Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaqin Sharqdagi urush: G‘azodagi shifoxonalar yaradorlar va qurbonlar oqimiga dosh berolmayapti
G‘azodagi Al-Aqso shahidlari kasalxonasida jasadlarni o‘rash uchun qoplar yetishmayapti. Marhumlarning jasadlari kasalxona hovlisida to‘planadi, ular ustida janoza o‘qiladi, atrofda yaqinlari yig‘lab turadi.
Kasalxonaning o‘zida shifokorlar yura oladigan bemorlarning yaralarini shoshilinch bog‘laydi va keyin butun kuchni og‘ir yaradorlarga tashlaydi. Ammo dori-darmon va boshqa tibbiy jihozlarning zaxiralari tezlik bilan tugab bormoqda.
BBC Arab xizmati korrespondenti bemorlar bilan to‘lib-toshgan mazkur shifoxonada bo‘lib, shifokorlar yaradorlarga yordam ko‘rsatish uchun qanday yelib-yugurayotganiga guvoh bo‘ldi.
«Biz bu yerda tong otgandan buyonn ishlayapmiz va shifoxonaning butun hovlisi jasadlar bilan to‘lgan, refrijyeratorlar to‘lgan va o‘likxonalar ham, bizga hatto jasadlarni solish uchun qoplar yetishmayapti, ular juda ko‘p. Jasadlar parchalanib ketgan holda olib kelinadi va biz ularning identifikatsiya qila olmaymiz, chunki ular tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketgan bo‘ladi», — deydi shifoxona xodimlaridan biri, uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat shunchaki chidab bo‘lmaydigan darajaga yetgan.
«Biz bungacha ko‘rganlarimizning barchasiga qaramay, bunaqasiga hali hech qachon guvohi bo‘lmagandik», — deya tan oladi u.
Bunga o‘xshash manzaralar butun G‘azo hududi bo‘ylab shifoxonalarda kuzatilmoqda.
G‘azo shahridagi Al-Quds shifoxonasida ishlovchi shifokorlardan biri BBC’ga yo‘llagan xabarda aytilishicha, shifokorlar va hamshiralar 500 dan ortiq bemorga yordam ko‘rsatayotgan shifoxona yonidagi binoga bombalar kelib tushgan.
Xavfsizlik nuqtayi nazaridan shaxsi oshkor etilmasligini so‘ragan ushbu shifokor ovozli xabarida aytishicha, bemorlar va shifoxonada yashiringan tinch aholi vakillari «qattiq qo‘rquv holati»ga tushgan.
U tibbiyot xodimlari kimga birinchi bo‘lib yordam ko‘rsatishni tanlashi kerak bo‘ladigan vaziyatni «halokatli» deb atagan, shu tufayli ko‘plab yaradorlar jarrohlik amaliyotini bir necha kun kutib qolmoqda.
Tibbiyot xodimlari ham yetishmaydi. Kimdir halok bo‘lgan, kimdir shifoxonagacha yetib kela olmaydi. Qolgan shifokorlar va hamshiralar boshpanani G‘azo aholisi bilan bo‘lishmoqda: aviazarbalardan qochgan 1200 ga yaqin kishi shifoxonada jon saqlamoqda.
«Bu yerda 120 nafarga yaqin turli og‘irlikda yaralanganlar, sun’iy nafas oldirish apparatlariga ulangan 10 bemor va yana 40 nafar atrofida surunkali kasallikka ega bemorlar bor, — deydi o‘sha shifokor. — Qolaversa, bu yerda 1200 nafar vaqtincha ko‘chirilgan shaxslar ham bor, bunday ko‘p miqdordagi odamni boshqa joyga ko‘chirish qiyin, shu tufayli biz ularni evakuatsiya qilmaslikka qaror qildik».
Isroillik harbiylar bir necha marta G‘azo shimolida bo‘lganlarni xavfsizlik nuqtayi nazaridan janubga ketishga chaqirgan.
Yuz minglab kishilar bu tavsiyaga amal qildi, ammo boshqa minglab kishilar shimoldagi uylarida qolishni afzal ko‘rgan.
G‘azo sog‘liqni saqlash organlari (ular HAMAS nazoratida) yakshanbadan dushanbaga o‘tar kechasi aviazarbalar oqibatida yana o‘nlab kishilar halok bo‘lganini xabar qildi.
TsAHAL so‘nggi bir kun davomida 320 ga yaqin nishonlar, jumladan, HAMAS va uning ittifoqchilari, «Falastin islom jihodi»ning tunnellari va postlariga zarba yo‘llagani haqida ma’lumot bergan.
Zarbalar davom etayotgani esa G‘azodagi shifoxonalar vaziyatini yanada og‘irlashtiradi: hozircha G‘azoga insonparvarlik yordamlari ortilgan faqat uchta kichik kolonna kirib kelgan, urushga qadar esa G‘azoga har kuni 500 ga yaqin yuk mashinasida yuklar kirardi.
Avtokolonnalar biroz oziq-ovqat va dori-darmonlar keltirgan bo‘lsa-da, mojaro boshlanganidan buyon G‘azoga hali yonilg‘i yetib kelmadi, bu esa shifoxonalardagi generatorlar ishlashi uchun o‘ta zarurdir.
YUNISEF yakshanba kuni ogohlantirdiki, inkubatorlardagi 120 nafar chaqaloq, jumladan, muddatidan oldin tug‘ilgan 70 nafar chaqaloqning yashashi sun’iy nafas olish (IVL) apparatlariga bog‘liq, ular esa Isroil G‘azoga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatganidan so‘ng dizel elektr generatorlariga ulangan.
O‘z navbatida, Isroil armiyasi rahbariyat HAMAS yonilg‘ini o‘zi uchun tejab, uni tinch aholi bilan bo‘lishmayotganini da’vo qilmoqda.
Shu bilan birga, ko‘plab shifoxonalarda yonilg‘i tugamoqda va Falastinliklarga tibbiy yordam xayriya tashkiloti direktori Fikr Shaltutning aytishicha, agar generatorlar ishlashdan to‘xsasa, sun’iy nafas olish apparatlariga ulangan bolalar nobud bo‘lishidan ogohlantirmoqda.