O‘zbekiston Qirg‘izistonga harbiy vertolyot sovg‘a qilgani ma’lum bo‘ldi
Shuningdek, Qirg‘iziston vertolyotlaridan biri O‘zbekistonga qarashli Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodida kapital ta’mirlab berildi.
2021 yilda O‘zbekiston Qirg‘izistonga harbiy vertolyot sovg‘a qilgan. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ma’lum qildi.
«Ikki davlat prezidentlari erishgan kelishuvga muvofiq, 2021 yilda qardosh O‘zbekiston Respublikasi Qirg‘iziston Respublikasiga bepul insonparvarlik yordami sifatida MI-8MTV harbiy vertolyotini taqdim etgan va bu havo kuchlarimiz mutaxassislari tomonidan qabul qilindi», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Japarov so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston harbiy aviaparkidagi xuddi shunday vertolyotlardan biri O‘zbekistonga qarashli Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodiga kapital ta’mirlash uchun topshirilgan. Ta’mirlash ishlari xarajatlarini O‘zbekiston Mudofaa vazirligi zimmasiga olgani aytilmoqda.
«O‘zbekistonning tegishli tuzilmalari vertolyotimiz to‘liq ta’mirlanib, jihozlangani haqida xabar berdi. Mudofaa vazirligimiz mutaxassislari vertolyotni qabul qilib, Chirchiq-O‘sh, O‘sh-Bishkek yo‘nalishi bo‘ylab yetkazdi va uni o‘z ishini bajarishga to‘liq tayyor ekanini ma’lum qildi. Shunday qilib, Qirg‘iziston harbiy samolyotlari parki yana ikkita vertolyot bilan to‘ldirildi», deb yozdi Japarov.
Qirg‘iziston harbiy vertolyoti O‘zbekistonda ta’mirlangani haqida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ham xabar berdi.
«17 oktyabrda Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodida Qirg‘iziston Respublikasiga tegishli MI-8MTV rusumli harbiy vertolyoti to‘liq ta’mirlanib, qo‘shni mamlakat harbiy delegatsiyasi vakillariga tantanali ravishda topshirildi. Bir necha kun davomida ikki mamlakat mutaxassislari to‘liq kapital ta’mirdan chiqarilgan mazkur harbiy texnikanining sinov parvozlarini amalga oshirishdi. Vertolyot mutaxassis ko‘rigidan hamda sinov jarayonlaridan muvaffaqqiyatli o‘tib, foydalanishga shay holatga keltirildi», deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
17:30 / 14.11.2024
Qirg‘iziston Issiqko‘lni saqlab qolish uchun qo‘shnilarga kamroq suv berishi mumkin
22:01 / 12.11.2024
Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rgan yetti kishi qo‘lga olindi
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
17:21 / 06.11.2024