Jahon | 22:04 / 01.11.2023
9422
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya sudi Alisher Usmonovning hibsga olingan mulkini qaytarishni buyurdi 

Shu bilan birga, uning Germaniyadagi mulklarida tintuv o‘tkazish maqsadida berilgan orderlar noqonuniy deb topildi. 

Foto: Reuters

Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahri sudi mamlakat Bosh prokuraturasi tomonidan rossiyalik tadbirkor, USM holdingi asoschisi Alisher Usmonovga qarshi tergov harakatlari doirasida hujjatlar va mol-mulkining olib qo‘yilishini noqonuniy deb topdi va egasiga qaytarishni buyurdi. Bu haqda RBK xabar berdi. 

Tadbirkor vakillarining tushuntirishicha, gap 2022 yil kuzida Germaniya prokuraturasi va politsiyasi tomonidan Bavariyaning Rottax-Eggern shaharchasida, Hamburgdagi «Dilbar» yaxtasida, shuningdek, Alisher Usmonovning do‘stiga tegishli kichkina kvartirada o‘tkazilgan tintuvlar paytida olib qo‘yilgan narsalar haqida ketmoqda. 

2023 yil may oyida Frankfurt-Mayn sudi «pul yuvish» ishi bo‘yicha tergov doirasida berilgan to‘rtta orderni noqonuniy deb topdi, deb ta’kidladi Usmonov matbuot xizmati. 

Shuningdek, tadbirkorning advokatlari sudga murojaat qilib, prokuratura tomonidan tintuv chog‘ida olib qo‘yilgan hujjatlar va mol-mulkdan foydalanishni to‘xtatishni talab qilishgan. 26 oktyabr kuni Germaniya sudi bu talabni qondirdi, deyiladi xabarda. 

Usmonovning himoyachilari tadbirkorning ta’qib qilinishini «asossiz va siyosiy motivlashtirilgan» deb atamoqda, hamda «Germaniya huquq-tartibot idoralari tomonidan ko‘plab qonunbuzarliklar sodir etilganiga» ishora qilmoqda. 

Alisher Usmonov 2022 yildan beri Yevropa Ittifoqining sanksiyalari ostida. U sanksiyalarni olib tashlash talabi bilan sudga murojaat qilgan. Germaniya tergov organlari Usmonovni pul yuvish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda gumon qilmoqda. Spiegel yozganidek, tergovchilar tadbirkor 2014-2022 yillar oralig‘ida 555 million yevro miqdoridagi soliqlarni to‘lamagan deb hisoblashmoqda. Usmonov barcha ayblovlarni qat’iyan rad etyapti. 

2023 yil yozida Frankfurt-Mayn sudi Usmonovning myunxenlik advokatlari idoralarida o‘tkazilgan tintuvlarni noqonuniy deb topgan edi. Tadbirkor vakilining aytishicha, nemis sudining qarori milliarderga qo‘yilgan ayblarning «asossizligi»ni tasdiqlaydi.

Mavzuga oid