Sport | 20:48 / 22.10.2023
26195
15 daqiqa o‘qiladi

«Ser». Bobbi Charltonning ikki hayoti

U aviahalokatdan omon qolgan va jahon chempioniga aylangandi.

Foto: Getty Images

Kecha ingliz futbol afsonasi Ser Bobbi Charlton 86 yoshida vafot etdi. Futbol olami «ser» deganda boshqa odamni tushunishga o‘rganib qolgan bo‘lsa-da, aslida mamlakat futboli uchun Aleks Fergyusondan kam bo‘lmagan darajada xizmat qilgan boshqa Ser ham bor. Bobbi Charlton «Manchester Yunayted»ning Myunxen osmonidagi halokatida ham, o‘n yil o‘tib, jamoa Chempionlar Kubogi finalida qayta uyg‘onganida ham, Angliya milliy jamoasining tarixdagi yagona katta g‘alabasida ham nafaqat ishtirok etgan, bosh yaratuvchilaridan biri ham bo‘lgan. Keling Bobbi Charlton xotirasi uchun uning o‘xshashi yo‘q faoliyatiga batafsilroq nazar tashlaymiz.

Jahon futboli Ensiklopediyasida Bobbi Charlton haqida quyidagi so‘zlar yozilgan:

«U – eng mashhur ingliz futbolchisi. Uning ismi ingliz futbolidagi eng buyuk voqealar bilan chambarchas bog‘liq. Charlton nomi sportdagi halollik, maydonda o‘zini tutish va jyentelmenlikning sinonimiga aylangan»

Xalqaro futbol statistikasi asossatsiyasi uni futbol tarixidagi eng yaxshi o‘yinchilar o‘nligi ro‘yxatiga kiritgandi.

Futbolchilik qobiliyati unga tog‘alaridan o‘tgandi. Onasining uchta akasi «Lids» futbolchilari bo‘lishgan, yana bir qarindoshi esa afsonaviy Jyekki Milburn edi.

- Ba’zida Milburn bizni «Nyukasl» o‘yinlariga olib borardi, - hikoya qiladi Bobbining akasi Jyeki (u ham futbolchi bo‘lgan), - u bizni qo‘lida yetaklab tunneldan olib chiqardi va murabbiylar o‘rindig‘iga kuzatib qo‘yardi. O‘zimizni go‘yoki katta odamdan xis qilardik Bobbi ikkalamiz.

Uning futbolga kirib kelishi qiyin bo‘lmadi. Nyukasl yaqinidagi Eshington shaharchasida tug‘ilgan Bobbining talanti o‘smirlik davrlaridayoq ko‘pchilik e’tiborini qozonib ulgurgandi. 16 yoshli Bobbi birato‘la yigirma klub seleksionerlarining nazariga tushgandi. Dastlab u ikkilandi, ammo «MYu»ning ashaddiy ishqibozi bo‘lgan jismoniy tarbiya o‘qituvchisining ta’siri ostida «mankunianlik»larning qizil libosini kiyishga qaror qildi.

Faoliyatining boshlanishi ajoyib davrga to‘g‘ri keldi. Buyuk trener Mett Basbi yosh futbolchilardan ajoyib tarkib tuzdi va bu jamoa Angliya chempionatiga o‘zgacha ob-havo olib kirgandi. Bobbining debyuti 1956 yilga to‘g‘ri keladi va har ikki oyoqda kuchli zarba bera oladigan, ajoyib texnika sohibi bo‘lgan chap qanot hujumchisiga jamoa tarkibida munosib joy topildi.

Basbi ajoyib jamoa tuzgandi. U seleksionerlar bilan birgalikda Britaniyaning turli burchaklariga borar va o‘z jamoasi uchun javohirlarni izlardi. «Basbi bolalari» (ularga shunday nom berishgandi, aynan shunga taqlidan keyinchalik «MYu»ning 90-yillardagi buyuk tarkibi «Fergi bolalari» deb atalgandi) Angliyada ketma-ket g‘alabalar qozona boshlashdi. Qat’iy va hech narsadan tap topmaydigan, mag‘lubiyat nima bilmaydigan yosh futbolchilar yo‘llarida uchragan kubokni qo‘lga kiritib ketaveradigan jamoaga aylanib borishayotgandi. Ikki yil ketma-ket mamlakat chempionligi qo‘lga kiritildi, kubok finalida o‘ynashdi. 

Klubning navbatdagi maqsadi albatta Yevropa Chempionlari kubogi edi. Ammo... Har qanday vazifani uddalashda hech qanday to‘sqinlikni tan olmaydigan yigitlar uchun taqdirning ulkan sinovi tayyorlab qo‘yilgandi.

1958 yilning 6 fevrali. «Basbi bolalari» Belgraddan xursandchilik bilan qaytishayotgandi. «Tsrvena Zvezda»ga qarshi uchrashuvda ular 0:3 hisobini 3:3 ga aylantira oldilar va turnirning yarimfinaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritgandilar. Bobbi Charlton ikkita to‘p kiritib g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shgandi. Myunxenda yoqilg‘i quyish uchun qo‘ngan samolyot havoga ko‘tarilishda qiyinchilikka duch keldi. Qorli bo‘ron boshlangandi va uchuvchining uchinchi urinishi fojyea bilan yakunlandi. Klubning sakkiz o‘yinchisi halokat joyida vafot etdi. Jamoa va Angliya futbolida eng umidli o‘yinchi sifatida e’tirof etilgan, 17 yoshida milliy jamoa libosini kiygan Dankan Edvards oradan ikki xafta o‘tib shifoxonada hayot bilan vidolashdi. Bobbi esa tirik qoldi. O‘rindig‘i bilan birgalikda samolyotdan ellik metr uzoqlikka uchib ketgan qahramonimizning biror joyi hatto tirnalmagandi.

U endi boshqa insonga aylangandi. 21 yoshli futbolchining yelkasida katta yuk bor edi endi. Fojyea natijasida o‘lim topgan sheriklarining xotirasi uchun o‘ynashi lozim edi. Endi u oddiy qanot hujumchisi emas, jamoa yetakchisiga aylandi. Edvardsning ham o‘rnini bosishi kerak edi buyog‘iga. U ruhan kuchli futbolchi va insonga aylandi. U jamoa sardor etib tayinlandi va tirik qolgan futbolchilar Yevropa Chempionlar kubogini qo‘lga kiritishni, g‘alabani marhum do‘stlari xotirasiga bag‘ishlashni niyat qildilar va birgalikda qasam ichdilar.   

Albatta dastlabki yillar qiyin bo‘ldi. Sezilarli kuchsizlangan jamoa «Milan»ga imkoniyatni boy berdi, o‘sha mavsumda kubok finali va chempionat boy berildi. Ammo jamoa o‘zining yo‘lini tanlab bo‘lgandi va ularni hech narsa to‘xtata olmasdi.

1968 yilgi futbol mavsumi Bobbi va «MYu» uchun omadli keldi. Klub Yevropa Chempionlar ligasi finalida «Benfika»ga qarshi o‘ynadi. O‘yin 4:1 hisobida inglizlarning g‘alabasi bilan yakunlandi, Charlton Eysebioni mag‘lub etdi.

O‘yin tugagach, maydon markazida uch kishi bir-birlarining qo‘llarini ushlab, ko‘zlarini yumib turishardi. Ularning ko‘zlaridan yosh oqardi. «MYu»ning o‘yinlarini uzoq vaqt kuzatib kelgan har qanday muxlis bu holatdan ta’sirlanmay qolmasdi. Bu uch kishi – Mett Basbi, Bill Foulks va Bobbi Charlton edilar.

Topdingiz, bu uch kishi Myunxen fojyeasidan tirik qolgandilar va buyuk ehtimol ularni ko‘z oldilariga keltirayotgandilar. O‘zaro ichilgan qasamni bajarganliklaridan shod edilar. Bu kubokda o‘sha to‘qqiz futbolchining ulushi borligini o‘ylayotgandilar. Bu sovrin aslida hech narsa emasligini, ayni paytda esa hamma narsa ekanligini xis qilib turgandilar. «Uembli»ni to‘ldirib o‘tirgan 98 000 futbol muxlisi ham o‘rnidan turdi va bir-birini qo‘lidan tutdi. Bu holat xotira va minnatdorchilikning bir paytdagi ko‘rinishi edi.

- Qasam amalga oshirildi, - degandi keyinchalik Bobbi, - biz fojiaviy o‘lim topgan do‘stlarimizga bergan so‘zimizning ustidan chiqa oldik. Bu hayotimdagi eng muhim g‘alaba bo‘lib qoladi.   

Bu so‘zlar ikki yil oldin jahon chempionatida g‘olib chiqqan futbolchining tillaridan yangrayotgandi. Bobbi milliy jamoa tarkibida ham o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini o‘tkazdi. Boshqacha qilib aytganda, Angliya milliy jamoasi eng yorqin davrlarini Bobbi Charlton davrida o‘tkazgandi.

Angliya maydonlarida o‘tgan JCh-1966ni inglizlar Urugvay milliy jamoasi bilan nursiz durang bilan boshlashdi. Keyin esa Fransiya va Meksika milliy jamoalari bir xil – 2:0 hisobida dog‘da qoldirildi. Chorakfinaldagi Argentinaga qarshi o‘yin judayam qo‘pol o‘tdi va yagona gol evaziga maydon egalari yarimfinal ishtirokchisiga aylandilar.

Portugaliyaga qarshi kechgan yarimfinalda Bobbi Charlton haqiqiy ma’noda o‘z faoliyatidagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. Maydon markazidagi o‘yinlari bilan butun o‘yinni nazorat qilgan Bobbi Eysebiodan o‘z ustunligini namoyish etdi. Portugaliyalik afsona bir marta penaltidan to‘p kiritdi, Bobbi Charlton esa jamoasining har ikkala golining muallifiga aylandi. Uning gollari uzoq masofadan berilgan zarbalar asosida amalga oshgandi.

Final uchrashuvi nemislarga qarshi kechdi. «Vest Hem» hujumchisi Xerstning benefisiga aylanib ketdi. U final o‘yinlarida hozircha yagona bo‘lib turgan xet-trik muallifiga aylandi va Angliya 4:2 hisobida g‘alaba qozondi.  

Mundial tugagach, Bobbi Charlton millat qahramoniga aylandi. U haqida nimalar yozilmadi deysiz.

«Charltonning yuksak saviyasi Angliyani chempionga aylantirdi», «Angliya milliy jamoasining miyasi va qalbi», «Orkestr-odam», «Sharqiy Yevropa irodasini va Rim kiborligini o‘zida jalb qilgan mukammal futbolchi», «Kompyuter futbolchi», «Har bir vaziyatning sehrgari», «Universal, texnik va hujumkor futbol timsoli», «Eng halol professional» deya, bong urgandi Yevropa matbuoti. 

O‘sha mavsum Bobbi Charlton «Oltin to‘p» sohibiga aylandi.

- Bilasizmi, menga bu sovrinni olish unchalik noqulaylik tug‘dirmadi, - deydi Bobbi Charlton, - Eysebio va Bekkenbauer xafa bo‘lishmasin-u, bu mavsum sovringa men haqliroq bo‘ldim. Biz mundialda g‘alaba qozondik, «MYu» Yevropada o‘zini ko‘rsatdi. Men yaxshi formada edim va sheriklarim borasida ham omadliroq chiqdim. Yana ko‘pgina faktorlar meni bu safda ko‘proq sezilishimga turtki berdi.   

Uning zamonasi uchun naqadar qadrli futbolchi bo‘lganligini qo‘yidagi voqea ham ko‘rsatib beradi:

Ispaniyaning «Barselona» klubi Bobbi Charlton uchun 2.5 million funt to‘lashga rozi bo‘ldi va 500 ming funt futbolchining shaxsan o‘ziga va’da qilindi. Ammo Bobbi Ispaniyaga kelishni xohlamadi. Solishtirish uchun aytish mumkinki, o‘sha payt uchun rekord transfer summasi 250 ming funt bo‘lib, «Mantova» dana «Roma»ga o‘tgan Anjyelo Sormaniga tegishli edi. «Barselona» 1982 yilga kelibgina bir futbolchiga bundan ko‘p pul to‘lashga rozi bo‘ldi. Kataloniyaliklarning 3 million funtdan kechishga majbur qilgan futbolchi Diyego Maradona bo‘ldi. Tasavvur qilyapsizmi, Bobbi o‘z zamoanasidan 16 yil oldinga o‘tib ketgandi.   

1968 yilgi Yevropa chempionatida sovrindor o‘rinni egallagan Angliyaning JCh-70 dagi muvaffaqiyatsizligi Bobbi uchun nihoyat og‘ir botdi. GFRga qarshi kechayotgan chorakfinal uchrashuvida 2:0 hisobida g‘alaba qozonilayotgandi. Murabbiy yarimfinal o‘yiniga asrash maqsadida Bobbini almashtiradi. O‘yin esa nemislarning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlanadi. O‘sha chempionatdan so‘ng Bobbi milliy jamoa bilan xayrlashdi. 1973 yilda esa «MYu»ni tark etib, oddiygina «Preston Nord End» klubiga o‘ynovchi murabbiy bo‘lib faoliyatini davom ettirdi.

Bobbi Charlton hozirgi paytgacha Angliya futbolining ramzi hisoblanib kelinadi. 1994 yilda esa qirolicha Yelizaveta futbolchiga ritsarlik maqomini berdi.

- Men oddiy ishchi oilasidanman, - degandi o‘shanda ser Bobbi, - shuning uchun biror narsaga erishish uchun ko‘p mehnat va qurbonliklar qilishim kerakligini yaxshi tushunardim. Men Bobbi Charlton bo‘lishim uchun juda ko‘p mehnat qildim. Mening naslim yulduzlik kasaliga chalinishimdan asrab turdi, qolgani esa Tangrining irodasiga bog‘liq amalga oshdi.  

Bobbi Charltonning bu qadar xurmat qozonishiga faqat futbolchilik mahorati sabab bo‘lmagandi. U maydonda sof va halol o‘ynardi, nihoyatda keng qalb egasi edi. Butun faoliyati davomida u faqatgina bir marta og‘zaki ogohlantirish olgandi, o‘sha voqeada ham u jamoadoshi Dennis Louning tarafini olgandi. Maydon tashqarisida ham u kamtar va mehribon inson sifatida hayot kechirdi.

 U «Manchester Yunayted»ni tark etgach, jamoa bosh murabbiyi Tommi Doxerti:

- Uni futbolchi sifatida o‘rnini to‘ldirish juda qiyin bo‘ladi, inson sifatida esa yanada qiyinroq, - deb o‘z qayg‘usini yashira olmagandi.

Buni oxirigacha anglab yetish uchun o‘sha 1958 yilga qaytishimizga to‘g‘ri keladi. U o‘lim bilan yuzma-yuz kelgandi. Sheriklaridan farqli ravishda taqdir unga yana bir imkoniyat bergandi, u ikkinchi hayotini boshlagandi. O‘lim bilan ro‘baru kelgan insonlar hayotdagi shon-sharaf, boylik aslida arzimas mato ekanligini juda to‘g‘ri anglay oladilar. Balki Bobbining yutug‘i ham shu bo‘lgandir.

Robert «Bobbi» Charlton

11 oktyabr 1937 yilda tug‘ilgan.

Davlat: Angliya.

Amplua: hujumchi, yarim himoyachi.

O‘ynagan klublari: «Manchester Yunayted» (Angliya) - 1953-1973 yillar; «Preston Nord End» (Angliya) - 1973-1975 yillar.

Terma jamoa safida: 106 o‘yin, 49 gol.

Qo‘lga kiritgan yutuqlari:

Jahon Chempioni (1) – 1966 y

Yevropa Chempionatida uchinchi o‘rin (1) – 1968 y.

Yevropa Chempionlar kubogi (1) – 1968 y

Angliya chempioni (4) – 1956, 1957, 1965, 1967 yillar

Angliya kubogi sohibi (1) – 1963 y

Yevropaning eng yaxshi futbolchisi (1) – 1966 y

Angliyaning eng yaxshi futbolchisi (1) – 1968 y.

YuNeSKO «Feyr Pley» sovrindori (1) – 1973 y

Britaniya imperiyasning maxsus ordeni va FIFA ning oltin ordeni sohibi.

Mavzuga oid