Eronda 1953 yilgi davlat to‘ntarishi: G‘arbning aralashuvi qanday oqibatlarga olib kelgandi?
AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi Eronda 1953 yilda davlat to‘ntarishi uyushtirishda yordam berganini tan olgan. AQSh hokimiyat tepasiga kommunistlar kelishiga yo‘l qo‘ymaslikni istagan - biroq Islom inqilobiga yo‘l ochgan. G‘arb aralashuvi Eronda qo‘rquvlar kuchayishi va oyatullohlar rejimi hokimiyatga kelishiga sabab bo‘lgan.
Yaqin Sharqda mojaro avj olishi AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB)ning tarixiy iqroriga to‘g‘ri keldi: o‘z podkastida idora 1953 yil Eronda davlat to‘ntarishi amalga oshirilishida bevosita ishtirok etganini ilk marta rasman tasdiqlagan. Ammo hozir buning mavridi emasdi — bunday iqrorliklar shundoq ham katta urush yoqasida turgan mintaqadagi taranglikni yumshatishga aslo yordam bermaydi. Boz ustiga, Britaniya va Amerika maxsus xizmatlarining Eron bosh vaziri Muhammad Musoddiqni ag‘darishdagi ishtiroki azaldan hech kimga sir emasdi.
«Meduza» nashri tahlilchi Nikita Smaginning zamonaviy Eron tarixini belgilab bergan dramatik voqealar haqidagi hikoyasini e’lon qildi.
1953 yil taxtdan tushirilgan bosh vazir Muhammad Musoddiq — Eronning XX asrdagi muhim siyosatchilaridan biri. Oyatulloh Xumayniy kabi u ham monarxiya rejimini buzgan, biroq Buyuk Britaniya va AQSh bosimiga dosh bera olmagan
Amerikaning Time jurnali qariyb bir asrdan buyon yil odamini aniqlab, muqovasiga uning suratini joylashtirib keladi. Jurnalning butun tarixi davomida faqat ikki nafar eronlik bu nomga ega chiqqan: bosh vazir Muhammad Musoddiq 1951 yilda va Islom inqilobi yetakchisi oyatulloh Ruxulloh Xumayniy 1979 yilda.
Bu ikki siyosatchi o‘rtasida o‘xshashliklar u qadar ko‘p emas. Musoddiq Qojorlar dinastiyasi davridagi mulozimlar elitasidan chiqqan va o‘sha vaqtdan o‘z karerasi uchun yo‘l ochgan. U 1905-1911 yillardagi konstitutsion inqilobda ishtirok etgan, Yevropada o‘qigan, siyosiy sahnada so‘l millatchilarga mansub edi. O‘z navbatida, Xumayniy shajaraga ega shia imomi bo‘lib, 13 yil davomida Iroqda yashagan. O‘zining davlatchilik faoliyatida u siyosiy islomga rioya qilgan.
Biroq bir vaziyat ularni juda yaqinlashtiradi: ularning har ikkisi Eron shohi Muhammadrizo Pahlaviy ustidan g‘alaba qozongan — 1951 va 1979 yillarda. To‘g‘ri, Musoddiqqa omad kulib boqmagan. O‘shanda monarxiyaga Buyuk Britaniya va AQSh ko‘mak berib bergan — ular Musoddiqni yiqitib, taxtni va butun hokimiyatni shohga qaytargan.
Shu bilan Musoddiq va Xumayniy o‘rtasidagi bog‘liqlik tugamaydi. Zamonaviy eronshunoslikda 1953 yilgi voqealar 1979 yilgi inqilobning nafaqat debochasi, balki sabablaridan biri sifatida ko‘riladi.
Musoddiq 1950-yillarda — imperializmga qarshi kurash to‘lqinida Eronning eng mashhur siyosatchisiga aylanadi. Kurashning bosh ramzi neft sanoatini milliylashtirish bo‘lgan
1950-yillar boshlarida Eron yangi siyosiy tizim shakllanishi bosqichida bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi mobaynida mamlakat Britaniya va sovet qo‘shinlari tomonidan okkupatsiya qilingan edi, ular shoh Rizo Pahlaviyni taxtdan voz kechishga majburlashadi. Shoh o‘zini monarx deb e’lon qilgan qattol avtoritar yetakchi edi, u mamlakatni Turkiya singari isloh qilish niyatida bo‘lgan. Sobiq zobit doim harbiy formada yurgan, bu esa uning boshqaruvi ruhiyatiga mos edi.
Okkupatsiya kuchlari taxtga shohning o‘g‘li Muhammad Rizoni o‘tqazishadi, u ijtimoiy-siyosiy hayotni liberallashtirishga kirishadi. Siyosiy mahbuslar uchun amnistiya e’lon qilinadi, avval yashirin faoliyatda bo‘lgan kuchlar ochiq faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Ularning orasida Qojorlar davrida mansabdor bo‘lgan, biroq Rizo Pahlaviy davrida ochiq faoliyatdan chekingan Musoddiq ham bor edi.
Britaniya va sovet qo‘shinlari Eronni 1946 yilda tark etishdi, mamlakatda mustaqil parlamentar monarxiya qurilishi boshlandi. To‘g‘ri, ta’sir richaglarini saqlab qolish uchun Moskva va London to‘liq chiqib ketishga shoshilmayotgandi. SSSR manfaatlarini ifodalovchi asosiy kuch sovetparast «To‘da» kommunistik partiyasi edi. Britaniyaliklar ko‘proq iqtisodiy tuzilmalar orqali ta’sir ko‘rsatar, ularning asosiy aktivlaridan biri ingliz-eron neft kompaniyasi edi.
1920-yillardan buyon Britaniya Eron hududida qazib olayotgan nefti uchun yetarli mablag‘ to‘lamayotgani masalasi ko‘ndalang bo‘lib kelayotgandi. O‘shanda uzoq muzokaralardan so‘ng Eron tomonining britaniyaliklarning 1932 yilgi konsessiyani bekor qilishga urinishi va Millatlar ligasi (BMTdan avvalgi tashkilot) bosimlari evaziga tomonlar kelisha olishdi. Neft sohasi britaniyaliklar qo‘lida qoldi, garchi ular Tehronga to‘lovni oshirgan bo‘lsa ham, Eronning ta’siri va Britaniya xazinasiga to‘lanadigan soliqlar masalasida vaziyat u qadar o‘zgarmay qolaverdi. 1948 yilda Buyuk Britaniya Ingliz-eron neft kompaniyasida soliqlar ko‘rinishida Erondan ko‘ra ko‘proq daromad ola boshladi.
Bu voqealar fonida Eronda neft sohasini milliylashtirish harakati tug‘ila boshladi, mamlakatning katta qismida norozilik namoyishlari, Ingliz-eron neft kompaniyasiga tegishli hududlarda ish tashlashlar bo‘lib o‘tdi. Harakat qatnashchilarining qat’iyati shunchalik ediki, milliylashtirishga ochiqchasiga qarshi bo‘lgan bosh vazir Hojiali Razmoro 1951 yilda «Fidoyini islom» radikal guruhi tomonidan o‘ldiriladi. Jamoatchilikning Buyuk Britaniyaga qarshi turishi o‘sha vaqtdagi aksilmustamlakachilik kurashining jahon trendida edi: Britaniya imperiyasi barbod bo‘lishining eng faol fazalari aynan 1940-1950-yillarga to‘g‘ri keladi.
Musoddiq xalqning imperializmga qarshi otashin intilishini jilovladi va suverenitet hamda milliy qadriyatlarning yaqqol kurashchisi sifatida o‘rtaga chiqdi. U bosh maqsadi neft sanoatini milliylashtirish bo‘lgan Milliy frontga yetakchilik qildi va tezda mamlakatning eng mashhur siyosatchisiga aylandi.
1951 yilda Musoddiq bosh vazir bo‘ladi va shohdan armiya ustidan nazoratni tortib olishga urinadi. Biroq AQSh va Buyuk Britaniya (o‘z manfaatlari himoyasi va mahalliy kommunistlarni parchalash uchun) monarxga hokimiyatni qaytarib olib beradi
Bosh vazir Razmoroning o‘limidan so‘ng uning o‘rnini Eronning AQShdagi sobiq elchisi Hussayn A’lo egallaydi, u milliylashtirishga kamroq qarshi edi. Biroq parlament xalq noroziliklari va Vazirlar mahkamasining avvalgi rahbari o‘ldirilgani ta’siri ostida 1951 yil 26 aprelida neft sanoati davlat nazoratiga o‘tkazilishi to‘g‘risida qonun qabul qiladi. A’lo hukumati iste’foga chiqadi, deputatlar Musoddiqni bosh vazir etib tayinlaydi.
Eron aholisi bayram qiladi: milliylashtirish imperialistik kuchlar ustidan g‘alaba va uzoq kutilgan suverenitetga ega bo‘lishdek qabul qilinadi. Musoddiq atrofida kommunistlarning «To‘da»sidan tortib, islomistlargacha bo‘lgan siyosiy kuchlar birlashadi. Muxolifatda shahanshoh Muhammadrizo Pahlaviyning yakka o‘zi qolib ketadi.
1952 yilda Musoddiq monarxni uning bosh siyosiy boyligi — armiyadan mosuvo etishga urinib ko‘radi. Bosh vazir o‘zi uchun olti oylik favqulodda vakolat talab qiladi — vazirlar mahkamasi rahbari bilan bir qatorda mudofaa vaziri lavozimini ham olishga harakat qildi. Shahanshoh Muhammadrizo Pahlaviy bunga keskin qarshi chiqdi va bosh vazirni iste’foga chiqaradi. Bunga javoban Tehron ko‘chalariga minglab namoyishchilar chiqishadi, politsiya va armiya bilan to‘qnashuv sodir bo‘ldai. Hokimiyat kuchlari namoyishchilarga qarata o‘q uzadi. 30 ga yaqin odam halok bo‘ladi. Shoh ortga chekinadi va bosh vazirni o‘z lavozimiga tiklaydi. Musoddiq yana g‘alaba qozondi. Muvaffaqiyatdan qanotlangan bosh vazir Buyuk Britaniya bilan diplomatik aloqalarni uzadi va vaziyatni yanada keskinlashtiradi.
Uning «g‘alabalari» ikki qudratli kuch — London va Vashingtonni qattiq tashvishlantiradi. Buyuk Britaniya ko‘proq o‘zining moliyaviy manfaatlari uchun qayg‘ura boshlaydi. AQShni esa Musoddiqning so‘l ritorikasi va kommunistik «To‘da» bilan ittifoqi tashvishga soladi: Vashington Eron sovet blokiga o‘tib ketishidan cho‘chir edi. Eron krizisini kuch bilan hal qilish g‘oyasi 1951 yilda paydo bo‘ladi, 1953 yilda esa davlat to‘ntarishi London va Vashington tomonidan asosiy opsiya sifatida ko‘riladi. MRB operatsiyaga «Ayaks» nomini beradi. Britaniya razvedkasi esa chiroyliroq The Boot («Botinka») nomini o‘ylab topadi, bu esa ingliz tilida «ketga tepish» degan ma’noni ham berardi.
1953 yil 1 avgustida amerikalik agent Kermit Ruzvelt shoh Muhammadrizo Pahlaviy bilan uchrashadi va uni davlat to‘ntarishi rejalari bilan tanishtiradi. Oradan 10 kun o‘tgach, xorij maxsus xizmatlarining yo‘riqnomasi bo‘yicha shoh Tehronni tark etib, shimoldagi Mozandaron viloyatiga yo‘l olishi kerak bo‘lgan. O‘sha yerdan turib u noqulay bosh vazirning iste’foga chiqarilganini e’lon qilishi kerak edi. Biroq bosh vazir fitnadan xabar topadi va o‘ylangan rejaga ko‘ra o‘zini hibsga olishi kerak bo‘lgan shoh gvardiyasi generalini tezkorlik bilan hibsga oladi. Muhammadrizo o‘zining xavfsizligidan cho‘chib, mamlakatdan qochib ketadi. Eronda milliy front tarafdorlari namoyishga chiqib, shoh portretlarini yoqishadi, Eron Tashqi ishlar vazirligi esa xorijiy elchilarga Muhammadrizo Pahlaviy ortiq mamlakatda hokimiyatga ega emasligi to‘g‘risida nomalar tarqatadi. Aftidan, Musoddiq yana g‘alaba qozongandek ko‘rinayotgan edi...
Biroq to‘ntaruvchilar endi-endi o‘z rejalarini amalga oshirishga kirishayotgandi. MRB shohni qo‘llovchi imomlar va savdogarlar bilan tezkor aloqa o‘rnatadi. Bundan tashqari, armiya ham Muhammadrizo Pahlaviy tomonda edi. 19 avgust kuni Britaniya va Amerika razvedkasi tomonidan uyushtirilgan ommaviy tartibsizliklar boshlanadi. Bir vaqtning o‘zida zirhli texnikaga ega armiya qismlari Tehronga kirib kelishadi va tezda shahardagi asosiy nuqtalarni egallab, Milliy front tarafdorlari namoyishini bostiradi. Musoddiq hibsga olinadi, shoh Eronga qaytadi, to‘ntarish chog‘ida armiyani boshqargan Fazlulloh Zohidiy bosh vazir etib tayinlanadi. Eronda neft qazib olish huquqini asosan Britaniya va Amerika kompaniyalaridan iborat xalqaro konsorsium qo‘lga kiritadi.
Musoddiq yakson etilgach, Eron tezda avtoritarizm botqog‘iga qaytadi. Biroq dunyoviy muxolifat ustidan g‘alaba qozongan shoh va uni qo‘llovchi g‘arb yanada haybatli muxolifat — ruhoniylarni payqamay qolishadi
Musoddiq va Milliy front Ikkinchi jahon urushi davridagi sovet-britaniya okkupatsiyasi yakunlanganidan so‘ng ijtimoiy-siyosiy hayotning liberallashuvi hosilasi edi. Mamlakatda birdaniga jamoatchilik muloqoti va namoyishlarni nafaqat hokimiyatni qo‘llab-quvvatlab, unga qarshi ham o‘tkazish mumkin bo‘lib qoldi. Eron parlamenti 1950-yillarda hukumat qarorlari bo‘yicha bahslashgani, hukumat esa shohga nisbatan muxolifatda bo‘lgani faktining o‘zi mamlakat uchun misli ko‘rilmagan siyosiy plyuralizmdan dalolat berardi.
Biroq liberallashuv juda yorqin va qisqa muddatli chaqin bo‘lib chiqdi. Davlat to‘ntarishi muxolifat shiddat bilan va shafqatsiz yo‘q qilinishiga yo‘l ochdi. Milliy front yetakchilariga nisbatan nisbatan insoniy munosabatda bo‘lishdi: bir necha o‘n kishi o‘lim jazosiga hukm qilindi, lekin ularni tezda o‘rtacha uch yillik qamoq jazosiga almashtirishdi. Musoddiqning taqdiri ham shunday bo‘ldi. Harakatning faqat ikki a’zosi qatl etildi. Ulardan biri — shoh oilasi a’zolari ustidan kulgan gazeta muharriri Karimpur Sheroziyni qamoqxonada tiriklay yoqib yuborishgan.
Hokimiyat «To‘da» partiyasini yanada keskinroq jazolagan. Shoh AQSh tomonidan taklif etilgan choralarni jon-jon deb qabul qilgan: kommunizmni qo‘porib tashlashning yagona yo‘li — ommaviy qatag‘onlar. Davlat to‘ntarishidan so‘ng dastlabki oylar mobaynida partiyaning 2,5 ming a’zosi hibsga olingan, 1954 yilda yana uch ming kishi. 31 kishi qatl etilgan, ulardan 11 nafari qamoqxonada qiynab o‘ldirilgan. 100 dan ortiq kishi umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
Qatag‘onlar davlat to‘ntarishidan keyingi davrdan so‘ng ham tugamagan — o‘shandan boshlab u Eron monarxiyasi siyosiy landshaftining ajralmas qismi bo‘lib qolgan. Muxolifatni, u bilan birga hukmron tizimga qarshi har qanday tahdidni qo‘porib tashlash uchun shoh 1957 yilda AQShning MRB, Britaniyaning MI-6 va Isroilning «Mossad» maxsus xizmatlari bilan birga milliy xavfsizlik bo‘yicha yangi — forscha abbreviatura bilan SAVAK (Sozmoni ittilooti va amniyati kishvar — Davlat axborot va xavfsizlik xizmati) ko‘rinishiga ega tashkilotni tuzadi. Bu tuzilma rejim oppenentlari bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lar, matbuot, kino va kitoblarni senzura qilar, «tizim dushmanlari»ni so‘roqqa tutib, qiynardi.
Milliy front va «To‘da»ning yakson qilinishi ortidan siyosiy vakuum paydo bo‘ldi. Davlatga to‘liq bo‘ysunmaydigan yagona tashkilot shia ruhoniyligi bo‘lib qoldi. Shoh ularda jiddiy tahdid ko‘rmadi va o‘tmish sarqiti sifatida munosabatda bo‘ldi. Albatta, shohni tanqid qilgan yetakchi imomlar qatag‘ondan qutulib qolishmagan. Lekin nazorat organlarining diqqatidan chetda qolgan asosiy narsa — islomiy harakatning tashkiliy va tashviqiy salohiyati bo‘ldi. Muqobil muxolifat to‘liq supurib tashlangan sharoitda aynan masjidlar muxolif birlashuvi markaziga aylandi. Shunday qilib shoh dunyoviy muxolifatni diniy muxolifatga almashtirdi va pirovard oqibatda u bir necha karra xavfli bo‘lib chiqdi.
1970-yillar boshiga kelib, Eron siyosiy tizimi shoh boshchiligidagi tipik diktatura shakliga kelib bo‘lgan edi. Avtoritar og‘ishning oliy cho‘qqisi 1975 yilda bir partiyali tizim e’lon qilinishi bo‘ldi. Demokratiyaning dekorativ atributlaridan ham voz kechgan shoh Eron milliy uyg‘onish partiyasi («Rastaxez»)ni tuzdi, u parlamentning quyi va yuqori palatasidagi barcha joylarni egalladi. Tabiiyki, bu bir partiyali parlament monarxni halokatga yetakladi, chunki 1978–1979 yillarda inqilobiy massalarga qarshi shoh tomonida turadigan boshqa siyosiy kuch topilmadi. Armiya alaloqibat neytralligini e’lon qildi va Islom inqilobiga yo‘l ochdi.
Shoh Muhammadrizo Pahlaviy mamlakatni barqudrat davlatlar aralashuvisiz boshqarish mumkin emas, deb ishonardi. Bu qarashlar Eron xalqida turli qo‘rquvlarni shakllantirdi va bundan oyatulloh Xumayniy ustalik bilan foydalandi
Sovet-Britaniya qo‘shinlari 1941 yilda otasini taxtdan ag‘darishganda Muhammadrizo 21 yoshda edi. Oradan 10 yil o‘tgach u Musoddiq tufayli yangi va yanada kuchli stressni boshidan kechirdi. Shohning hammaslagi Amir Asadulloh A’lam o‘z xotiralarida monarxning 1970-yillar o‘rtalarida aytgan quyidagi gapini keltiradi:
«Urush yillari (ikkinchi jahon urushi davridagi okkupatsiya) aslida u qadar yomon bo‘lmagan, chunki bizda passiv ravishda ko‘nishdan boshqa muqobilning o‘zi bo‘lmagan. Boshqaruvimning, hattoki hayotimning eng yomon yillari Musoddiq bosh vazir bo‘lgan davrlarga to‘g‘ri keladi. Bu yaramas qon istardi va men har kuni ertalab bugun taxtdagi so‘nggi kunimdek uyg‘onardim».
Aftidan, shoh bu dramatik voqealar seriyasidan so‘ng barchasini buyuk barqudrat davlatlar hal qiladi, degan qat’iy xulosaga kelgan. Sovet va Britaniya qo‘shinlari, puli to‘langan mitinglar va tartibsizlik bilan AQSh, xorijiy maxsus xizmatlar — mana, sening hokimiyat tepasida qolish-qolmasligingni hal qiluvchilar. Xalq esa yuz berayotgan hodisalarni jimgina kuzatishga mahkum.
Bu xulosa shoh o‘zining butun hukmronligi davrida yuritgan siyosatining garovi bo‘ldi. Asosiysi — buyuk barqudrat davlatlar bilan urishib qolmaslik. Bu vazifani Muhammadrizo Pahlaviy ajoyib tarzda uddaladi. Eron doim Amerikaning chizgan chizig‘idan chiqmadi va Yaqin Sharqda G‘arb ta’sirining yalovbardori bo‘ldi. Biroq 1970-yillarga kelib Tehron SSSR bilan ham ishchi munosabatlar o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Sovet mutaxassislari mamlakatga kelib, hattoki Isfahonda metallurgiya kombinati ham qurib berishdi. Boshqacha aytganda, shoh o‘z hokimiyatini har tarafdan himoya qila boshladi. Kamida u shunday qilyapman, deb ishonchi komil edi.
Sekin-asta Muhammadrizo xalq o‘z holicha nafaqat biror xavf tug‘dirmasligi, monarxiyani chin dildan sevishini ham bilib oldi. O‘z hukmronligi oxirlarida zamondoshlarining eslashicha, eronliklarning asosiy milliy xususiyati shohga bo‘lgan muhabbat ekani, bu ularning qonida borligiga u astoydil ishongan. Islomiy inqilob davrida jahl otiga mingan olomon ham uni bu fikridan qaytara olmagan. Muhammadrizo Pahlaviy 1979 yilda ham, emigratsiyaga chiqqan davrida ham inqilobni MRB va MI-6 uyushtirgani, chunki bu KGB uchun juda murakkab bo‘lganini qaysarlik bilan ta’kidlayvergan.
1953 yilgi davlat to‘ntarishi nafaqat shohga, oddiy eronliklarning ham qo‘rquviga qo‘rquv qo‘shgan. Eronda azaldan imperialistik kuchlar sifatida Rossiya va Buyuk Britaniya sanalgan. Endi ularning sirasiga AQSh ham suqilib kirgan. Vashington esa bu statusini nafaqat so‘zlarda, balki amalda isbotlash uchun ham ko‘p ishlar qilgan. Musoddiqning kursidan ag‘darilishi Amerika siyosatchilarida xorijiy davlatlardagi hukumatlarni osongina ag‘darish mumkinligi borasida ishonch shakllantirgan. MRB Eronnikiga juda o‘xshash davlat to‘ntarishlarini Gvatemala (1954 yil), Indoneziya (1965 yil) va Chili (1973 yil)da amalga oshirgan. Bularning barchasi AQSh barcha joyda inqilob amalga oshirishni rejalashtirib yuradi, degan qarashlar nafaqat eronliklar, boshqalarda ham shakllanishiga sabab bo‘lgan.
O‘shandan buyon va hozirgi kungacha Eron siyosiy madaniyatida mafkura va ishtiyoqdan qat’i nazar, paranoik kayfiyat hukmron. 1970-yillarning so‘ngiga kelib har bir eronlik haqiqiy hokimiyat «sirli qo‘llar»da, barcha mahalliy siyosatchilar xorijdan boshqariluvchi «qo‘g‘irchoqlar» ekaniga ishonchi komil edi.
Buning zamirida Eron millatining barcha qo‘rquvlarini ajoyib tarzda jamlay olgan oyatulloh Ruxulloh Xumayniyning iste’dodi gullab-yashnadi. Buyuk Britaniya, AQSh va SSSRning imperializmi oldidagi xalq qo‘rquvini u agressiv antisemitizm bilan boyitdi. Lo‘nda va inqiloblarga xos murosasiz shiorlar paydo bo‘ldi: «Amerikaga o‘lim!», «Angliyaga o‘lim!», «Isroilga o‘lim!», «Sovet Ittifoqiga o‘lim!» Bu islom respublikasining boshlang‘ich bosqichida asosiy tashqi siyosiy doktrinaga aylandi va uni xalq ommasi ham jon-jon deb qo‘lladi.
Mavzuga oid
10:05 / 16.11.2024
YeI Rossiya uchun ballistika tufayli Eronga qarshi sanksiyalar tayyorladi
20:37 / 15.11.2024
Isroil Erondagi maxfiy yadro laboratoriyasini yo‘q qildi - OAV
00:51 / 15.11.2024
Pizishkiyon: Eron yadro qurolini yaratmaydi
14:15 / 06.11.2024