Jamiyat | 15:16 / 14.10.2023
29857
4 daqiqa o‘qiladi

“Odamlar chiqindisini tashlab, kulib chiqib ketsin” – chiqindixonani gulzorga aylantirgan er-xotin hikoyasi 

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi bir qarashda toza, sarishta hovlini eslatadigan chiqindixona biroz oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgandi. Samarqandlik oila mehnati sabab chiqindixona gulzorga aylangan. “Bu chiqindixona, jirkanch joy, degan fikr bo‘lmasligi kerak”, – deydi chiqindixona ishchisi Sharofiddin Turobov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani «Maxsustrans» korxonasiga qarashli 29-yig‘ish shoxobchasi tozaligi bilan toshkentliklar orasida tilga tushib ulgurdi. Bu yerda samarqandlik oila ishlaydi. Oila boshi Sharofiddin Turobov Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi Ziyovuddin shaharchasi Bug‘doy mahallasida tug‘ilib o‘sgan. 1997 yilda Toshkentga kelgan. Tumandagi chiqindi yig‘ish shoxobchasida esa 2019 yildan beri ishlaydi. Rafiqasi bilan chiqindixonani ham tozalab, ham u yerda 100 ga yaqin gullarni parvarish qiladi. 

O‘zining hikoya qilishicha, gullarni yaxshi ko‘rish, ularga mehr berish Sharofiddin Turobovga onasidan o‘tgan. “Onam rahmatli gullarni yaxshi ko‘rardi. Bolaligimizda onam hamma joyga gul ekardi. Shuning uchunmi, gullarga oilaviy qiziqamiz”, – deydi u. 

Turobov chiqindixonadan yomon hid kelmasligiga sabab doimiy tozalab turilishi ekanini aytadi. Konteynerlarni rafiqasi Gulzoda Mamayusupova yuvadi. Turobovning o‘zi esa chiqindilarni saralaydi. 

Hamma narsa tozalikka bog‘liq. El chiqindixonaga kelib, meni ko‘rib xursand bo‘lib ketsin. Bu chiqindixona, jirkanch joy, degan fikr bo‘lmasligi kerak. Xalq chiqindisini tashlab, kulib chiqib ketsin. Men xalqdan foydalanyapmanmi, xalq ham mendan xursand bo‘lib ketsin”, – deydi Turobov.

Gulzoda Mamayusupova konteyner yuvish bilan birga, gullarni parvarish qiladi, yangi gullar ekadi. Bu yerda jannat gul, qora shahzoda, rayhon, ona mehri, fiks, geran kabi 20 turdan ortiq gullarni ko‘rish mumkin. 

Bundan tashqari, uning yana bir muhim ishi turmush o‘rtog‘iga tushlik tayyorlab olib kelish. "Uyimiz chiqindixonaga yaqin bo‘lgani uchun, har kunlik ovqatlarini tayyorlab, olib kelaman. Shuning orqasidan bolalarimizni o‘stirib, o‘qityapmiz. Qizimni turmushga uzatdim. Xo‘jayinim ham yaxshi inson. Ba’zan mening jahlim chiqsa ham qattiq gapirmaydi. Ko‘ngilni og‘ritmaydi”, – deydi u. 

2004 yilda oila qurgan juftlikning bir o‘g‘il va bir qizi bor. Yaqinda qizlarini uzatishgan. Endigi orzulari esa o‘g‘lini o‘qitib, mashina va uy-joyli bo‘lish.

Eng katta orzum Toshkentdan uy olish va o‘g‘limni o‘qitish. Hozircha uyga pul yig‘olmayapmiz. Chunki kvartiraning o‘ziga 250 dollar to‘laymiz”, – deydi u.

Orzulari haqida gapirib berarkan, Turobov topayotgan daromadi qancha bo‘lsa ham Allohga qanoat qilishini aytadi. 

Millionlab topsa ham inson uchun kam. Misol uchun kimdir sizga 45 ming so‘m bersa, yana 5 ming so‘m bersa, 50 ming so‘m bo‘lardi deysiz. Inson mana shu bilan to‘ydim deganini eshitmaganman. Mening ham niyatlarim bor, avvalo Alloh berguvchi zotdir. Elga bersin, el qatori menga ham bersin. Qancha niyatlarimni aytsam, dunyoga sig‘maydi. Banda bergani bo‘lmaydi. Hammaga Alloh bersin”, – deydi Turobov.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist,
Operator – Abdusalim Abduvohidov,
Montaj ustasi – Asror Almudarov.

Mavzuga oid