AQSh YeIni Rossiya aktivlaridan Kiyevga yordam uchun foydalanishga chaqirdi
Muzlatilgan 300 milliard dollarlik Rossiya aktivlarining katta qismi Yevropa Ittifoqida, biroq ularni Ukrainaga o‘tkazish jiddiy xavf tug‘diradi.
AQShning yuqori martabali amaldorlari G‘arb hukumatlarini Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan Ukrainaga yordam berish uchun foydalanishga chaqirishda faollashdi, deb yozadi The Washington Post 12 oktyabr, payshanba kuni o‘z manbalariga tayanib.
Kremlga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan G‘arb davlatlarining turli bank hisoblarida 300 milliard dollarga yaqin mablag‘ muzlatilgan. Shu bilan birga, G‘arb hukumatlari bu pullarni oddiygina olib qo‘yib, Ukrainaga o‘tkaza olmaydi, chunki bu huquqiy muammolarga olib keladi va jiddiy moliyaviy xavflarni keltirib chiqaradi, deb yozadi WP.
300 milliardning katta qismi Yevropadagi hisoblarda saqlanadi va hatto bu pullarni Ukrainaga o‘tkazish tarafdorlari ham shunday qaror qabul qilinsa, bir yildan ko‘proq vaqt ketishini tan olyapti. Bundan tashqari, Yevropa markaziy banklari rahbarlari bunday qarorning o‘z iqtisodiyotiga ta’siridan qo‘rqadi, deya ta’kidlaydi WP.
Rossiya aktivlaridan olinadigan daromad solig‘i Ukrainaga o‘tkazilishi mumkin
Ukraina rasmiylari ushbu aktivlardan olinadigan daromaddan soliq shaklidagi mablag‘larni Kiyevga yordam berish uchun ishlatish variantini muhokama qilmoqda, deb yozadi WP. Bu tushumlar xususiy investorlardan katta summalarni jalb qilish uchun garov sifatida ham ishlatilishi mumkin.
Bir kun avval Belgiya 1,7 milliard yevrolik jamg‘arma tashkil etilgani, mablag‘ Ukrainaga yordam berish uchun yo‘naltirilishini e’lon qilgan edi. Belgiya hukumati uni muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlarini qayta investitsiya qilishdan olingan daromad solig‘i hisobiga moliyalashtirmoqchi. Euroclear Yevropa depozitariysi Belgiyada joylashgan bo‘lib, u yerda Rossiya Markaziy banki aktivlarining katta qismi saqlanadi. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasining yuzlab milliard yevroga teng aktivlari va ular bo‘yicha foizlar daxlsiz bo‘lib qoladi, chunki ular Belgiya rasmiylarining yurisdiksiyasiga kirmaydi.
Mavzuga oid
17:22 / 17.11.2024
Tramp Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqqanlarni jazolamoqchi – OAV
10:05 / 17.11.2024
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
21:19 / 16.11.2024
Tramp Oq uy tarixidagi eng yosh matbuot kotibini tayinladi
15:52 / 16.11.2024