Jahon | 11:41 / 25.01.2025
1347
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil Hamas 4 nafar ayol harbiyni ozod etishni rejalashtirayotganini tasdiqladi

G‘azo sektorida hamaschilar qo‘lida ushlab turilgan TSAHALning ayol askarlari Liri Albag, Karina Ariyev, Daniella Gilboa va Naama Levi 25 yanvar kuni ozod etilishi rejalashtirilgan.

G‘azo sektorida Hamas tashkiloti tomonidan garovda bo‘lgan Isroil Mudofaa kuchlarining to‘rt nafar ayol harbiysi 25 yanvar kuni ozod etilishi kerak. Buni 24 yanvar, juma kuni kechqurun Isroil rasmiylari tasdiqladi.

The Times of Israel internet-nashrining yozishicha, Hamas tomonidan kun avval e’lon qilingan askarlarning ismlari quyidagicha: Liri Albag, Karina Ariyev, Daniella Gilboa va Naama Levi. Ularning barchasi 2023 yil 7 oktyabr kuni Naxal-Oz kibutsidagi TSAHAL kuzatuv bazasiga bostirib kirish paytida o‘g‘irlab ketilgan. Ta’kidlanishicha, qizlarning oilalariga 25 yanvar kuni ozodlikka chiqish ehtimoli haqida allaqachon ma’lum qilingan.

Garovga olinganlarni ozod etish qoidalari

Bayonotda aytilishicha, Isroil rasmiylari Hamas ushlab turgan kuzatuv bazasidagi yana bir ayol askar - Agam Berger va fuqaro Arbel Yahudning oilalari bilan ham gaplashgan. Isroil kelayotgan hafta oxirida ikkalasini ham ozod qilish uchun Hamasga murojaat qildi.

«Yahud G‘azo sektorida garovga olingan tinch aholi vakillaridan biri. Ayol fuqaro sifatida ertaga (25 yanvar) ozod etilganlar orasida bo‘lishi kerak edi, - deb yozadi The Times of Israel. - Biroq, u Hamas emas, balki Falastinning boshqa guruhi tomonidan ushlab turilgani taxmin qilinmoqda. Quddus Xamas uni ozod qilishni kechiktirishga harakat qilishi mumkinligidan xavotirda»

Yahud garovda saqlanayotgan tinch aholi vakillaridan oxirgisi hisoblanadi. Gazeta tushuntirganidek, uning ozod etilishi rejalashtirilgan shaxslar ro‘yxatidan chiqarilishi Isroil va Hamas o‘rtasidagi kelishuvning buzilishidir, chunki u fuqaro garovga olinganlar ayol harbiylardan oldin ozod etilishini nazarda tutadi.

Mavzuga oid