Qurol, pul va diplomatiya. Isroil va HAMAS mojarosi Rossiya-Ukraina urushiga qanday ta’sir o‘tkazmoqda?
Bir haftadan buyon davom etayotgan Isroil va HAMASning qurolli mojarosi jahon diqqatini Rossiyaning Ukrainaga tajovuzidan o‘ziga jalb qilib oldi. Kiyev uchun eng katta xavf - Yaqin Sharqdagi urush g‘arblik ittifoqchilarning resurslarini ham o‘ziga jalb qilishi mumkinligida.
«Isroil mavjud xavf qarshisida qoldi. Ukrainaning har qanday moliyalashtirilishi Isroil tomon yo‘naltirilishi lozim», — degan 9 oktyabr kuni Missuri shtatidan respublikachi senator Josh Gouli.
Oq uy azaldan bu siyosatchini «Rossiya dezinformatsiyasi» tarqatuvchisi deb kelgan bo‘lsa-da, Isroildagi mojaro tufayli Kiyevning g‘arb davlatlari tomonidan qo‘llanishini cheklash to‘g‘risidagi tezis asossiz emas. Garchi Jo Bayden ma’muriyati va Pentagon buni omma oldida inkor qilib turishgan esa-da.
«AQSh bir vaqtning o‘zida erksevar Ukraina xalqi va Isroil davlatini qo‘llab-quvvatlay olmaydi degan fikrlarni keskin rad etamiz», — deya qayd etgan AQSh prezidentining xavfsizlik masalalari bo‘yicha rasmiy vakili Jyeyk Sallivan.
«Bizda buni samarali amalga oshirish uchun resurslar, qurol-yarog‘lar va salohiyat yetarli», — deya qo‘shimcha qilgan u.
11 oktyabr kuni kunduzi AQSh Ukrainaga navbatdagi 200 mln dollarlik harbiy yordam paketi ajratilishini e’lon qildi. O‘sha kuni Isroilga Amerika harbiy yordami ortilgan samolyot kelib qo‘ndi.
Isroildagi qarama-qarshilik Ukrainadagi urushdek cho‘zilgan mojaroga aylanib ketsa nima bo‘ladi, degan savol ochiq qolmoqda.
Doimo yetishmaydigan qurol
Isroilning o‘z qudratli harbiy-sanoat kompleksi to‘g‘risidagi bayonotlari — reallik emas, asosan mif va stereotip, deydi Defense Express kompaniyasi eksperti Ivan Kirichevskiy.
U Isroilning zirhli tank sanoati faxri, faol himoyaga ega Merkava tanki real jangovar harakatlarda o‘zini yomon tarafdan ko‘rsatganiga ishora qildi.
Isroil harbiy sanoat kompleksining yana bir faxri — «Temir gumbaz» havo hujumidan mudofaa tizimi esa Amerika pudratchilari bilan kooperatsiya mahsulidir. HHM tizimidan davomli foydalanish asnosida Isroilga AQShdan raketa va butlovchi qismlar yetkazib turish kerak bo‘ladi, deydi ekspert.
155 mm kalibrli o‘q-dorilar bilan bog‘liq masala ham ochiq qolmoqda. Ukrainadagi urush mobaynida NATOga xos ushbu kalibrga ehtiyoj juda katta va ukrainalik harbiylar tomonidan telbalarcha ishlatilmoqda. Amerika va Yevropa zavodlari ularni ishlab chiqarishga ham ulgurmayapti.
Isroil artilleriyasi ham aynan 155 mm kalibrga moslashgan. Hozircha Yaqin Sharqdagi qarama-qarshilikda undan minimal tarzda foydalanilmoqda.
Isroil bu bosqichda G‘azo sektoriga havodan turib zarbalar bermoqda.
«Hozircha biz isroilliklar ukrainlar uchun tanish JDAM aviabombalari bilan G‘azo sektoriga zarba berishga zo‘r berishmoqda», — deydi Kirichevskiy.
JDAM (Joint Direct Attack Munition) — bu boshqariladigan og‘ir bombalar bo‘lib, parvoz uzoqligi va aniqligini ta’minlovchi qurilmalar (qanotlar komplekti, GPS-navigatsiya bo‘yicha mo‘ljal olish)ga ega.
Bu ham amerikaliklarning ishlanmasi. Bahordan buyon Ukraina QK ham ulardan foydalanmoqda.
Isroil harbiy havo kuchlarining asosiy harbiy samolyoti — Amerikaning F-16 qiruvchi samolyotlaridir, deydi ekspert. Bu esa g‘arblik hamkorlari Kiyevga yetkazib bermoqchi bo‘layotgan uchoqlarning aynan o‘zi: ukrainalik pilotlar ayni damda shu samolyotlarni boshqarishni o‘rganmoqda.
Kirichevskiyning ta’kidlashicha, Isroildagi urush Ukrainaga bu samolyotlar yetkazilishini susaytirmasligi kerak, chunki Yevropa va AQShda ularning soni ko‘p. Lekin butlovchi qismlar bilan bog‘liq muammolar bo‘y ko‘rsatishi mumkin.
«Uzoqqa cho‘ziluvchi mojaro haqida gap ketganda samolyotlarni tiklash va ta’mirlash masalasi o‘rtaga chiqadi. Isroilning yuqori texnologiyali harbiy sanoat komleksi harchand maqtalmasin, ularning o‘zlari samolyot yasashni bilmaydi, buni unutishgan», — deydi u.
Defense Express eksperti armiyaga chaqirilgan 300 ming zaxiradagilar uchun qurol-aslahalar yetishmasligiga ham e’tibor qaratgan. Bu yerda ham ittifoqchilarning yordami kerak bo‘ladi.
«Bunday harbiylashgan davlat qurol-yarog‘ borasida boshqa davlatlardan ko‘mak kutadigan vaziyat paydo bo‘lganiga sabab, so‘nggi yillarda Isroil armiyasi faqat «yomon qurollangan jangarilar otryadi» bilan jang qilishga majbur bo‘lgani», — deydi BBC’ga Ukrainaning Yaqin Sharq tadqiqoti markazi direktori Igor Semivolos.
Agar mojaro cho‘zilsa, boz ustiga unga boshqa tomonlar, eng avvalo Eron qo‘shilsa, Isroilning yordamga ehtiyoji keskin ortadi. «Lekin men Eronning mojaroga aralashish ehtimolini 50 foizdan pastroq baholayman», — degan ekspert.
Voqealar rivoji bunday tus olmasligi uchun AQSh o‘zining O‘rta Yer dengizidagi aviatashuvchi guruhini Isroil sohillariga yaqinroq joylashtirishga ahd qildi.
Mablag‘ yetadimi?
Chindan ham, AQSh Ukrainaga taqdim etayotgan va Isroilga jo‘natishi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘lar ro‘yxati o‘zaro kesishadi, lekin «juda tor» diapazonda, deydi Ukrainaning Vashingtondagi sobiq elchisi Valeriy Chaliy.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil mojarosi Kiyev uchun Amerika harbiy yordam paketlarini shakllantirish muddatiga ta’sir o‘tkazishi mumkin.
«Ta’sir vaqt masalasida bo‘ladi. Uzoq istiqbolli qo‘llab-quvvatlovda katta ta’sir bo‘lishini prognoz qila olmasam ham, qisqa muddatli yordamlarga ta’sir qilishi aniq, — degan Chaliy BBC ukrain xizmatiga. — Bu qaror qabul qilish jarayoni va ma’lum bir ro‘yxatdagi qurol-yarog‘larni ajratish bilan bog‘liq».
Sobiq elchi vaziyat AQShda Ukraina va Isroilga harbiy yordam ko‘rsatish uchun moliyaviy qarorlar qabul qilish jarayoniga ham «qisman ta’sir» qilishi mumkinligini aytadi.
Pentagon 9 oktyabr kuni Kongressni har ikki davlatga bir vaqtda kerakli yordam ko‘rsata olish uchun qo‘shimcha moliyalashtirish ajratishga chaqirdi.
Biroq bu narsa ham tezda bo‘lmaydi, chunki Kongressning Vakillar palatasi spiker Kevin Makkarti 3 oktyabr kuni iste’foga chiqarilgach hamon bloklangan holda turibdi.
«Ayniqsa o‘q-dorilar va bizning bir vaqtning o‘zida ham ukrainlar, ham isroilliklarni qo‘llab-quvvatlash qobiliyatimizda eng asosiy masala — Kongressdan qo‘shimcha moliyalashtirish olish, bu bizning o‘q-dori ishlab chiqarish va ularning pulini to‘lash borasidagi imkoniyatlarimizni orttiradi», — degan AQSh armiyasi vaziri Kristin Vormut.
30 sentabr kuni Kongress so‘nggi daqiqalarda ma’qullagan vaqtinchalik budjetda Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish uchun mablag‘ ajratilmagan.
Biroq, Washington Post nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Bayden ma’muriyati Kongress Ukraina va Isroilni moliyalashtirish uchun so‘rovni birlashtirishi mumkin.
Bunday «ayyorlik» Isroilni qo‘llayotgan, ammo Ukrainaga yordamga qarshi chiqayotgan ultrao‘ng respublikachi-trampchilarni aldab, Kiyevga zarur yordam ko‘rsatilishi imkoniyatlarini oshiradi.
Allaqachon Respublikachilar partiyasi a’zolari orasida moliyaviy so‘rovlarni birlashtirishga qarshi bo‘lganlarning ovozlari yangray boshladi.
AQSh OAVi ma’lumotlariga ko‘ra, kelgusi yil uchun Ukrainaga moliyaviy yordam paketi 50 mlrd.dan 100 mlrd dollargacha yetishi mumkin.
«Umumiy nuqtayi nazar»
«Biz AQSh va barcha davlatlarning bu falokatda Isroilga yordam berishga hozirligini qo‘llab-quvvatlaymiz va tarafdormiz, — degan BBC’ga Ukrainaning Vashingtondagi hozirgi elchisi Oksana Markarova. — Boshqa tomondan, Yaqin Sharqdagi voqealar nafaqat Rossiya agressiyasi, boshqa agressorlarni to‘xtatish uchun Ukrainaning Rossiya ustidan g‘alabasi zaruriyat ekanini ko‘rsatmoqda».
«AQShning so‘nggi kunlardagi harakatlari bizning bu nuqtayi nazarimiz umumiy ekanini ko‘rsatmoqda», — degan u.
Buni Amerika ma’muriyati va Kongress a’zolarining katta qismi Isroil va Ukrainaga bir vaqtda yordam berishni qo‘llab-quvvatlagani ham tasdiqlab turibdi.
Elchi Oksana Markarovaga ko‘ra, Ukraina va AQShda Rossiya ustidan g‘alaba qozonish zaruriyati borasida ham «umumiy nuqtayi nazar» bor.
Ikkinchidan, 11 oktyabr kuni «Ramshtayn» formatidagi yig‘ilishda, xususan Ukrainaga samolyotlar, artilleriya, zirhli texnika va HHM vositalari yetkazib berish borasida yangi kelishuvlarga erishildi.
Shu kuni Kiyevga AQShning navbatdagi — 200 mln dollarlik 48-yordam paketi taqdim etilishi ham e’lon qilindi.
Elchi Markarovaning ishonchiga ko‘ra, Ukrainaga ajratilishi rejalashtirilayotgan qurol-yarog‘lar, shuningdek, avval e’lon qilingan paketlar doirasida doimiy yetkazib berishlar, tezlashtirilgan ishlab chiqarish «bizning strategik do‘stimiz AQShning qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi o‘z so‘zlariga sodiqligini isbotlaydi».
Bundan tashqari, bu Vakillar palatasi yangi spiker saylab olguncha, Kongress budjet jarayoni va kelgusi 2024 yilgi moliya yilida qo‘llab-quvvatlashni aniqlashtirguncha Ukrainani himoyalab turadi.
Rossiya uchun foyda
Volodimir Zelenskiy HAMAS askarlarining G‘azo sektori yaqinidagi manzilgohlariga hujum ortida Rossiya turganini ham ta’kidlamoqda.
«Rossiya HAMAS Isroilda o‘tkazayotgan operatsiyalarni u yoki bu darajada qo‘llab-quvvatlamoqda. Bizning maxsus xizmatlarimiz uchun bu ochiq-ravshan, — degan Zelenskiy France 2 telekanaliga intervyusida. — Bizda Rossiya ma’lum bir terrorchilik harakatlarini o‘tkazishga yordam beradi deb xulosa chiqarishga undovchi barcha dalillar bor. Buni ular birinchi marta qilishayotgani yo‘q. Ular bu ishlarni Suriyada qilishgan, Ukrainada ham qilishgan».
Bu orada Rossiyaning urushga oid telegram-kanallari va blogerlari HAMAS vakillari g‘arblik ittifoqchilar Ukrainaga taqdim etgan qurol-yarog‘lar bilan urush qilayotgani to‘g‘risidagi axborotni tarqata boshlashdi.
Bu haqda Rossiyaning sobiq prezidenti, endilikda RF Xavfsizlik Kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham o‘z telegram-kanalida yozdi.
Bu borada rossiyaliklar ishonchli dalil keltira olishmadi, isroilliklar esa bu axborotni rad etishdi.
Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi esa rossiyaliklar Ukrainadagi urush davrida o‘lja qilib olgan AQSh va g‘arb davlatlarida yasalgan texnikalarni HAMASga berganini ta’kidlab chiqdi.
«Rossiyaliklar rejasiga ko‘ra, keyingi qadam ukrainalik harbiylarni g‘arb qurol-yarog‘larini terrorchilarga doimiy asosda sotayotgani to‘g‘risidagi feyk xabar bo‘lishi kerak», — deyiladi idora bayonotida.
Ukrainaning Vashingtondagi sobiq elchisi Valeriy Chaliyning aytishicha, bu rossiyaliklarning informatsion-psixologik operatsiyasi bo‘lib, u g‘arb auditoriyasiga mo‘ljallangan. Ukraina bunga ham diplomatik usullar bilan qarshi turishi kerak, deydi u.
«Bu rossiyaliklarning maxsus operatsiyasi va u kelgusida ko‘proq aylantirila boshlaydi», — deya ishonadi Chaliy.