat. Blokadaga oldindan tayyor bo‘lgan kombatantlar (harbiylar) noqulaylikni oddiy aholiga qaraganda ancha kechroq his qiladi.
HAMAS a’zolari ixtiyorida bo‘lgan oziq-ovqat va yonilg‘i ularga uzoqroq dosh berish imkonini beradi, G‘azoning qolgan aholisi haqida esa bunday deb bo‘lmaydi.
Bunday sharoitda, bir qarashda tinchroq bo‘lib ko‘ringan qaror harbiy amaliyotdagidan ko‘ra og‘irroq oqibatlarga olib kelishi mumkin. Tsivilizatsiya vositalaridan uzilib qolgan shaharda juda tez fursatda ochlik va epidemiya boshlanib ketadi.
Bu holda zudlik bilan gumanitar yo‘laklar ochish, filtratsiya lagerlari o‘rnatish, qochqinlarni qayergadir joylashtirish talab etiladi. G‘azo sektorida ikki milliondan ortiq kishi yashashi inobatga olinsa, Isroil yolg‘iz hal qila olmaydigan gumanitar inqiroz yuzaga kelishi mumkin. Va shunda kaltak Isroilning boshida sinadi.
Shu bilan birga, blokada quruqlik amaliyotiga muqobil bo‘la olmaydi — Isroil baribir uni o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. HAMAS jangchilari och qolib, qo‘llarini ko‘targan holda taslim bo‘lishini kutish soddalik bo‘ladi.
Yomon va o‘ta yomondan birini tanlash
Icroil aynan shunday vaziyatga tushib qolgan. HAMAS harakatining harbiy qanoti muqaddam hech qachon hozirgi kabi kuchga ega bo‘lmagan. Uning jangchilari va qo‘mondonlari ko‘cha janglarida toblangan va yaxshi qurollangan.
HAMAS rahbariyati va uning faol a’zolari jismonan yo‘q qilinishi ham Isroilning arab dunyosi bilan munosabatlaridagi muammoni bartaraf qila olmasligi tayin.
Ammo chegaradagi shahar va kibutslarda kuzatilgan holatlar Isroilni shoshilinch choralar ko‘rishga undamoqda.
Ko‘lamiga ko‘ra G‘azodagi bo‘lajak amaliyotni 2015–2016 yillarda Iroqning IShID jangarilari egallab olgan Mo‘sul shahrini ozod etish uchun olib borilgan jangga qiyoslash mumkin. Ikki million kishi yashaydigan shahar uchun janglar to‘qqiz oy davom etgan, minglab kishilar halok bo‘lgan (ayrim manbalarga ko‘ra — o‘n minglab), milliondan ortiq kishi qochqinga aylangandi.
«Sof harbiy nuqtayi nazardan qaraganda, quruqlikdagi amaliyot qisqa muddatli muvaffaqiyatga va HAMAS qo‘mondonlarining ko‘pchiligi yo‘q qilinishiga olib kelishi mumkin. Ammo HAMAS bilan uzoq muddatli tinchlik kelishuvi bo‘lmasligi hisobga olinsa, katta ehtimol bilan, u tiklanishi, uning saflarini radikal kayfiyatdagi yoshlarning yangi avlodi to‘ldirishi mumkin», — deya yozadi BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha korrespondenti Frenk Gardner.
Mavzuga oid
23:30 / 05.11.2024
Binyamin Netanyahu Isroil mudofaa vazirini lavozimdan oldi
16:18 / 05.11.2024
Isroilning urush jinoyatlari uchun ramziy «G‘azo tribunali» tuzildi
15:50 / 05.11.2024
Isroil armiyasining G‘azodagi yo‘qotishlari 781 kishiga yetdi
15:10 / 05.11.2024