Jo Bayden ma’muriyati va Venesuela prezidenti Nikolas Maduro AQShning Venesuela neft sanoatiga nisbatan sanksiyalarini yumshatishni nazarda tutuvchi kelishuvga erishdi. Buning evaziga rasmiy Karakas 2024 yilgi prezidentlik saylovlari raqobatbardosh o‘tishiga ruxsat beradi va muxolifat nomzodlarining saylovlarda ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmaydi. Bundan tashqari, saylovda xalqaro kuzatuvchilarga ham ishtirok etishga ruxsat beriladi. Bu haqda The Washington Post muzokaralardan xabardor bo‘lgan ikki manbasiga tayanib xabar berdi.

Qo‘shimcha qilinishicha, bitim Venesuelaning AQShda saqlanayotgan muzlatilgan aktivlarini qaytarishni nazarda tutmaydi. Shu bilan birga, Venesuela davlat neft-gaz kompaniyasiga (PDVSA) AQSh va boshqa G‘arb davlatlari bilan hamkorlikni tiklash uchun litsenziya beriladi.

Muzokaralar AQShning Venesuelaga nisbatan olib borayotgan tashqi siyosatidagi keskin o‘zgarishlarning bir qismi bo‘lib, Maduro hukumatiga maksimal bosim o‘tkazish bo‘yicha ko‘p yillik harakatlarning yumshatilishini anglatadi.

AQSh va Venesuela munosabatlarining keskinlashuvi

Qo‘shma Shtatlar tarixan Venesuela uchun asosiy hamkorlardan biri bo‘lib kelgan. 1920 yillarda bu mamlakat amerikaliklar uchun muhim neft yetkazib beruvchiga aylanadi. Ikkinchi jahon urushi davrida esa Hitlerga qarshi tuzilgan ittifoqchilarni energiya bilan ta’minlab kelgan. 2000 yillarda Ugo Chaves Amerika bilan munosabatlarni yaxshilaydi va ikki tomonlama faol savdo hamkorligi o‘rnatiladi. Bu esa Venesuela iqtisodiyotining yiliga deyarli 10 foizdan o‘sishiga imkon beradi.

2007 yilda mamlakatda milliylashtirishning ikkinchi to‘lqini o‘tkaziladi va ro‘yxatga G‘arb neft kompaniyalarining filiallari ham kiritiladi. Bundan Amerika hukumati Venesuelaga qarshi sanksiyalar qo‘llash uchun asos sifatida foydalanadi va bosim o‘tkaza boshlaydi.

Keyingi davrda sanksiyalar, sanoatni noto‘g‘ri boshqarish va neft narxining tushishi Venesuelada misli ko‘rilmagan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozni yuzaga keltiradi.

Ikki tomonlama munosabatlardagi keskinlik 2019 yilning yanvarida, Donald Tramp ma’muriyati (2017-2021) Venesuelada 2018 yilgi prezidentlik saylovlarini noqonuniy deb e’lon qilishi fonida kuchayib ketadi. Venesueladagi muxolif siyosatchilar prezidentlik saylovlarini boykot qilishadi. O‘sha paytda mamlakat Milliy assambleyasi (parlamenti) raisi bo‘lgan Xuan Guaydo qasamyod qabul qilib, o‘zini muvaqqat prezident deb e’lon qiladi. Uni Maduroning iste’fosini talab qilib, mamlakat ko‘chalariga chiqqan o‘n minglab namoyishchilar qo‘llab-quvvatlaydi. AQSh va 50 dan ortiq davlat Guaydoni Venesuelaning muvaqqat prezidenti sifatida tan oladi. Dunyoning o‘nlab davlatlari, jumladan, AQSh ham Venesueladagi saylovlarda manipulyatsiyalar haqida e’lon qiladi. Rossiya, Xitoy, Turkiya va boshqa bir qator davlatlar esa Maduroni qo‘llab-quvvatlaydi.