Bugun Yevropa Ittifoqi oldida turgan eng dolzarb muammolardan biri «Ko‘hna qit’a»ga oqib kelayotgan afrikalik muhojirlar masalasi hisoblanadi.

Bu muhojirlarning asosiy qismi qo‘lbola qayiqlarda O‘rta Yer dengizidan suzib o‘tib Ispaniya, Italiya, Fransiya, Gretsiya, Malta, Turkiya va Kipr orqali Yevropaga kirmoqda.

Biroq Afrika shimolida ikkita shahar borki, ularga kirib olgan muhojirlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa Ittifoqiga kirgan hisoblanadi. Bular O‘rta Yer dengizi sohillarida, Marokash shimoliga tutash yerda joylashgan Sabta va Malilya shaharchalari.

Har ikkala shaharcha bugun Yevropa Ittifoqi uchun haqiqiy bosh og‘riqqa aylangan. Har yili mazkur shaharchalar orqali ko‘p sonli muhojirlar Yevropa Ittifoqi hududiga o‘tadi.

Sabta va Malilya shaharchalari ancha yillardan buyon Ispaniya va Marokash o‘rtasida talash bo‘lib kelmoqda. Garchi muhojirlar bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa ham Ispaniya hozircha ularni Marokashga topshirmoqchi emas.

Sabta va Malilya tarixi

Sabta va Malilya shaharchalarini yevropaliklar ilk bor 15-asrda egallaydi. Ungacha har ikki shaharcha arab hukmdorlari qo‘l ostida bo‘lgan.

Jumladan, Sabta shahrini 1415 yilda portugallar, Malilyani 1497 yilda ispanlar egallashadi. Keyinchalik 1580 yilda Sabta shaharchasi nazorati portugallardan ispanlarga o‘tadi.

Arab hukmdorlari bu ikki shaharchani qaytarib olish uchun ko‘p marta hujum qilishgan. Biroq bunday urinishlar muvaffaqiyatsiz kechgan va ispanlar ularni o‘z nazoratida saqlab qolgan.

17-18-asrlarda Usmonli saltanati butun O‘rta Yer dengiziga egalik qilgan paytlarda ham har ikki shaharcha ispanlar nazorati ostida qoladi.

O‘sha paytlarda Bolqon yarimorolida Avstriya-Vengriya imperiyasi, Kavkazda va Qrimda Rossiya imperiyasi bilan jang olib borayotgan turklar Marokash O‘rta Yer dengizining g‘arbiy qismida bo‘lgan Sabta va Malilyani ozod qilish masalasiga jiddiy qaramaydi.

Qolaversa, o‘sha paytda har ikki shaharchada juda kam odam yashagan va ular strategik muhim joy hisoblanmagan.