O‘zbekiston | 08:35 / 27.10.2023
2348
4 daqiqa o‘qiladi

Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar bo‘yicha yagona psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalar tashkil etiladi

Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktab, maktab-internatlarda qisqa muddatli ta’lim va tarbiya berishga mo‘ljallangan “G‘amxo‘rlik” guruhlari tuziladi.

“Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning ta’lim olishlarini tashkil etish va reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

2024 yil 1 avgustdan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar, ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari Ijtimoiy himoya milliy agentligi tuzilmasiga o‘tkazilishi belgilangan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining 2024 yil 1 yanvardan quyidagilarni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi:

alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yo‘llash bo‘yicha tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya hamda ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internatlarga yo‘llash bo‘yicha psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalar negizida Ijtimoiy himoya milliy agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari huzurida yagona psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalarni (PTPK);

alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktab, maktab-internatlarda qisqa muddatli ta’lim va tarbiya berishga mo‘ljallangan “G‘amxo‘rlik” guruhlarini;

nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash hududiy markazlarida bolalar reabilitatsiyasi bo‘limlarini.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) bolalarni alohida ta’lim ehtiyojlariga muhtojligini aniqlash PTPK tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:

PTPK xulosasini olish uchun ariza bolaning qonuniy vakillari tomonidan ularning yashash joyidagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etiladi;

bolalarni PTPK ko‘rigidan o‘tkazish uchun hujjatlarni shakllantirishda bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi, uning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (qonuniy vakillar) pasportining nusxalari hamda bolaning ta’lim olganligi to‘g‘risidagi hujjatlar “Elektron hukumat” tizimining idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘i orqali olinadi;

b) 2024 yil 1 avgustdan boshlab:

PTPK tomonidan hujjatlar qabul qilingandan PTPK o‘tkazilishidan 3 ish kun oldin aloqa vositalari, shu jumladan SMS xabarnoma orqali bolaning ko‘rik o‘tkazish sanasi, vaqti va joyi ko‘rsatilgan xabar yuboriladi;

PTPK xulosasi asosida PTPK kotibi tomonidan bola, uning qonuniy vakillari bilan kelishgan holda, tegishli ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida ro‘yxatdan o‘tkaziladi va navbatga kiritiladi;

v) “G‘amxo‘rlik” guruhlar faoliyatini moliyalashtirish maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktab, maktab-internatlari hamda sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarini maqbullashtirish munosabati bilan bo‘shayotgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi;

“G‘amxo‘rlik” guruhlari uchun shtat birliklari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

g) Reabilitatsiya bo‘limlariga 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari ko‘rigidan o‘tkazish natijalaridan kelib chiqib yuboriladi;

reabilitatsiya bo‘limlari uchun shtat birliklari Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid